Jamiyat | 22:59 / 05.05.2026
3740
5 daqiqa o‘qiladi

“Eng avvalo kuyov aybdor”: Sirdaryodagi mudhish qotillik haqida

Sirdaryoning Shirin shaharchasida 29 yoshli ayol va uning 5 yashar qizi erkakning norasmiy xotini tomonidan pichoqlanish oqibatida vafot etdi. Marhumaning yaqinlari ayolning uzoq yillar davomida oilada ruhiy va jismoniy bosimga uchraganini bildirib, erkakka ham jazo talab qilishmoqda.

Marhuma Bekoboddan Sirdaryoga turmushga chiqqan va to‘rt farzandi bo‘lgan. Uning yaqinlariga ko‘ra, ayol turmush o‘rtog‘i bilan 9 yil birga yashagan davrida oilasi notinch bo‘lganini, qaynona va turmush o‘rtog‘i tomonidan muntazam xo‘rlanganini aytgan.

Singlimni xo‘rlashgan...

Malika Jumaboyeva, marhumaning opasi:

 “Oxirgi paytlar qattiq yig‘lardi, “yaxshi bo‘larmikan, chidolmayapman” derdi. U ayol bemalol uyiga borib yurgan, qarindoshlari buni bilgan, uni hurmat qilishgan – singlimni esa xo‘rlashgan. Shuncha farzandlarni tug‘ib katta qilsayam hurmat topmadi u. Qaynonasi namoz o‘qib o‘tirgandim deyapti, uch kishini pichoqlaguncha qanday bilmasligi mumkin? Uyida katta ovsinining bolasiyam bo‘lgan.

O‘sha kuni o‘sha qiz bilan ular kafeda o‘tirib ichishgan ekan, janjal bo‘lgan. O‘zi oldindan tahdid bo‘lgan singlimga “oilangni qachondir yo‘q qilaman” degan. Buni bizga aytmadi, keyin eshitdik”.

Pichoqlangan qizaloqlarning kattasi 5, kichigi 3 yoshda bo‘lgan. Ona va 5 yashar qiz voqea joyida vafot etgan. 3 yoshli qizaloq ayni paytda shifoxonaning jonlantirish bo‘limida.

Kuyovni otalik huquqidan mahrum qilish kerak

Mavluda Abdunazarova, marhumaning ammasi:

“Eng avvalo kuyovda ayb. Nima uchun u tashqarida yuribdi? Nima uchun unga jazo qo‘llanmayapti? Bolalarning qotili, eng avvalo shu o‘ldirgan ayol bo‘ladigan bo‘lsa, kuyov o‘shaning ishonchiga kirgan, va’dalarni berganki shu ayol shu darajagacha borgan? Darvozadanmas, orqa tarafdan kirib jiyanim uy ishlarini qilib o‘tirgan joyida uni urgan. Qizchalari dod solganda ularni majag‘lab tashlagan, ichaklarini chiqarib. Chaqaloq uyda uxlab yotgan, qaynonasi uyda namoz o‘qiyotgan edim dedi. Nahotki shu baqir-chaqirlarni eshitmagan? Hammasi bilar ekan, bordi-keldi qilar ekan.

Jiyanimni bu yerga olib kelib tashlab, hammasi bilan apoq-chapoq bo‘lib yurishgan. Shunaqa ekan, Maftunani javobini berib, o‘shanga uylantirib qo‘ymaydimi? 20 kunlik chaqaloq qoldi, shifoxonada 3 yashar bolaning ichagini 3 soat yuvib joyiga joylashtiribdi vrachlar. Agar bunga odilona chora ko‘rilmasa, bunaqalar ko‘payadi. Kuyovni otalik huquqidan mahrum qilish kerak. O‘z oilasini, xotinini, o‘z bolalarini o‘ldirgan otaning haqqi yo‘q bolalarga ota bo‘lishga”.

Ichim tugab bo‘ldi mening...

G‘ofur Jumaboyev, marhumaning otasi:

 “Qizimning dardi ichida ketdi. Oxirgi paytlar kelardi, dadamga aytmanglar der ekan. Kuyov kelib tashlab ketardi, ketishi cho‘zilib ketardi, hayron bo‘lib “uying tinchmi?” desam, o‘ziyam xijolat bo‘lardi. Men rangidan bilardim. Ota-onam o‘ylanmasin deb, qo‘ni-qo‘shni gapirmasin deb boshqacha o‘tirardi erini kutib. Dardini o‘qib turardim qizimni. Ichim tugab bo‘ldi mening.

Bir-ikki marta kuyovni alohida chaqirib o‘tirg‘izib aytganman, qiliqlarini bilardim. Lekin unga gapirsangiz sizni eshitmasdan, xayoli boshqa joyda o‘tirardi. Sababini bilmayman, biror narsa iste’mol qiladimi deb o‘ylardim”.

Oliy sud axborot xizmati holat yuzasidan qotillikda gumonlanayotgan ayol Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan qamoqqa olinganini ma’lum qildi. Ayni paytda ayol tergov hibsxonasida saqlanmoqda. 

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid