Jahon | 07:36
2062
4 daqiqa o‘qiladi

Jahon iqtisodiyoti uchun eng muhim 8 suv yo‘li

Sun’iy suv yo‘llari - Panamadagi tor shlyuzlardan tortib, Xitoyning ulkan Buyuk kanaligacha - jahon savdosining asosini tashkil etadi. Ular dengiz yo‘nalishlari va iqtisodiy oqimlarni qayta shakllantiradigan muhim “qisqa yo‘llar” sifatida xizmat qiladi.

Foto: Sayed Hassan / Getty Images

Marine Insight nashri keltirgan dengiz tahlillari va soha ma’lumotlariga ko‘ra, kanallar dengizlar, daryolar va sanoat hududlari o‘rtasidagi strategik bog‘lovchi bo‘g‘inlardir. Ular tranzit vaqtini va yonilg‘i xarajatlarini qisqartiradi, shu bilan birga uzunroq tabiiy yo‘nalishlarga tushadigan bosimni ham kamaytiradi.

Panama kanali uzunligi taxminan 82 kilometr bo‘lib, dunyodagi eng iqtisodiy ahamiyatga ega suv yo‘llaridan biri bo‘lib qolmoqda. U Atlantika va Tinch okeanlarini bog‘laydi va kemalarni Janubiy Amerika atrofidan, Xorn buruni orqali uzoq va xavfli aylanma yo‘ldan xalos qiladi. Uzunligi nisbatan qisqa bo‘lsa-da, uning geosiyosiy va tijoriy ahamiyatini ortiqcha baholab bo‘lmaydi.

Shunga o‘xshash vazifani Germaniyadagi Kil kanali ham bajaradi, uning uzunligi 98 kilometrdan ortiqroq. Bu dunyodagi eng serqatnov sun’iy suv yo‘llaridan biri bo‘lib, kemalarga Daniya bo‘g‘ozlarini aylanib o‘tish imkonini beradi hamda Shimoliy va Boltiq dengizlari o‘rtasidagi safar vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi.

Rossiyadagi Volgo-Don kanali uzunligi 101 kilometr bo‘lib, Kaspiy dengizi havzasini global dengiz yo‘nalishlari bilan bog‘lashda muhim vazifani bajaradi. U mintaqaviy savdoni qo‘llab-quvvatlaydigan keng ichki transport tizimining bir qismi hisoblanadi.

Undan shimolroqda Shvetsiyadagi tarixiy Gyota kanali joylashgan bo‘lib, uning uzunligi taxminan 193 kilometr. Bugungi kunda u avvalgidek ustun tijoriy ahamiyatga ega emas, ammo hamon muhandislikning yorqin yutug‘i va muhim madaniy suv yo‘li bo‘lib qolmoqda.

Misrdagi Suvaysh kanali ham taxminan 193 kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, jahon savdosining asosiy tayanch nuqtalaridan biri hisoblanadi. U Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa dengiz yo‘lini ta’minlaydi va jahon konteyner tashuvlarining katta qismini qabul qiladi. So‘nggi yillarda uning ishida kuzatilgan uzilishlar global ta’minot zanjirlari va energiya resurslari tashuvidagi hal qiluvchi ahamiyatini yaqqol ko‘rsatdi.

Bundan ham uzun ichki tizimlar — masalan, AQShdagi Illinoys suv yo‘li (540 kilometrdan ziyod) va Eri kanali (taxminan 582 kilometr) — ichki savdo uchun kanallarning naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Bu suv magistrallari eng yirik daryo tizimlari va sanoat markazlarini bog‘lab, don, ko‘mir va neft mahsulotlari kabi ommaviy yuklarni tashishni ta’minlaydi.

Nihoyat, bularning barchasidan uzunroq bo‘lgani — Xitoyning Buyuk kanali. Uning uzunligi taxminan 1777 kilometr, Pekin, Xanchjou va Nantungacha bo‘lgan tarmoqlari bilan esa 2470 kilometrga yetadi. Dunyodagi eng uzun kanal sifatida e’tirof etilgan ushbu suv yo‘li Pekindan Xanchjougacha bo‘lgan asosiy iqtisodiy hududlarni bog‘laydi. Buyuk kanal asrlar davomida ichki savdoni qo‘llab kelgan va bugungi kunda ham suv transporti hamda mintaqaviy rivojlanishda muhim o‘rin tutadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid