Sport | 21:07
1711
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronning jahon chempionatidagi ishtiroki o‘rinli emasligini aytdi

Oq uy rahbari so‘zlariga ko‘ra, bu ularning «hayoti va xavfsizligi» uchun muhim.

Foto: Shutterstock

AQSh prezidenti Donald Tramp futbol bo‘yicha Eron milliy jamoasining jahon chempionatidagi ishtiroki o‘rinli emasligini aytdi.

«Eron milliy jamoasi jahon chempionatida mamnuniyat bilan kutib olinadi, lekin men haqiqatan ham ularning hayoti va xavfsizligi uchun u yerda bo‘lishini o‘rinli deb hisoblamayman», deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqda.

Avvalroq, Eron sport vaziri Ahmad Dunyomoli xavfsizlik masalalari va AQSh bilan urush sababli milliy jamoaning jahon chempionatidagi ishtiroki imkonsiz ekanini aytgan edi.

«Bu korrupsiyalashgan hukumat rahbarimizni o‘ldirganidan so‘ng, jahon chempionatida ishtirok etishimizga imkon beradigan hech qanday sharoit qolmadi. Eronga qarshi olib borilgan dushmanlik harakatlari fonida bizga qarshi ikki marta urush olib borildi va bir necha ming fuqaromiz o‘ldirildi. Bunday sharoitda bizda ishtirok etish imkoniyati yo‘q», dedi u.

Hozircha bu haqda rasmiy qaror qabul qilinmagan. Eron futbol federatsiyasi va FIFA bu xabar yuzasidan izoh bermadi.

Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Eron milliy jamoasi Osiyo saralashi uchinchi bosqichida O‘zbekiston bilan bir guruhda qatnashgan va birinchi o‘rin bilan mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Qur’a natijalariga ko‘ra Eronga G guruhida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya jamoalar raqib bo‘lgandi. Eronliklarning guruh bosqichidagi barcha o‘yinlari AQShda, ikki o‘yin Los-Anjyelesda, yana bittasi – Sietlda bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid