O‘zbekiston | 19:01 / 18.04.2026
3869
2 daqiqa o‘qiladi

Endi aholini gaz ballonlari bilan ta’minlash Davlat xizmatlari markazi orqali amalga oshiriladi

Tasdiqlangan tartibga ko‘ra, o‘zaro shartnoma asosida ariza beruvchi “Face ID” tizimi orqali suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq bilan ta’minlanadi hamda unga 1 dona maishiy gaz balloni 12 ish kunida bepul yetkazib beriladi.

Foto: Kun.uz

Hukumat qarori bilan “Turar joy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlashda davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra, xizmat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali vakolatli operator tomonidan ko‘rsatiladi.

Maishiy gaz balloni tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslarga beriladi.

Vakolatli operator ariza kelib tushgan kuni ma’lumotlarni “E-gaz” dasturida shakllantiradi va bir ish kunida so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshiradi.

Uch ish kunida ariza beruvchini maishiy gaz balloni bilan ta’minlash masalasi joyiga chiqib o‘rganiladi. Bunda o‘rganish yakunlari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

Dalolatnomada keltirilgan xulosa ijobiy bo‘lgan taqdirda, ariza beruvchi bilan “Maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish to‘g‘risida” va “Suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish to‘g‘risida”gi shartnomalar 2 nusxada rasmiylashtiriladi.

Shartnomalar asosida ariza beruvchi “Face ID” tizimi orqali suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq bilan ta’minlanadi hamda unga 1 dona maishiy gaz balloni 12 ish kunida bepul yetkazib beriladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish