Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda 2030 yilgacha ikkita islomiy bank ochilishi ma’lum qilindi
Prezident huzuridagi taqdimotda aytilishicha, joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026-2030 yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Bu orqali 5 yil ichida qo‘shimcha 1 mlrd dollar investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratiladi.
Foto: Kun.uz
25 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev islomiy moliya xizmatlarini joriy etishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda aytilishicha, O‘zbekistonda quyidagi islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda:
- tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish – murobaha;
- foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini jalb etish – muzoraba;
- vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki jalb etish – vakala;
- tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali moliyalashtirish – salam va istisno;
- birgalikdagi faoliyat orqali mijozni moliyalashtirish – mushoraka;
- mol-mulkni islomiy ijaraga berish;
- qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa islomiy moliya instrumentlar.
Bunda:
- sotilgan tovar ustamasiga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmaydi;
- investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod qilinadi;
- islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara va lizingga tenglashtiriladi.
Sohada tizimli boshqaruvni ta’minlash maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuziladi. Ushbu kengashlar standartlar ishlab chiqish, me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ko‘maklashish, bahsli masalalarga izoh berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni ko‘rib chiqish, muvofiqlik ustidan nazoratni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026-2030 yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan.
Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026-2030 yillarda qo‘shimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, islomiy banklar faoliyatini joriy etishga oid qonun joriy yil 5 fevral kuni Senatda ma’qullangan edi.
Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi
Enterprise Uzbekistan uchun maxsus huquqiy rejim 2100 yilgacha amal qiladi
Mavzuga oid
20:42
500 dollargacha naqd valutani bankka pasport taqdim etmasdan olishga ruxsat berilishi mumkin
19:03 / 24.03.2026
Naqdsiz tizimga o‘tishda kartani to‘ldirish komissiyasi bekor qilinishi kerak - iqtisodchi
20:23 / 21.03.2026
An’anaviy va islomiy bank: ularning farqi nimada?
18:22 / 21.03.2026