Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda tadbirkor ayollar uchun She’s Next global tashabbusi boshlandi
Loyihaning umumiy grant jamg‘armasi 22 ming dollarni tashkil etadi. Tashabbusda ishtirok etish uchun tadbirkor ayollar 2 apreldan 24 maygacha She’s Next platformasida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Barcha ishtirokchilar 4 ta ma’ruza va test sinovlaridan iborat ta’lim dasturidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu bosqichni muvaffaqiyatli yakunlaganlar keyingi bosqich – biznes-rejalarini topshirish jarayoniga o‘tadi.
Tanlov yakunida 30 nafar finalchi Toshkentga taklif etiladi. Bu yerda o‘tkaziladigan loyiha taqdimoti (pitching) natijalariga ko‘ra 7 nafar g‘oliba o‘z biznesini rivojlantirish uchun pul grantlari bilan taqdirlanadi.

O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan She’s Next global tashabbusining birinchi bosqichi boshlandi. Loyiha Visa kompaniyasi tomonidan Ipak Yuli Bank bilan hamkorlikda, Raqamli texnologiyalar vazirligi va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Hamroh kompaniyasi ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va zamonaviy biznes muhitini shakllantirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda.
Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisining o‘rinbosari Tursunboy Maxkamov ta’kidlaganidek, She’s Next tashabbusi shunchaki loyiha emas, tadbirkor ayollarga bilim, resurslar va rivojlanish imkoniyatlariga yetib borish imkonini beruvchi to‘laqonli platforma hisoblanadi.
«Biz O‘zbekistonda ayollar o‘rtasida tadbirkorlik faolligi ortib borayotganini ko‘ryapmiz va biz uchun bu tendensiyani nafaqat qo‘llab-quvvatlash, balki uni rivojlantirish uchun amaliy mexanizmlar yaratish ham muhim: moliyalashtirishdan tortib ta’lim dasturlarigacha. Visa bilan hamkorlik va She’s Next tashabbusining ishga tushirilishi bizning ESG-strategiyamiz bir qismi hamda tadbirkor ayollar bilim, resurslar va yangi imkoniyatlarga ega bo‘ladigan barqaror tadbirkorlik ekotizimini shakllantirishga qo‘shilgan hissadir. Ishonamizki, ushbu tashabbus amaliy platformaga aylanadi va ko‘plab ayollarga o‘z biznesini rivojlantirishda navbatdagi qadamni qo‘yishga yordam beradi», – deydi u.
O‘zbekistondan ishtirok etuvchi ayollar uchun umumiy mukofot jamg‘armasi 22 000 AQSh dollarini tashkil etadi. Arizalar 2 apreldan 24 maygacha She’s Next platformasida qabul qilinadi.

O‘zbekistonda She’s Next tashabbusining birinchi bosqichi «Boshlang!» shiori ostida o‘tmoqda. Visa kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti va mintaqaviy menejeri Sanjar Suleymanov ta’kidlashicha, 2019 yildan buyon mazkur tashabbus butun dunyo bo‘ylab ayollarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda yordam berib kelmoqda.
“Bugun biz ushbu tashabbusni O‘zbekistonda Ipak Yuli Bank bilan hamkorlikda ilk bor ishga tushirayotganimizdan mamnunmiz. O‘zbekiston — katta va jadal rivojlanayotgan bozor bo‘lib, kuchli tadbirkorlik salohiyatiga ega. Biz tobora ko‘proq ayollar biznes yo‘lini tanlayotganini ko‘ryapmiz. Shu bilan birga, She’s Next tashabbusining birinchi bosqichini boshlash doirasida memorandum imzolanishi mamlakatda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Umid qilamizki, bizning tashabbusimiz tadbirkor ayollarga o‘z g‘oyalarini kengaytirish, qimmatli bilimlar olish va yangi bozorlarga chiqish imkonini beradi. Tashabbusning birinchi bosqichi «Boshlang! – Boshlashga jasorat!» shiori ostida o‘tayotgani ham bejiz emas. Chunki aynan birinchi qadamni qo‘yishga jasorat ko‘pincha katta yutuq va muvaffaqiyatlarga olib boradi”, – deydi Visa kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti va mintaqaviy menejeri Sanjar Suleymanov.

Qanday ishtirok etish mumkin?
Loyihada allaqachon biznes yuritib kelayotgan yoki o‘z ishini ochishni rejalashtirayotgan ayollar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar uchta yo‘nalishdan birini tanlashlari mumkin:
- Amaldagi biznes;
- Yangi boshlanayotgan biznes;
- IT biznes.
Ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar 4 ta videodars va 4 ta testdan iborat ta’lim dasturini o‘taydi. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlaganlar o‘z biznes-rejasini ekspertlar komissiyasiga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tanlov bir nechta bosqichda amalga oshiriladi.

Bosqichlar
Sana
Izohlar
Ro‘yxatdan o‘tish
2 aprel – 24 may
She’s Next platformasida arizalar qabul qilinadi
Ta’lim bosqichi
25 may – 7 iyun
Barcha ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar tashabbusning 4 ta ma’ruza va 4 ta testdan iborat ta’lim qismiga kirish imkoniga ega bo‘ladi
Biznes-rejalarni topshirish
8 – 28 iyun
4 ta testni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar biznes-rejalarini ekspert baholashiga taqdim etadi
Ekspert komissiyasi
29 iyun – 19 iyul
Ekspertlar har bir toifadan 10 tadan, jami 30 ta eng yaxshi loyihani tanlab oladi
She’s Next Pitch Day
“She’s Next Pitch Day” finali 7 avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Unda finalga chiqqan 30 nafar tadbirkor ayol o‘z loyihalarini hakamlar hay’atiga taqdim etadi. Hakamlar qaroriga ko‘ra 7 nafar g‘oliba o‘z biznesini boshlash yoki rivojlantirish uchun pul grantlari bilan taqdirlanadi.
O‘zbekistonda 2 milliondan ortiq ayol tadbirkorlar
BMTning 2025 yil aprel oyida e’lon qilingan “O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligi: baholash va tavsiyalar” nomli hisobotiga ko‘ra, mamlakatda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi ayollar soni taxminan 2,1 million nafarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 7 barobar ko‘p hisoblanadi.

“Dasturlarimizni tahlil qilganimizda qizlar ko‘proq jarayondan chiqib ketayotganini ko‘ramiz. Bu esa ularga qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash zarurligini ko‘rsatadi: faqat bilim emas, ishonch, motivatsiya va yetakchilik ko‘nikmalari ham kerak”, – deydi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova.
Reklama huquqi asosida