Sport | 20:43 / 27.04.2026
1258
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq jahon chempionlari Fyuri va Joshua jang haqida kelishib oldi

«Britaniya boksi tarixidagi eng yirik jang» oktabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tadi.

Entoni Joshua va Tayson Fyuri Foto: PA Images; Reuters

Britaniyalik bokschilar Tayson Fyuri va Entoni Joshua jang o‘tkazishga kelishib oldi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Bosh ko‘ngilochar boshqarmasi raisi Turkiy Ash-Shayx ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi.

«Buyuk Britaniyadagi do‘stlarim, bu jang bo‘ladi. Shartnoma imzolandi», deb yozdi u.

The Ring jurnalisti Mayk Koppinger so‘zlariga ko‘ra, jang 2026 yil to‘rtinchi choragida (oktabr-dekabr) bo‘lib o‘tadi. U bo‘lajak bellashuvni «Britaniya boksi tarixidagi eng yirik jang» deb atadi.

37 yoshli Tayson Fyuri Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA), Butunjahon boks tashkiloti (WBO), Xalqaro boks tashkiloti (IBO), Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) va Butunjahon boks kengashi (WBC) unvonlariga egalik qilgan. Uning hisobida 35 ta g‘alaba, ikkita mag‘lubiyat va bitta durang bor.

Entoni Joshua 36 yoshda. U IBF, WBA, WBO va IBO kamarlariga ega edi. Professional ringda britaniyalik 29 ta g‘alaba qozondi va to‘rtta mag‘lubiyatga uchradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid