Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning siyosati, G‘azo va migratsiya. Pulitser mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi
AQShda «jurnalistlar uchun Nobel» deya e’tirof qilinadigan Pulitser mukofotining navbatdagi g‘oliblari e’lon qilindi. Washington Post, New York Times, Reuters, Associated Press kabi xalqaro nashrlar Tramp va uning siyosati, immigratsiya va G‘azo bo‘yicha materiallari uchun sovrindorlar qatorida bo‘ldi.
4 may kuni Pulitser mukofoti qo‘mitasi jurnalistika va san’at yo‘nalishlarida xizmat qiluvchi 24 nafar g‘olib ro‘yxatini e’lon qildi.
Mukofot administratori Marjori Miller o‘zining kirish nutqida jurnalistika va ijodiy ishlarga nisbatan tarqalgan ham siyosiy, ham iqtisodiy bosimlarni sanab o‘tdi. Miller, shuningdek, AQSh Konstitutsiyasidagi Birinchi tuzatish (din, so‘z va matbuot erkinligi) hamda mustaqil matbuotning ahamiyatini ta’kidladi.
«Afsuski, buni hozir yana takrorlashga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki Oq uy va Pentagonga OAV kirishi cheklangan, ko‘chalarda so‘z erkinligi xavf ostida. Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti bir nechta OAVga qarshi tuhmat va g‘arazgo‘ylik uchun milliardlab dollarlik da’volar qo‘zg‘atgan», dedi u.
Ammo «ko‘plab qat’iyatli va iqtidorli insonlar sharofati bilan bu sohalar hamon kuchli», deya qo‘shimcha qildi Miller.
G‘olib bo‘lgan ko‘plab hikoyalar o‘tgan yili Oq uyga qaytganidan beri institutsional normalarni ostin-ustun qilgan va AQShning mamlakat ichidagi hamda xorijdagi rolini qayta shakllantirgan Tramp ma’muriyati haqidagi hisobotlar edi.
Jurnalistik yo‘nalishdagi barcha mukofotlar
Eng oliy mukofot – Jamoat xizmati (Public Service) – Washington Post nashriga berildi. Ular Tramp ma’muriyatining milliarder Ilon Mask bilan birga federal idoralarni tartibsiz qayta tashkil etishidagi maxfiylik pardasini ochib bergan. Shuningdek, maqolalarda hukumatdagi qisqartirishlarning insonlarga ta’siri va mamlakat uchun oqibatlari barcha tafsilotlari bilan yoritilgan.
Surishtiruv jurnalistikasi (Investigative Reporting) – New York Times tahririyatiga berildi. Ular «prezident Trampning manfaatlar to‘qnashuvi borasidagi cheklovlarni qanday buzgani va hokimiyat bergan pul ishlash imkoniyatlaridan foydalanib, o‘z oilasi va hamkorlarini boyitganini fosh etgan chuqur surishtiruv materiallari uchun» mukofotga loyiq ko‘rildi.
Sohaviy reportaj (Beat Reporting) – Reuters muxbirlari Jyef Horvits va Engen Tamga berildi. Ular META kompaniyasi haqida fosh etuvchi reportajlar qilgan. Unda texnologik kompaniya o‘z foydalanuvchilarini, jumladan, bolalarni firibgarlik va sun’iy intellekt manipulyatsiyasiga duchor qilishga tayyor ekani batafsil bayon etilgan.
Milliy reportaj (National Reporting) – Reuters tahririyatiga berildi. Ular prezident Donald Tramp ijro hokimiyatini kengaytirish va o‘z dushmanlaridan o‘ch olish uchun hukumat ta’siridan qanday foydalanganini hujjatlashtirgan.
Xususan, Reuters surishtiruvlari Trampning yuzlab nishonlar: federal prokurorlar, harbiy rahbarlar, sobiq rasmiylar, yuridik firmalar, universitetlar va media kompaniyalarga nisbatan o‘ch olish uchun ijro hokimiyatidan qanday foydalanganini ochib bergan.
Xalqaro reportaj (International Reporting) – Associated Press muxbirlariga berildi. Ular Kremniy vodiysida yaratilgan, Xitoyda takomillashtirilgan va butun dunyoga tarqalayotgan ommaviy kuzatuvning eng zamonaviy vositalari bo‘yicha hayratlanarli global surishtiruvlar o‘tkazgan. Bu vositalar AQSh Chegara xizmati tomonidan maxfiy maqsadlarda foydalanilish uchun Amerikaga qaytib kelgan.
Tushuntirish reportaji (Explanatory Reporting) – San-Fransisco Chronicle muxbirlariga "Burned" (Yongan) turkum maqolalari uchun. Unda sug‘urta kompaniyalari yong‘in oqibatida uyidan ayrilgan kaliforniyaliklarning mulkini tizimli ravishda past baholash, to‘lovlarni rad etish orqali ularni qanday qilib qiyin ahvolda qoldirgani ko‘rsatib berilgan.
Mahalliy reportaj (Local Reporting) ikki nashrga berildi.
- «Connecticut Mirror» muxbirlari – shtatning o‘ziga xos evakuatsiya qonunlari aholidan ortiqcha haq oladigan insofsiz kompaniyalarga qanday foyda keltirganini fosh etgan turkum maqolalari uchun.
- «Chicago Tribune» tahririyati esa Tramp ma’muriyatining shaharda o‘tkazgan harbiylashtirilgan immigratsiya reydlarini yoritgan kuchli materiallari uchun.
Tezkor xabarlar fotografi (Breaking News Photography) – New York Times bilan hamkorlik qilgan Saher Algorraga berildi. U Isroilning genotsid urushi oqibatida G‘azodagi vayronagarchilik va ocharchilikni ko‘rsatuvchi ta’sirchan suratlari uchun mukofotga loyiq ko‘rildi.
Tezkor xabarlar (Breaking News Reporting) – «Minnesota Star Tribune» tahririyatiga berildi. Ular katolik maktabidagi ibodat vaqtida sodir bo‘lgan, ikki bolaning o‘limi va 17 kishining yaralanishiga sabab bo‘lgan otishmani yoritishdagi sinchkovlik va hamdardlik bilan yozilgan kuchli materiallari uchun mukofotga loyiq ko‘rildi.
Publitsistik maqola (Opinion Writing) – New York Times muxbiri M. Gessenga berildi. U tarix va shaxsiy tajribaga tayangan holda zulm, mansublik kabi dolzarb mavzularni tadqiq qiluvchi, yuksalib borayotgan avtoritar rejimlar haqidagi yorituvchi esselar to‘plami uchun mukofot oldi.
Tasviriy reportaj va sharh (Illustrated Reporting and Commentary) – Bloomberg muxbirlarining 'trapAPPedʼ (Qopqonda) materiali uchun. Unda o‘z telefoni orqali 'raqamli hibs'ga olingan hindistonlik nevrolog haqidagi hayajonli hikoya vizual va matnli vositalar yordamida bayon qilingan.
Badiiy fotograf (Feature Photography) – Washington Post suratkashi Jahi Chikvendiuga berildi. U otasi saraton kasalligidan asta-sekin vafot etayotgan vaqtda birinchi farzandi dunyoga kelishini kutib olayotgan yosh oila haqidagi foto-ocherki uchun mukofotga loyiq ko‘rildi.
Ocherk (Feature Writing) – "Texas Monthly" muxbiri Aron Parsliga berildi. U Markaziy Texasdagi tarixiy suv toshqinlaridan bir necha kun o‘tib yozilgan, omon qolish va yo‘qotish haqidagi favqulodda shaxsiy hikoyasi uchun bunga loyiq ko‘rildi.
Tanqid (Criticism) – “The Dallas Morning News” xodimi Mark Lamsterga berildi. U o‘z fikrlarini yetkazish va shahar aholisi manfaatlarini himoya qilishda o‘tkir zehn va ekspertlik bilimini qo‘llagani aytildi.
