Jamiyat | 22:25 / 31.03.2026
1712
6 daqiqa o‘qiladi

Namanganda ayol ukol olayotganda vafot etdi

Yangiqo‘rg‘on tumani Birlashgan qishlog‘ida yashovchi 39 yoshli Munojot To‘raboyeva oilaviy shifokor punktida qon ko‘paytiruvchi osma ukol olayotgan payti vafot etdi. Yaqinlari u sog‘lom, tetik bo‘lganini aytmoqda. Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, marhuma unga o‘tgan yili berilgan preparatni olib kelgan, dorining yaroqlilik muddati o‘tmagan. O‘limga ekspertiza aniqlik kiritishi kutilyapti. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

Baxtsiz hodisa 28 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli G‘ovazon oilaviy shifokorlik punktida bo‘lgan.

Marhum Munojot To‘raboyeva kunlik ishlarda mehnat qilgan. Davlat tomonidan bepul beriladigan qon ko‘paytiruvchi preparatlarni olib kelgan. Bunday preparatlardan navbatdagisi unga o‘tgan yili sentabr oyida, keyinroq esa joriy yil 4 mart kuni berilgan.

Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, To‘raboyevaga o‘tgan yili sentabrda “Ferlek”, joriy yil mart oyida esa “Neofer” nomli qon ko‘paytiruvchi preparatlar berilgan. U vafotidan 3-4 kun oldin uch kunlik “Neofer” kursini yakunlagan. Lekin 28 mart kuni yana punktga kelib, tanasida og‘riqlar borligidan shikoyat qilgan va sentabrda berilgan “Ferlek”dan bir dona qolib ketgani, uni uyida saqlab kelgani, joriy kursning davomi sifatida ana shu bir donani ham ishlatib yuborishni so‘ragan.

Vrach nazoratida oling, bizga mumkin emas, deb aytdim. Lekin “yo‘lkira qilib borib-kelishga pulim yo‘q” deganidan keyin, rahmim kelganidan ulab qo‘ydim. Ulashdan oldin “Ferlek”ning yaroqlilik muddatini ko‘rdim – 2026 yil oktyabrgacha. Natriy xlorniki 2027 yilgacha.

Oldin ham qon ko‘paytiruvchi dorini boshqa joyda olganida, sal mazasi qochgan ekan. Biz birinchi yordam uchun hech narsa qilolmadik, buning uchun zarur hech narsamiz yo‘q”, – dedi marhumga ukol ulagan hamshira Gulbahor Ergasheva.

Oilaviy shifokor Xudoyberdi Alijonovga ko‘ra, oilaviy shifokor punktlarida doim ham vrach bo‘lavermaydi – kadrlar yetishmovchiligi bor. Uning o‘zi o‘sha paytda G‘ovazon mahalla tibbiyot punktida (mahallaning asosiy tibbiy maskani) bo‘lgan, hamshiralarning chaqiruviga asosan chekkaroq joyda joylashgan oilaviy shifokor punktiga yetib borganida ayol vafot etgan bo‘lgan.

Mutaxassis sifatida hozir aniq xulosa aytolmayman. Hali ekspertiza xulosasi yo‘q. Dori reaksiya berdimi yoki o‘zida qandaydir boshqa kasallik bo‘lganmi, aniq ma’lumot yo‘q”, – deydi shifokor.

Biz marhumning yaqinlari bilan ham suhbatlashdik. Ular Munojot To‘raboyeva sog‘lom va tetik bo‘lganini aytmoqda.

Ovsinim poliklinikaga sog‘lom holatda o‘z oyog‘i bilan yurib kelib, shifokorlar tomonidan berilgan osma ukol olishi natijasida vafot etdi. U baquvvat ayol edi. Kunlik ishda ishlardi. Turmush o‘rtog‘i Toshkentda ishlagani uchun ro‘zg‘or ishlarini ham o‘zi bajarardi. Tetikligidan qopdagi unni ham ko‘tara olardi.

Eng achinarlisi, u kenja o‘g‘li yonida jon berdi. O‘g‘li onasining jon berayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.

Oilaviy poliklinikamiz abgor holatda, hatto qon bosimini o‘lchagich ham yo‘q. Oddiy termometri ham yo‘q edi. Ovsinimning o‘lganini ko‘rib o‘zimning ham mazam qochib qoldi, oddiy glitsin ham topib berisha olmadi. O‘sha kuni poliklinikada to‘rt hamshiradan boshqa vrach ham bo‘lmagan. Muolajadan avval shifokor ko‘rigidan o‘tmagan. Sizlarning kelishlaringni bilishib yangi, toza o‘rindiq va yotoqlar tayyorlab qo‘yishibdi. Ovsinim o‘lgan kuni yotgan to‘shagini ham ko‘rib bo‘lmas darajada iflos edi”, – deydi ovsini Nargiza Tursunova.

Turmush o‘rtog‘i Botir Tursunov rafiqasi bilan vafotidan taxminan 20 daqiqa avval telefonda gaplashgan.

Toshkentda ishlayman. O‘sha kuni turmush o‘rtog‘im ishga chiqmagan ekan. Telefon qilib bugun bo‘shman, poliklinikaga chiqib ukolimni olsam maylimi, 20 daqiqada uyga qaytaman dedi. Xo‘p, mayli dedim. Oradan biroz vaqt o‘tib, qo‘shnim telefon qildi: “Ayolingizning mazasi qochib og‘irlashib qoldi, tez yetib kelmasangiz bo‘lmaydi”.

Turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qilsam, telefon o‘g‘limning qo‘lida ekan. “Dada, ayam...” deganidan keyin telefonni bir ayol olib, xotinim o‘lganini aytdi. Ekspertizadan chiqishiga men ham qishloqqa yetib bordim.

Ikki o‘g‘lim bor. O‘sha kuni 1-sinfda o‘qiydigan kichik o‘g‘lim bilan poliklinikaga birga borishgan ekan...

Turmush o‘rtog‘im sog‘lom edi. Shu ishni qilganlar javobini bersin. Ikki farzandim yetim qoldi. Bugun bilinmayapti, ertaga bilinmas, indinga “onam qayerda?” desa nima deb javob beraman? Ayolim poliklinikaga sog‘lom kelgan. O‘limidan 20 daqiqa oldin ham gaplashgan edim”, – deydi u.

Holat bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid