O‘zbekiston | 09:06 / 24.04.2026
1249
2 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda madaniy klasterlar tashkil etiladi

2026 yil 1 iyuldan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tajriba tariqasida bittadan “Madaniyat mehmonxonasi” madaniy klasteri investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, ushbu loyihalar hududlarda madaniyat sohasini rivojlantirish, ijodiy muhitni qo‘llab-quvvatlash hamda aholiga madaniy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

“Madaniyat mehmonxonasi” madaniy klasterlari orqali san’at, ijod, ta’lim va madaniy tadbirlar uchun qulay infratuzilma shakllantirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2026-2027 o‘quv yilidan Respublika musiqa va san’at texnikumi hamda Respublika estrada va sirk texnikumida yangi kasbiy ta’lim dasturlari asosida o‘qitish tizimi joriy etiladi. Xususan, 2 yillik boshlang‘ich kasbiy ta’lim, 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan o‘rta kasbiy ta’lim hamda kamida 2 yillik o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, mazkur texnikumlarda bakalavriat ta’lim dasturlari bilan integratsiyalashtirilgan “2+2” dasturlari asosida o‘qitishga ruxsat beriladi.

Qaror bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablariga qabul tartibi ham belgilanmoqda. Unga ko‘ra, o‘quvchilar musiqa yo‘nalishiga 5-sinfdan, raqs, teatr, xalq ijodiyoti, tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlariga esa 9-sinfdan qabul qilinadi.

Shuningdek, ushbu maktablarda maktab-internatlar uchun belgilangan amaldagi normalar tatbiq etiladi. Jumladan, o‘quvchilarning ta’lim olish va yashash xarajatlari to‘liq davlat budjeti hisobidan, ovqatlanish xarajatlari esa davlat budjeti hamda ota-onalar to‘lovi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlar bitiruvchilariga bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish