Jamiyat | 14:52
9270
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dono Boboxonova vafot etdi

Aktrisa 90-yillarda «Bozor ko‘rmagan yigit» kinonovellasidagi roli bilan tanilgan, shuningdek, 2000-yillardagi «Chol va nabira», «Tilim qursin» kabi filmlar orqali mashhurlikka erishgandi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Dono Boboxonova 15 aprel kuni 80 yoshda vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston davlat drama teatri xabar berdi.

Dono Boboxonova (Danisiya Dayanovna Boboxonova)1946 yil 20 noyabrda Qozog‘iston hududida tug‘ilgan. 1970 yilda Toshkent teatr va rassomlik institutini (hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at instituti) tamomlagan.

Aktyorlik faoliyatini 1968 yilda «Yosh gvardiyachilar» (hozirgi Abror Hidoyatov nomidagi o‘zbek davlat drama teatri) teatrida boshlagan. 1990-yillardan kino sohasiga kirib kelgan. Xususan, «Bechora odamlar» (1992) filmida, shuningdek «Bozor ko‘rmagan yigit» va «Arazlasang, o‘laman» kabi kinonovellalarda rol o‘ynagan.

O‘zbek kino ixlosmandlari uni ko‘proq «Ulfatlar-2» (2008), «Chol va nabira» (2009), «Tilla buva» (2012), «Dadamning sovg‘asi» (2012), «Tilim qursin» (2013), «Vafodorim» (2013), «Kuch birlikda» (2013-2014), «Berlin-Oqqo‘rg‘on» (2018) kabi filmlardagi rollari orqali eslab qolishgan.

«Tilim qursin» filmidan

Dono Boboxonova to‘qqiz nabira va to‘rt evaraning buvisi edi.

U aktrisalik faoliyatidan tashqari she’r yozish bilan shug‘ullangan va 20 dan ortiq she’riy to‘plamlari, bir qancha roman va hikoyalari bosilgan.

1996 yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish