Iqtisodiyot | 21:34
702
5 daqiqa o‘qiladi

Mart oyidagi inflatsiya: qaysi mahsulot qanchaga qimmatlashdi?

O‘tgan oyda asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan tuxum 2,1 foizga, suyakli mol go‘shti 1,8 foizga, shakar narxi 1,7 foizga, qo‘y go‘shti va suyaksiz mol go‘shti 1,2 foizga oshdi. «2026 yil mart oyida mol go‘shti narxlarining o‘zgarishi ham import, ham mahalliy mol go‘shtiga nisbatan qayd etildi. Bunda respublika bo‘yicha eng arzon mol go‘shti narxlari o‘rtacha bir kilogramm uchun 5 000 so‘m atrofida qimmatlashdi», deyiladi Statqo‘m hisobotida.

Foto: Ramiz Baxtiyarov

2026 yil mart oyida narxlar oshishi 0,6 foizni tashkil etib, yillik inflatsiya 7,1 foizga teng bo‘ldi, deya ma’lum qildi Milliy statistika qo‘mitasi.

2025 yilning martida oylik inflatsiya 0,9 foiz, yillik ko‘rsatkich 10,3 foiz bo‘lgandi. Shunga ko‘ra, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan narx-navolar oshishi 3,2 foiz punktiga sekinlashdi.

Statqo‘m hisobotiga ko‘ra, o‘tgan oyda oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlar 0,3 foizga qimmatlashdi. Xizmatlar inflatsiyasi esa 0,2 foizni tashkil etdi.

Oziq-ovqatlar

Mart oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan tuxum — 2,1 foiz (2025 yil mart oyiga nisbatan +17 foiz), suyakli mol go‘shti — 1,8 foiz (+15,1 foiz), qo‘y go‘shti — 1,2 foiz (+18,2 foiz), suyaksiz mol go‘shti — 1,2 foiz (+15,5 foiz), tirik va sovitilgan baliq — 1,7 foiz (+5,3 foiz), shakar — 1,7 foiz (+0,8 foiz), sut — o‘rtacha 0,3 foiz (+5,2 foiz), un — o‘rtacha 0,6 foiz (+3,4 foiz) va o‘simlik yog‘i narxlari o‘rtacha 0,9 foizga (+13,3 %) qimmatlashdi.

«2026 yil mart oyida mol go‘shti narxlarining o‘zgarishi ham import, ham mahalliy mol go‘shtiga nisbatan qayd etildi. Bunda respublika bo‘yicha eng arzon mol go‘shti narxlari o‘rtacha bir kilogramm uchun 5 000 so‘m atrofida oshdi», deyiladi hisobotda.

Shu bilan birga, oy davomida guruch va guruch oqshog‘i 0,4 foiz (yillik nisbatda -12,3 foiz), parranda go‘shti 0,3−0,4 foizga (+5,9−7,1 foiz) arzonlashdi.

Meva-sabzavotlar ichida pomidor — 11,5 foiz (2025 yilning martiga nisbatan -6,5 foiz), bulg‘or qalampiri — 10 foiz (-10 foiz), kartoshka — 9,8 foiz (+16,3 foiz), qovoq — 9,4 foiz (-51,9 foiz), olma — 7,4 foiz (+19,9 foiz) va banan — 6 foizga (+7,4 foiz) qimmatlashdi. O‘z navbatida , bodring narxi — 20,7 foiz (-19,1 foiz), karam narxi — 4,7 foiz (+2,8 foiz), piyoz narxi — 4,6 foiz (-9,2 foiz) va sabzi narxi — 1 foizga (-6,9 foiz) pasaygan.

Transport

Mart oyi davomida benzin uchun o‘rtacha narxlar 0,9 foiz (2025 yil mart oyiga nisbatan +9,2 foiz)ga pasaydi. Bunda, benzinning AI-92 markasi — 0,9 foiz, AI-95 markasi — 1,3 foiz, AI-98 va AI-100 markalari esa — 0,5 foizga arzonlashdi. Propanning narxi oy davomida 3,2 foiz (2025 yil martiga nisbatan +9,6 foiz)ga arzonlashib, 1 litr uchun yuqori narx chegarasi 8 400 so‘mni tashkil etdi.

O‘tgan oyda metan narxi fevral oyi darajasida kuzatildi, biroq 2025 yil martiga nisbatan 30,3 foizga yuqori darajada saqlanib qoldi. Shaxsiy transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari 0,9 foiz (yillik nisbat +7 foiz), avtoturargohlar xizmati 0,7 foiz ( +12,6 foiz)ga qimmatlashdi.

Yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari orasida milliy valutaning yevro va Shveytsariya frankiga nisbatan mustahkamlangani tufayli narxlar va tariflar pasayishi kuzatilgan. Xususan, kuzatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha aviaparvozlar narxi o‘rtacha 4,1 foizga, uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar chiptalari esa 0,5 foizga arzonlashgani qayd etildi. Xalqaro avtobuslarda va shunga o‘xshash tashuvlarda yo‘lkira haqi 1,4 foizga, taksi xizmatlari 0,4 foizga, yuk tashish xizmatlari esa o‘rtacha 0,4 foizga oshgani qayd etildi. 

Shuningdek, hisobot davrida maishiy chiqindilarni olib ketish xizmatlari 0,9 foizga (yil davomida +28,7 foiz) qimmatlashdi. Turar joy ijarasi 0,2 foiz (+2,2 foiz), dori-darmonlar 0,7 foiz (+4,6 foiz), xususiy bolalar bog‘chalari uchun to‘lovlar 0,8 foizga (yil davomida +4,8 foiz) oshdi.

Hududlari kesimidagi inflatsiya

Mart oyi yakunlariga ko‘ra eng yuqori inflatsiya Farg‘ona viloyatida qayd etildi: 7,5 foiz. Xorazm viloyatida iste’mol narxlari o‘rtacha 7,4 foizga, Namangan, Buxoro viloyatlarida esa 7,3 foizga o‘sdi.

Eng past inflatsiya Jizzax viloyatida: 6,4 foiz. Toshkent viloyatida 6,8 foizlik, Toshkent shahrida 6,9 foizlik inflatsiya qayd etildi.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid