O‘zbekiston | 09:06 / 15.04.2026
1302
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagi World Content Market'da O‘zbekiston milliy kontenti namoyish etilmoqda

O‘zbekiston ilk bor xalqaro media bozori - World Content Market'da milliy pavilon bilan ishtirok etib, o‘zbek filmlari va seriallarini global maydonda taqdim etmoqda.

Foto: World Content Market

Mazkur nufuzli tadbir 2008 yildan buyon televideniye va raqamli kontentni yaratish, tarqatish va monetizatsiya qilish sohasidagi yirik platformalardan biri hisoblanadi. U har yili turli mamlakatlardan media industriya vakillarini birlashtirib, yangi loyihalar va hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi.

Joriy yilgi forumda 20 ga yaqin davlatdan 1500 dan ortiq mutaxassis va 500 dan ziyod kompaniya ishtirok etmoqda. Tadbirda 150 dan ortiq telekanallar, 40 dan ziyod OTT platformalar, 200 dan ortiq kontent distribyutorlari, shuningdek prodyuserlar va studiyalar qatnashmoqda.

O‘zbekiston milliy pavilonida 10 dan ortiq xususiy kontent ishlab chiqaruvchilar tomonidan 500 dan ziyod badiiy film va seriallar xalqaro xaridorlarga taqdim etilmoqda.

Kontent markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur pavilon doirasida o‘zbek milliy kontentini xorijiy telekanallar va raqamli platformalarga chiqarish, shuningdek eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, O‘zbekistonning ushbu media bozorda milliy pavilon bilan ilk bor ishtirok etishi mamlakatda kontent sanoatini rivojlantirish, mahalliy ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek madaniy mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishda muhim qadam hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish