Jamiyat | 23:21 / 08.04.2026
1254
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoga mashhur brendlar O‘zbekistonda kontrafakt mahsulot bo‘yicha sud ishida yutib chiqdi

Surxondaryoda Hugo Boss, Puma va Tommy Hilfiger brendlaridan noqonuniy foydalangan korxona jazolandi.

Foto: inkl

1 aprel kuni Surxondaryo viloyati iqtisodiy sudida “Hugo Boss AG” (Germaniya), “Puma SE” (Germaniya) hamda “Tommy Hilfiger Licensing B.V” (Niderlandiya) kompaniyalari vakili tomonidan kiritilgan da’vo arizasiga asosan xalqaro brendlar — Hugo Boss, Puma va Tommy Hilfiger tovar belgilarini himoya qilish bo‘yicha ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Sudda aniqlanishicha, javobgar brend egalari bilan hech qanday litsenziya shartnomasi tuzmasdan tovar belgilaridan noqonuniy ravishda foydalangan, kontrafakt mahsulotlarni savdoga chiqargan va faol reklama qilgani tasdiqlandi. Xabarda javobgar nomiga aniqlik kiritilmagan.

Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga tovar belgilaridan noqonuniy foydalanishni to‘xtatish, kontrafakt mahsulotlarni muomaladan chiqarish va yo‘q qilish, shuningdek noqonuniy qo‘llangan belgilarni mahsulot va qadoqlardan olib tashlash majburiyati yuklatilgan.

Shuningdek, huquqbuzardan kompaniyalarlar foydasiga jami 61,8 mln so‘m kompensatsiya hamda davlat boji, pochta va sud xarajatlari bilan birga 111 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishi belgilangan.

Hugo Boss – 1924 yilda Germaniyada tashkil etilgan premium segmentdagi nemis brendi bo‘lib, nafis kostyumlari, ish kiyimlari va yuqori sifati bilan mashhur.

Puma – 1948 yilda Germaniyada tashkil etilgan kompaniya. U yugurish poyabzali, futbol formasi, sport turmush tarzi va tezkor innovatsiyalarga ixtisoslashgan.

Tommy Hilfiger – 1985 yilda Amerikada tashkil etilgan kompaniya bo‘lib, keng assortimentdagi kiyimlar, poyabzal va aksessuarlarni ishlab chiqaradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid