Iqtisodiyot | 11:14
539
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Regulyatorga ko‘ra, ayrim oziq-ovqat narxlari oshishi hisobiga inflatsiya pasayishi sekinlashib, bazaviy inflatsiya oshgan. Yalpi talab hisobiga yuqori iqtisodiy faollik saqlanib turibdi. Geosiyosiy keskinliklar kuchayishi global ta’minot uzilishlari, energiya va oziq-ovqat narxlari hamda logistika xarajatlari oshishiga olib kelib, import orqali ichki inflatsiyaga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin, deyiladi MB bayonotida.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 18 mart kungi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.

“So‘nggi oylarda ayrim oziq-ovqatlar narxlari oshishi hisobiga umumiy inflatsiya darajasining pasayuvchi trendi sekinlashib, o‘zgarishsiz saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, yuqori iste’mol faolligi saqlanib qolayotgani va tashqi sharoitlarda narxlarga oshiruvchi xatarlar kutilayotgani inflatsiyani o‘rta muddatli target darajasigacha pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etmoqda”, – deyiladi regulyator izohida.

Markaziy bank press-relizi

2026 yil boshidan iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning muayyan tezlashishi kuzatildi. Natijada bazaviy inflatsiya o‘suvchi trayektoriyaga o‘tib, fevral oyida yillik 6,3 foizni tashkil etdi. Mavsumiy omillar ta’siri kamayishi hisobiga umumiy inflatsiya sezilarli o‘zgarishsiz 7,3 foiz darajada shakllandi.

O‘z navbatida, oziq-ovqatlar narxlaridagi o‘sish inflyatsion kutilmalarning yuqori saqlanib qolishiga xizmat qilmoqda.

Iqtisodiyotda faollik yalpi talab hisobidan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu chakana va ulgurji savdo aylanmasi dinamikasida, ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari sonida hamda budjet xarajatlari ijrosida namoyon bo‘layapti. Mazkur omillar sanoat, xizmatlar va qurilish sohalarida o‘sish sur’atlarining barqaror davom etishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Mazkur davrda ishlab chiqaruvchilar narxlarining sezilarli o‘sishi kuzatildi. Yuqori talab fonida bu kelgusi davrlarda ishlab chiqaruvchilar xarajatlarining yakuniy narxlarga o‘tib borishi va ularning iste’mol narxlarida aks etishi ehtimolini oshiradi.

Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy keskinliklarning kuchayishi ham narxlarga oshiruvchi xatarlarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar natijasida jahon bozorida kutilayotgan energiya resurslari va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi, shuningdek, logistika kanallaridagi o‘zgarishlar tufayli tashish xarajatlarining ortishi kuzatilishi mumkin. Bu esa kelgusida import narxlari orqali ichki inflatsiyaga qo‘shimcha bosimlarning shakllanishiga sabab bo‘ladi.

Asosiy savdo hamkorlari valutalarining nisbatan barqaror shakllanishi bo‘yicha ijobiy kutilmalar yaxshilanishi, oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari o‘sishining barqaror davom etishi milliy valutaning real almashuv kursiga nisbatan sezilarli bosimlar yuzaga kelmasligini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiyotda kreditlash sur’atlarining bosqichma-bosqich me’yorlashuvi kuzatilmoqda. Pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi iste’mol kreditlari segmentida makroprudensial choralarning qo‘llanilishi bilan birgalikda yalpi talab mutanosibligini ta’minlashga xizmat qiladi va narxlarga bo‘lgan ortiqcha bosimni pasaytiradi.

Yuqoridagi omillarni inobatga olib narxlar barqarorligini ta’minlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish zarur deb hisoblandi.

Markaziy bank kelgusida ham inflatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Yuqorida qayd etilgan omillar yuzaga kelishi natijasida inflatsiya target darajasiga erishishining kechikishi xatari paydo bo‘lgan taqdirda pul-kredit sharoitlari yanada qat’iylashtirilishi mumkin.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yil 29 aprel kuniga belgilangan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid