Jahon | 20:59
3592
9 daqiqa o‘qiladi

Bonya propagandachilarga qarshi. Nimalar bo‘lmoqda?

instagram.com/victoriabonya/Donat Sorokin/TASS

Bir hafta muqaddam Instagram yulduzi Viktoriya Bonya Vladimir Putinga murojaatini e’lon qilgandi: u xalq prezidentdan qo‘rqishi, amaldorlar esa real muammolarni prezidentdan yashirishi haqida gapirgandi. Kreml vazminlik bilan reaksiya qilgan bo‘lsa-da, Kreml ta’siridagi nashrlar va blogerlar Bonyaga hujum boshlashdi. Teleboshlovchi Vladimir Solovyov Bonyaning asosiy muxolifiga aylandi – bloger allaqachon uning ustidan sudga murojaat qilmoqchi.

BBC voqealar qanday rivojlanganini ko‘rib chiqdi.

Bonya kim o‘zi?

Bonya 2006-2007 yillarda «Dom-2» realiti-shousidagi ishtiroki orqali tanilgan. Keyinroq u turli ko‘ngilochar loyihalarda suratga tushgan hamda instagramda shaxsiy blogini rivojlantirgan.

Hozirda Monakoda istiqomat qiluvchi blogerni Rossiyada ushbu ijtimoiy tarmoq bloklanganiga qaramay 13 milliondan ortiq obunachi kuzatib boradi.

Bloger mediamaydonda turli konspirologik nazariyalar tarafdori va samaradorligi isbotlanmagan «go‘zallik amaliyotchisi» (Beauty Practice) sifatida tanilgan.

Xususan, koronavirus pandemiyasi kuchaygan vaqtda u 5G minoralar zarari hamda vaksinalar orqali «chiplashtirish» haqidagi fitna nazariyalarining asosiy targ‘ibotchisiga aylangandi.

U Putinga murojaatida nima degandi?

O‘tgan haftaning dushanba kuni Bonya Instagram sahifasida «xalq nomidan» Putinga murojaat yo‘llab, rossiyaliklar prezidentdan qo‘rqishi haqida gapirgandi.

«Vladimir Vladimirovich, sizdan qo‘rqishadi. Xalq sizdan qo‘rqadi, blogerlar, artistlar qo‘rqadi, gubernatorlar sizdan qo‘rqadi. Siz esa mamlakatimiz prezidentisiz. Biz qo‘rqishimiz kerak emas deb o‘ylayman», – degandi bloger.

Shuningdek, Bonya Rossiya prezidentidan «yashiriladigan muammolar»ni sanagandi. Ular qatorida Dog‘istondagi suv toshqini, Anapada dengizga mazut to‘kilishi, Novosibirsk oblastida chorva mollari yo‘q qilinishi, internet bloklanishi, shuningdek, iqtisodiy qiyinchiliklar keltirilgandi.

Bonya Putin va xalq o‘rtasida «devor urilgani», u esa bu devorni buzib o‘tmoqchiligini aytgandi. Shu bilan birga, u prezidentni qo‘llab-quvvatlashi hamda uni «kuchli siyosatchi» deb hisoblashini qistirgandi.

Bir hafta ichida Bonyaning videomurojaati qariyb 30 million marta ko‘rildi va 116 ming martadan ortiq repost qilindi.

Keyinroq Putinga Instagram’ning yana bir yulduzi, reper Gufning sobiq rafiqasi Ayza Dolmatova ham Bonyaniki kabi videomurojaat yo‘lladi, ammo u bir necha kun o‘tib o‘z postini o‘chirib yubordi.

Kreml nima deb javob qaytardi?

16 aprel kuni jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bonyaning murojaati yuzasidan savolga javob qaytardi. U Bonyaning nomini keltirmagan holda ushbu murojaatda ko‘tarilgan mavzular hukumat tomonidan e’tiborsiz qoldirilmaganini aytgan.

«Ushbu murojaat muallifining ushbu masalalarni katta qiziqish bilan qayd etgani – ha, haqiqatan ham, bular juda shov-shuvli mavzular, ammo adolat yuzasidan aytadigan bo‘lsak, ular bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda, ko‘p sonli odamlar jalb etilgan va bularning barchasi e’tibordan chetda qolmagan», – degan Peskov.

Bonya shu kunning o‘zida yana bir video yozib, unda ko‘z yosh to‘kkan holda Kremlga «chetlab o‘tmagani» uchun minnatdorchilik bildirdi.

Bloger o‘zini qanday taqdir kutayotganini bilmasligini aytdi, ammo «bu shunga arziydi» deya ta’kidladi. U Putinga murojaati buyurtma bo‘lmaganini qayd etib, bu videoni yozmaslikni «rus ruhiga xiyonat qilish» deb hisoblaganini qayd etgan.

Kremlparast nashrlar va blogerlar qanday reaksiya qildi?

Kreml ta’siridagi nashrlar va blogerlar murojaat e’lon qilinishidan ko‘p o‘tmay Bonyaga hujum boshlab, uni sotilishda va G‘arb ritorikasini translatsiya qilishda ayblashdi.

Xususan, Z-bloger Yuriy Podolyak Bonyaning murojaati – «Rossiyani tebratishga qaratilgan ulkan rejaning bir qismi» ekanini aytdi, Davlat dumasi deputati Vitaliy Milonov Bonyani «savodsiz bloger» deb atab, uning chiqishini yaqinlashib kelayotgan saylovlar bilan bog‘ladi. «Dnevnik xacha» nomli YouTube-kanaliga bergan intervyusida Milonov «Bonya – qandaydir dubaylik eskort ekaniga shubha qilmasligi»ni bildirdi.

Bonyaning murojaatiga ijtimoiy tarmoqlardagi botlar tomonidan ham qizg‘in reaksiya qilingan. «Botnadzor» loyihasi vakillari «Agenstvo» nashriga aytishicha, seshanba kuni ertalabdan chorshanba kuni kunduzga qadar «VKontakte»dagi botlar bloger tilga olingan har bir post ostida o‘rtacha 16 tadan izoh yozib qoldirgan.

Ammo Bonyaning asosiy tanqidchisi teleboshlovchi Vladimir Solovyov bo‘ldi. U g‘arbdagilar blogerning murojaatiga «darhol e’tibor qaratgani»ni aytib, buni «maxsus amaliyot» deb atagan. Bonyaning o‘zini esa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan «kiritilgan agent», «siyqasi chiqqan fohisha» va «o‘z sotqinligi bilan tanilgan personaj»deb atagan.

Bundan tashqari, Solovyov Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin va Bosh prokuraturaga «fuqaro Boni faoliyatiga huquqiy baho berish» so‘rovi bilan murojaat qilganini ma’lum qildi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligidan nima uchun bloger «chet el agenti» deb e’lon qilinmagani bilan qiziqdi.

Bonya qanday javob qaytardi?

18 aprel, shanba kuni Bonya yangi video e’lon qilib, unda Solovyov va  Milonovga, shuningdek bloger Artemiy Lebedevga nisbatan kollektiv da’vo tayyorlashi haqida ma’lum qildi.

«Hozir an’anaviy qadriyatlar haqida juda ko‘p gapirilmoqda. <...> To‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda, federal kanallarda katta yoshli erkaklarning ayollarni haqorat qilishi an’anaviy qadriyatlarmi?» – degan u.

Lebedev Bonya haqida gapirmagandi, ammo bloger uni «Natalnaya karta» shousidagi mojaro fonida tilga oldi: unda Lebedev boshlovchi Olesya Ivanchenkoning «Men butun raund davomida nima qilishim kerak?» deya bergan savolga «so‘rish» deb javob qaytarib, uni yig‘latgan.

Bonya «bu odamlar bilan to‘qnash kelgan» ayollarni uning sudga kollektiv murojaatiga qo‘shilishga chaqirgan.

Yakshanba kuni Bonya o‘z instagramida sun’iy intellekt orqali yasalgan videoni ham joylashtirdi, unda o‘zi Solovyov, Lebedev va Milonov bilan jang qilayotgan superqahramon qiyofasida tasvirlangan.

«Jonimga tegdi», – deydi Bonya videoda.

Bonyaning murojaatiga yana kimlar e’tibor qaratdi?

Bonyaning murojaatiga nafaqat Rossiya, balki G‘arb ommaviy axborot vositalari ham e’tibor qaratdi. Xususan, Britaniyaning The Guardian gazetasi, Amerikaning CNN telekanali va Ispaniyaning El Pais nashri ekspertlarning sharhlari bilan materiallar e’lon qildi.

Ular Bonyaning murojaatida Rossiya jamiyatida «nimadir o‘zgarayotgani» belgilarini, bloger esa «o‘zi bilib-bilmasdan» «muxolifat ritorikasini kuchaytirayotgani»ni ko‘rishgan.

«Bonya muxolifat lageriga ilgari u yerda bo‘lmagan mutlaqo yangi auditoriyani jalb qilmoqda», – deya siyosatshunos va Putinning sobiq spichrayteri Abbas Gallyamovning so‘zlarini keltiradi The Guardian.

Bonya G‘arbdagi va muxolifatchi nashrlarga ham javob qaytargan. Kremlning munosabatidan keyin yozgan videosida u o‘zi haqidagi materiallarni BBC va «Dojd» nashrlarida ko‘rganini aytib, muxolifatni nazarda tutgan holda o‘zini «bunga aralashtirmaslik»ni so‘ragan.

«Meni u yerga aralashtirmang, iltimos, men sizlar bilan emasman, men – xalq bilanman, men – xalq ichidaman», – degan Bonya.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid