O‘zbekiston | 22:36 / 21.05.2026
330
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston va O‘zbekiston chegara hududlarida mobil aloqani yaxshilaydi

Tojikiston va O‘zbekiston chegara hududlarida mobil aloqani yaxshilash bo‘yicha qo‘shma texnik ishlarni boshladi.

Foto: iStock

«Avesto» nashrining Tojikiston hukumati huzuridagi Aloqa xizmati matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, Tojikiston tomonining taklifiga binoan mamlakatga O‘zbekiston Elektromagnit moslashuv markazi mutaxassislari bordi. Ular Tojikiston elektromagnit moslashuv va radiomonitoring markazi mutaxassislari bilan birgalikda 2300 MGs diapazondagi radiochastota spektrini o‘lchadi.

Bunday ishlar ikki davlatning mobil tarmoqlari chegarada bir-biriga xalaqit bermasligi uchun zarur. Davlat chegarasiga yaqin hududlarda qo‘shni operator signali boshqa mamlakat hududiga kirib, xalaqit berishi yoki aloqa sifatini yomonlashtirishi mumkin.

Monitoring natijalariga ko‘ra, mutaxassislar bunday signallar manbalarini aniqladi, ularning darajasini baholadi va mobil tarmoqlarning texnik parametrlarini kelishib oldi. Tomonlar, shuningdek, xalaqitlarni kamaytirish bo‘yicha qo‘shma yechimlarni tayyorladi.

Birinchi navbatda, bu chora-tadbirlar Tojikistonning Tursunzoda, Shahrinav va Hisor tumanlarida aloqa sifatini yaxshilashi kerak.

Tojikiston Aloqa xizmatining ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasidagi mobil tarmoqlar parametrlarini doimiy ravishda sinxronlashtirish chegara hududlarida aloqani yanada barqaror qilishga yordam beradi.

Vazirlik, shuningdek, bunday ishlar nafaqat mobil operatorlar uchun, balki Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida telekommunikatsiya va raqamli infratuzilma sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun ham muhim, deb hisoblaydi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid