Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiya ikki o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi
Ular “talaba” vizasi bilan Yaponiyaga borgan. Ammo viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketishgan. Rasmiylar ularni hibsga olib, mamlakatdan chiqarib yubordi.
Foto: Depositphotos
Yaponiya immigratsiya xizmatlari agentligi 15 may kuni ushbu davlatda noqonuniy ravishda yashab turgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, har ikki shaxs “talaba” vizasi bilan Yaponiyaga borgan. Ammo viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketishgan. Ular rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
“Talaba” vizasi pul topish uchun emas, balki faqatgina o‘qish uchun beriladi. Agar noqonuniy yashash yoki noqonuniy mehnat qilish holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi”, deyiladi elchixona xabarida.
Shuningdek, Yaponiya hukumati qonunbuzarlik qilgan shaxslar haqida ma’lumotni O‘zbekiston hukumatiga ham taqdim etishi, shu sababli, bunday shaxslarga nisbatan O‘zbekistonga qaytganidan keyin ham tegishli choralar ko‘rilishi mumkinligi bildirilgan.
Elchixonaga ko‘ra, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun murojaat qilinsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan.
“Shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi. Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkinligi ta’kidlangan.
Elchixona “Yaponiyada ishlash mumkin” degan takliflarga osongina ishonmaslikni so‘ragan.
Avvalroq ham ikki o‘zbekistonlik Yaponiyadan deportatsiya qilingandi. Ulardan biri o‘qishdan chetlatilganiga qaramay, mamlakatda qolib yashayvergan. Ikkinchisi esa, qisqa muddatli viza bilan Yaponiyaga borib, viza muddati tugaganidan keyin ham kunchiqar yurtdan chiqib ketmagan.
Mavzuga oid
18:43 / 14.05.2026
Rossiyada migrantlarni chiqarib yuborish bo‘yicha yangi qoidalar ma’qullandi
15:48 / 14.05.2026
O‘zbekistonliklar Yaponiyaga vizani qanday olishi mumkin?
10:03 / 13.05.2026
Shvetsiyadan 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi
10:04 / 10.05.2026