O‘zbekiston | 22:02
1445
5 daqiqa o‘qiladi

“Yana ozgina yomg‘ir yog‘sa, favqulodda holat vujudga kelardi” – shaharsoz

O‘tgan yakshanba Toshkentda yog‘gan bir necha soatlik yomg‘irga mavjud infratuzilma dosh berolmadi. Chaqmoq oqibatida “svet” o‘chdi, drenaj tizimidagi muammolar sabab esa yo‘llarni suv bosdi. Ba’zi mavzelarda kichik toshqinlar ro‘y berdi. Yana ozgina yomg‘ir yog‘sa, favqulodda holat yuzaga kelishi mumkin edi, deydi shaharsoz.

Bu yili bahor yomg‘irlarga boy o‘tmoqda. Faslning oxirgi oyida ketma-ket yomg‘irli kunlar bo‘lishi avvaldan e’lon qilingandi. Yakshanba, 3 may kungi biroz kuchli yog‘gan yomg‘ir esa noodatiy oqibatlarni keltirib chiqardi. Yomg‘ir bir necha soat, kuchli yomg‘ir esa bir necha daqiqa yog‘di xolos. Lekin O‘zbekistonning poytaxti – Toshkentdagi mavjud infratuzilma bunga dosh berolmay qoldi.

Avvalo, Toshkent metrosining “Chorsu” bekati deyarli suv ostida qoldi. Ayniqsa, bekatning kirish qismi yarmigacha suvga to‘ldi. Bundan tashqari, ko‘chalar, mavzelarda kichik toshqinlar ro‘y bergan. Chilonzor tumanidagi mavzelarda yashovchi aholi ko‘chaga chiqib bo‘lmaydigan vaziyat yuzaga kelgani haqida gapirib, videolar tarqatdi.

Vaziyatning eng muhim tomoni shundaki, yog‘gan yomg‘ir o‘ta kuchli emasdi va bunday darajada yog‘ishi avvaldan e’lon qilingan edi. Biroq drenaj tizimi va atmosfera suvlarini chiqarib tashlovchi infratuzilma bitta yomg‘irga “chidolmadi”.

Kun.uz bilan suhbatlashgan shaharsoz, Toshkent Arxitektura-qurilish institutining shahar infratuzilmasi kafedrasi mudiri Asadulla Hotamovga ko‘ra, o‘sha kuni yana biroz yomg‘ir yog‘sa, mavjud infratuzilma bilan favqulodda holat ro‘y berishi mumkin edi. Uning qo‘shimcha qilishicha, suv to‘planib ketishining qator sabablari bor va bu yillar davomida yig‘ilib kelayotgan muammo.

Bundan 30 yil avval ilk Toshkentga kelganimizda jarliklar bo‘lar edi, hozir quritib, to‘ldirib tashlashdi. Yig‘ilgan suvlar o‘shanda jarliklar tomon harakatlanardi. Bundan tashqari, ariqlar bir-biridan uzilgan, borining ichi esa axlatga to‘lib ketgani sabab shunday toshqin yuz bergan bo‘lishi mumkin”, deydi shaharsoz.

Bundan tashqari, shaharlarning qurilishida vertikal loyihalashtirish juda muhim. Ya’ni atmosfera suvlarini chiqarib tashlash vazifasini bajaruvchi quvurlar va vertikal qochirish tarmog‘ida bugun real mummolar kuzatilmoqda.

“Drenaj bu yerosti suvlarini maromida ushlab turuvchi tizim, drenaj bilan bog‘liq muammolarimiz asosiy sabab deb bilmayman. Bu yerda gap suv qochirish tarmoqlarida. Chunki suv oqizish koeffitsiyenti bor, oddiy yer, beton va asfalt suvni turlicha qabul qiladi. Shundan kelib chiqib, vertikal loyihalashtirish muhim”, deydi Asadulla Hotamov.

Oxirgi yillar Toshkent aholisi sezilarli ko‘paydi. Bugungi zamonaviy Toshkent qurilayotganda loyihalangan infratuzilma zo‘riqib, ortiqcha yuklama bilan ishlayotgani aniq. Xo‘sh, toshqinlarga odamlar ko‘paygani, zichlikning oshgani ham sabab bo‘ladimi? Shaharsozga ko‘ra, yo‘q, buning ta’siri yo‘q.

“Ha, shaharda odam ko‘paydi, lekin yer maydoni o‘sha-o‘sha-ku, kichrayib qolgani yo‘q. Har bir yangi massiv, mavze, turar joy binolari qurilishida vertikal loyihalashtirish tamoyillariga amal qilib, uni adekvat bajarish kerak. Lekin quruvchilarga bu qiziq emas, mijozlarga esa obektlarning tezroq bitgani ma’qul”, deydi shaharsoz.

Har bir qurilayotgan uy, bino oldidagi trotuar, yo‘laklar esa nishablik standartlarida bo‘lishi – arxitekturaning oddiy elementar talabi. Lekin quruvchilarning aksariyati bunga amal qilmaydi, loyihada bu ko‘rsatilgan bo‘ladi, biroq masala uni rostdanam amaliyotda shunday qurishda, deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Toshkent shahar hokimligi suv toshqinlarining oldini olish uchun budjetdan 2 mln dollardan oshiq mablag‘ ajratgan. Biroq yakshanba kungi yomg‘ir bu borada nimalar qilingandi o‘zi, degan savollarni ko‘paytirdi. Shahar hokimligi “Chorsu” bekatida suv to‘planganiga e’tibor qaratib, asosiy muammo sifatida irrigatsiya tarmoqlarining yopilib qolganini ko‘rsatdi.

Suhbatni Kun.uzʼning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid