Jamiyat | 19:28
1441
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda qotillikda gumonlanayotgan ayol qamoqqa olindi

Shirin shahar prokurori 29 yoshli gumondorga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash haqida sudga iltimosnoma kiritdi. Sud uni qanoatlantirdi. Ayol tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. 

Sirdaryoda qotillik jinoyatini sodir qilishda gumonlanayotgan ayol qamoqqa olindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Shirin shahar prokurori Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a, v, j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanuvchi N.X.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritgan.

Prokurorning iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan JIB Shirin shahar sudida ko‘rib chiqilgan. Sudning 2026 yil 30 apreldagi ajrimi bilan N.X.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan hamda ayolni tergov hibsxonasiga joylashtirish belgilangan. 

Avvalroq Sirdaryoda norasmiy nikohdagi ayol erining qonuniy xotini va uning ikki qizini pichoqlagani xabar qilingandi. Oqibatda ona va 5 yoshli qizi vafot etgan. 3 yoshli qizaloq esa shifoxonaning jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda qolmoqda.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid