Sport | 21:02 / 27.03.2026
6679
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi

Toshkentda FIFA Series 2026 xalqaro futbol turniri boshlandi. 1-turda O‘zbekiston va Gabon bellashdi. Eldor Shomurodov, Jahongir O‘rozov va Alisher Odilov gollari milliy jamoaga irodali g‘alabani keltirdi.

Foto: UFA

Toshkentda FIFA Series 2026 xalqaro futbol turniri boshlandi. Unda O‘zbekistondan tashqari Gabon, Trinidad va Tobago, shuningdek, Venesuela ham ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston milliy jamoasi 1-turda Afrika qit’asi vakili Gabon bilan o‘ynadi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

6-daqiqadayoq mehmonlar Averlant goli evaziga hisobni ochdi. Biroq, Fabio Kannavaro shogirdlari o‘yinda burilish yasab, Eldor Shomurodov (14-daqiqa), Jahongir O‘rozov (59) va Alisher Odilov (90+4) gollari evaziga irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.

IFA Series 2026
27 mart, Toshkent, «Bunyodkor» stadioni
O‘ZBeKISTON – GABON 3:1

Gollar: Teddi Averlant, 6 (0:1), Eldor Shomurodov, 14 (1:1), Jahongir O‘rozov, 59 (2:1), Alisher Odilov, 90+4 (3:1)
O‘zbekiston: O‘tkir Yusupov, Hojiakbar Alijonov (Behruz Karimov 76), Rustam Ashurmatov, Otabek Shukurov (Umarali Rahmonaliyev 90+2), Odil Hamrobekov (Akmal Mozgovoy 76), Aziz G‘aniyev (Doston Hamdamov 76), Oston O‘runov (Alisher Odilov 76), Sherzod Nasrullayev (Farruh Sayfiyev 90+2), Eldor Shomurodov (Igor Sergeyev, 88), Umar Eshmurodov, Jahongir O‘rozov.
Gabon: Fransua Bekale, Nze Bagnama (Noa Lemina 82), Yohan Obiang, Teddi Averlant (Edlin Matouti 82), Urie Mbula, Shevi Babika, Omfia Mik, David Sambissa (Ben Kabinambele 46), Jyeremi Oyono, Dide Ndong.
Ogohlantirish: Kanga (69)

Turnirning yana bir o‘yinida Venesuela 4:1 hisobida Trinidad va Tobagoni yengdi.

Yakuniy tur o‘yinlari 30 mart kuni o‘tkaziladi.

- 15:00 Gabon – Trinidad va Tobago («Paxtakor» stadioni)

- 19:00 O‘zbekiston – Venesuela («Bunyodkor» stadioni)

FIFA Series 2026 turnirlari o‘rtoqlik o‘yinlari o‘rnini bosishi nazarda tutilgan va butun dunyo bo‘ylab o‘tkaziladi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarga O‘zbekistondan tashqari, Avstraliya, Ozarboyjon, Indoneziya, Qozog‘iston, Yangi Zelandiya, Puerto-Riko, Ruanda mezbonlik qiladi. Ayollar o‘rtasidagi musobaqalar Braziliya, Kot-d'Ivuar va Tailandda bo‘lib o‘tadi.

Turnirlarda ishtirok etayotgan beshta erkaklar milliy jamoasi - Avstraliya, Kabo-Verde, Kyurasao, Yangi Zelandiya va O‘zbekiston 2026 yilgi jahon chempionati ishtirokchisi sanaladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid