Iqtisodiyot | 19:21
584
2 daqiqa o‘qiladi

«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda

Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: president.kg

«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda, bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirda aytdi.

«Agar hozir Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi «boshi berk» mamlakatda yashayotgan bo‘lsak, Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi yakunlanishi bilan biz tranzit davlatiga aylanamiz», dedi u.

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, ushbu keng ko‘lamli loyihaning amalga oshirilishi yangi tranzit aloqalarini ochadi va mintaqaning xalqaro ahamiyatini oshiradi. Qirg‘izistonda yuklarni yetkazib berish vaqti sezilarli darajada qisqaradi, bu esa yangi bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Temir yo‘l tarmog‘ining rivojlanishi ichki aloqalarni mustahkamlab, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizmga kuchli turtki beradi.

«Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi mintaqadagi texnik va muhandislik jihatdan eng murakkab loyihalardan biridir. Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu - jami yo‘lning qariyb 40 foizi tunnel va ko‘priklar orqali o‘tadi, degani. Qirg‘iziston hududida temir yo‘lning umumiy uzunligi 304 kilometrni tashkil etadi.

Temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Ushbu mablag‘ning yarmi – taxminan 2,3 milliard dollar Xitoy tomonidan Qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit sifatida taqdim etiladi. Qolgan 2,3 milliard dollar uch davlat tomonidan kompaniya ustav kapitaliga quyidagicha nisbatda kiritiladi: Xitoy - 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston - har biri 24,5 foizdan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid