Iqtisodiyot | 20:53
505
3 daqiqa o‘qiladi

Pokiston Qoraqalpog‘istonda qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda

Pokiston kompaniyalari bilan zamonaviy chorvachilik kompleksini tashkil etish, kartoshka yetishtirish sohasida Pokiston tajribasini Qoraqalpog‘istonda joriy etish, agrar ta’lim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov hamda Pokistonning qator kompaniyalari va Multon qishloq xo‘jaligi universiteti mutaxassislari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Pokiston tomoni chorvachilik sohasida go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy chorvachilik kompleksini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Loyiha doirasida Pokistondan zotdor chorva mollarini yetkazib berish, ularni mahalliy iqlim sharoitida ko‘paytirish, go‘sht va sut mahsulotlari sifatini oshirish hamda fermer xo‘jaliklarini zamonaviy yem-xashak bilan ta’minlash tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, hududga 40 ming boshdan ortiq chorva mollarini jalb etishga qiziqish bildirdi.

Shuningdek, chorvachilik kompleksi bilan bir qatorda yem-xashak yetishtirish loyihasini amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.  

Bundan tashqari, kartoshka yetishtirish sohasida Pokiston tajribasini Qoraqalpog‘istonda joriy etish hamda agrar ta’lim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Multon qishloq xo‘jaligi universiteti mutaxassislari Qoraqalpog‘istondagi oliy ta’lim muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

“HRL Group” tomonidan Xo‘jayli tumani va Nukus shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “aqlli shahar” loyihalari doirasida yagona infratuzilma koridori konsepsiyasini joriy etish taklifi ilgari surildi.

Ushbu konsepsiyaga muvofiq, suv ta’minoti, kanalizatsiya, elektr energiyasi, telekommunikatsiya va internet tarmoqlari shaharsozlik jarayonlarida yagona infratuzilma koridori orqali joylashtirilishi nazarda tutilmoqda.  

Muzokaralar yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni boshlash maqsadida Qoraqalpog‘iston vakillarining Pokistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid