Uyqusiz tunlardan $385 000 gacha: MITʼdan 100 foiz grant yutgan sirdaryolik Asilbek Sunnatov
Asilbek Sunnatov
MITʼdan 100 foiz grant yutgan sirdaryolik yigit hikoyasi
Asilbek oʻrta sinfdaligida poytaxtga keladi va oʻqishini Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda davom ettiradi. U tinimsiz mehnati orqali ketma-ket fan olimpiadalarida sovrindor boʻladi. Yutuqlari uchun Nexia 3 avtomobili hamda 620 mln soʻmdan ortiq mablagʻ bilan mukofotlanadi. 2026-yilning fevral oyida esa u dunyoning birinchi raqamli oliygohi Massachusetts Institute of Technology’ga 100 foiz grant asosida qabul qilindi. Bu OTM unga oʻqish xarajatlarini qoplash uchun 385 ming dollar mablagʻ ajratishini anglatadi. Asilbek Kun.uz bilan suhbatda dunyoga mashhur taʼlim muassasiga toʻliq grant yutishni qanday uddalagani, tayyorgarlik jarayoni va boshqa jihatlar haqida gapirib berdi.
2007-yilda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan Asilbek bolaligidan matematikaga qiziqqan. Uning fanga ishtiyoqi onasining maktabda oʻqituvchi boʻlishi bilan bogʻliq. Kichikligidan kitoblar oʻqish bilan shugʻullanib, mustaqil mashqlar qilgan.
«Oyim matematikadan kitoblar olib kelardilar, oʻzlari menga dars oʻtardi. Shu sabab fanga qiziqishim ortgan. Boshlangʻich maktabni yaxshi baholar bilan tugatdim. Toʻrtinchi sinfni bitirgach, oldimda muhim savol paydo boʻldi: qayerda oʻqishni davom ettiraman? Ikki tanlov bor edi: Gulistondagi xorijiy tillar maktabi yoki Toshkentdagi ixtisoslashgan maktablar. Ancha vaqt oʻyladim. Internetdan kunlab taʼlim muassasalarini izladim, telefon qilib maʼlumotlar soʻradim. Oxiri Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabni topdim. Bu yerda informatika va matematika fanlari chuqurlashtirilgan holda oʻqitilardi. Mazkur maktabga hujjat topshirdim va imtihondon oʻtib, oʻqishga qabul qilindim.
Maktabga borgach, bir narsani tushundim: men oʻzim oʻylaganchalik kuchli emas ekanman. Avvalgi maktabimda eng yaxshi oʻquvchilardan biri edim, lekin bu yerda hatto oson masalalarni ham ishlay olmay qolgan paytlarim boʻlgan. Bu holat meni ancha oʻylantirib qoʻydi. Lekin aynan shu paytda ustozim Kamoliddin aka koʻproq yordam berdi. Ular mening potensialimni koʻrib, olimpiada masalalarini oʻrgata boshladi”, – deydi u.
Muvaffaqiyatsizlik - toʻxtash degani emas.
Maktab yillarida Asilbek Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan respublika olimpiadasida gʻolib boʻlib, Nexia 3 avtomobilini yutib oldi. 2025-yilda esa Boliviyaning Sukre shahrida oʻtgan 37-xalqaro informatika olimpiadasida kumush medal sohibi boʻldi va 620 million soʻmdan ortiq pul bilan mukofotlandi.
9-10-sinfda xalqaro olimpiadalardan medal ololmaganim qiziqishimni soʻndirmadi, aksincha kuch berdi
“Olimpiada men uchun shunchaki musobaqa emas edi. Boshlanishida natijalar yaxshi boʻlmagan. Baʼzilarida yutqazib qaytganman. Shunday paytlarda odam “balki bu yoʻl menga emasdir”, deb oʻylab qoladi. 7-sinfdan fanga yanada koʻproq vaqt ajrata boshladim. Shu paytda Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan respublika olimpiadasida qatnashdim. Bu olimpiadada 5-7-sinflar orasida gʻolibga Nexia 3 avtomashinasi berilishi aytilgandi. Olimpiadada ikkinchi kun imtihon tugagach, bir payt doʻstlarim orqadan baqirib qoldi: “Asilbek, sen birinchi oʻrinni olibsan!” deyishdi. Dastlab ishonmadim. Natijalar roʻyxatini koʻrsatishgach, haqiqatan ham birinchi oʻrinda ekanimni bildim, oʻsha paytda koʻzimdan yosh chiqib ketgandi. Avtomobil topshirilgan vaqtda dadam hayajondan mashinani ham qoʻzgʻatolmay qolgani esimda. Keyin tushundimki, olimpiadadagi natijalar yakun emas, balki keyingi imkoniyatlar uchun eshik ekan. Maktabni tugatib, universitetlar haqida jiddiy oʻrganishni boshladim. Internetdan turli oliygohlar dasturlarini koʻrdim, talablarini oʻqidim, talabalarning tajribalarini oʻrganishga harakat qildim”, – deydi Asilbek.
“Bir yilga tanaffus qildim, bu vaqt ichida ingliz tili darajamni oshirib oldim, insho yozish qobiliyatlarimni rivojlantirdim. Avgustdan dekabrgacha kuniga 10 soatdan oshiq kuchli tayyorgarlik koʻrdim. Birinchi SAT imtihonida 1250 ball olgan edim. Keyin haftada olti marta, kuniga besh soatdan dars olib, ikki yarim oy ichida koʻrsatkichimni 1450 ballga koʻtardim. Dekabrda esa qayta topshirib, 1540 ball oldim. IELTS imtihonida 7,5 ball toʻpladim. Bundan tashqari, turli loyihalarda qatnashib, portfoliomni boyitdim”, – deydi u.
Asilbek shu vaqtgacha 9 ta nufuzli oliygohga hujjat topshirgan. Shularning orasida fan va texnologiya boʻyicha dunyoning birinchi raqamli oliygohi – MIT’dan 100 foiz grant asosida oʻqishga qabul qilinganlik xatini olgan. Universitet unga oʻqish xarajatlarini qoplash uchun $385 000 mablagʻ taqdim etishini maʼlum qilgan.
Suhbat davomida Asilbek imtihonda qanday savollar tushgani, portfoliosini aynan nimalar bilan boyitgani qabul jarayonida ustunlik bergani hamda maqsadlari haqida gapirib berdi.
Intervyuni toʻliq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin!