Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda qoramollar sonini 16,5 millionga yetkazish vazifasi qo‘yildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Qayd qilinishicha, yig‘ilishda chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 25 yilda dunyo mamlakatlarining 42 foizida qoramollar soni 12 foizga qisqargan. Buning asosiy sabablari qimmat ozuqa, qurg‘oqchilik, ekologik omillar, yuqori foiz stavkalari va daromad kamayishi bilan bog‘liq. Natijada jahon bozorida go‘shtning o‘rtacha narxi rekord darajaga yetgan.
O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat bor. Mamlakatda 16 million gektar yaylov mavjud, biroq bu salohiyatning atigi 10 foizidan foydalanilmoqda.

Shu bois, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. U Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida faoliyat boshlaydi.
Yangi agentlik oldiga qoramollar sonini 16,5 milliontaga, qo‘y va echkilar sonini 30 milliontaga, parrandalar sonini 141 milliontaga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, go‘sht va sutni qayta ishlash darajasini 50 foizga, nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish, ozuqabop ekin maydonlarini esa 1,5 barobar ko‘paytirish belgilandi.
Ozuqa bazasini kengaytirish va naslchilikni yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatdan 1 tadan tuman chorvachilikka ixtisoslashtiriladi.

Ushbu tumanlarda paxta va g‘alla yerlarining 50 foiziga ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat beriladi, buning uchun 10 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi. Barcha fermer xo‘jaliklariga ijara yerlarining 20 sotix qismida ortiqcha byurokratiyasiz yengil konstruksiyali binolar, ozuqa omborlari va silos o‘ralari qurishga ruxsat beriladi.
Yil yakuniga qadar kamida 10 gektar yeri bor 28 ming 746 ta fermer xo‘jaligi yerida 2 million bosh qoramol boqishni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Chorvachilikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilandi. 1 iyundan boshlab tijorat banklari yillik 10 foiz stavkada, 4 yil imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga kreditlar ajratadi. Nasldor chorvani import qiluvchilar 2029 yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Banklarga yillik 6 foiz stavkada 1 trillion so‘m va 50 million dollar resurs joylashtiriladi. Ushbu resurslar hisobidan joriy yilda 5,5 trillion so‘mlik 1,5 mingta loyihani ishga tushirish, 25 mingta ish o‘rni yaratish va qoramollar sonini 400 mingtaga oshirish rejalashtirilgan.

Kadrlar tayyorlash va naslli chorvani ko‘paytirish bo‘yicha ham yangi dastur boshlanadi. 1 iyundan yetakchi agrar oliygohlarda sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha 10 kunlik o‘quv kurslari tashkil etiladi. Har yili kamida 1 ming mutaxassis tayyorlanib, ular zarur uskunalar bilan bepul ta’minlanadi.
Xonadonlarda sun’iy urug‘lantirilgan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming so‘mdan hamda embrionlarni ko‘chirib o‘tkazilganda 700 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Bu maqsadlar uchun qo‘shimcha 50 milliard so‘m ajratiladi.
Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari, tadbirkor va fermerlarning takliflari tinglandi. Yangi tizimni joylarda samarali tashkil etish, tadbirkorlar va fermerlarga amaliy ko‘mak berish, chorvachilikda ozuqa bazasi, naslchilik, qayta ishlash va eksport imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
21:17
Prezident Braziliya tashqi ishlar vaziri bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi
19:05
Orif Bo‘tayev chorvachilik va yaylov xo‘jaligiga mas’ul bo‘ldi
16:49 / 09.05.2026
Foto: O‘zbekiston prezidenti Moskvadagi G‘alaba paradida
21:49 / 25.03.2026