Audiojurnalistika yo‘nalishida «Pablo Torre Finds Out» podkasti jamoasi g‘olib bo‘ldi. Ular «Los-Anjeles Klippers» basketbol jamoasi o‘zining yulduz hujumchisiga homiylik shartnomasi orqali yashirincha pul to‘lab, qanday qilib NBA'ning «maoshlar chegarasi» qoidasini chetlab o‘tganini surishtirgan.
Maxsus e’tirof (Special Citation) – "Miami Herald" muxbiri Juli Braunga berildi. U pedofil jinoyatchi Jyeffri Epshteynning yosh ayollarga nisbatan tizimli zo‘ravonligi, uni himoya qilgan adliya tizimi va vaqt o‘tishi bilan uning nufuzli sheriklari va yordamchilari tarmog‘ini fosh etgandi.
Braunning 2017 va 2018 yillardagi inqilobiy reportajlari turkumi – prokurorlar Epshteynni federal jinsiy savdo ayblovlaridan qanday himoya qilganini ko‘rsatib bergandi.
Bundan tashqari, Pulitser mukofoti yana 8 ta yo‘nalishda: badiiy adabiyot, drama, tarix, biografiya, memuar, she’riyat, hujjatli adabiyot va musiqa yo‘nalishidagi ijod namunalariga ham topshirildi.
Pulitser qanday mukofot o‘zi?
Pulitser mukofoti (Pulitzer Prize) — jurnalistika, adabiyot, drama va musiqa sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri. Uni ko‘pincha «jurnalistlar uchun Nobel mukofoti» deb ham atashadi.
Mukofot 1917 yilda kelib chiqishi venger bo‘lgan amerikalik yirik gazeta noshiri Jozef Pulitser vasiyatiga ko‘ra tashkil etilgan. Hozirda u Nyu Yorkdagi Kolumbiya universiteti tomonidan boshqariladi. Mukofot 21 kategoriya bo‘yicha gazeta, jurnal va onlayn nashrlar xodimlari, yozuvchilar, dramaturg va kompozitorlarga topshiriladi.
Eng muhim yo‘nalish va eng oliy toifa — «Jamoat xizmati» (Public Service) bo‘lib, jamiyatdagi muhim muammolarni ko‘tarib chiqqan nashrlarga beriladi.
Jurnalistika yo‘nalishidagi mukofotlar dunyoning istalgan fuqarosiga berilishi mumkin, biroq ularning ishi AQSh nashrlarida (gazeta, jurnal yoki sayt) e’lon qilingan bo‘lishi shart.
Har bir nominatsiya g‘olibi uchun 15 ming dollar miqdorida mukofot puli beriladi. Faqatgina «Jamoat xizmati» nominatsiyasi g‘olibiga maxsus oltin medal topshiriladi. Qolgan barcha yo‘nalish g‘oliblariga sertifikat beriladi.
Ammo ushbu nufuzli mukofot ham ma’lum bir siyosiy bosim ostida qolgan. Xususan, 2026 yilda ham prezident Trampning Pulitser mukofoti kengashiga qarshi faol sud da’vosi bor.
2022 yilda New York Times va Washington Post nashrlari Trampning 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi va Rossiya o‘rtasidagi taxminiy til biriktirish haqidagi materiallari uchun mukofot olgan. AQSh prezidenti esa aynan ushbu materiallarga mukofot berilgani uchun sudga da’vo kiritgandi. Sud jarayoni hali ham davom etmoqda.
Mavzuga oid
09:52
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi «Ozodlik loyihasi» to‘xtatilishini ma’lum qildi
22:40 / 05.05.2026
AQSh prezidenti Eronga kurashni davom ettirishdan voz kechishni maslahat berdi
12:32 / 05.05.2026
Tramp Eronni «yer yuzidan supurib tashlash» bilan tahdid qildi
08:23 / 04.05.2026