Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eron bilan deyarli tayyor bo‘lgan kelishuvga o‘zgartirishlar kiritmoqchi - OAV
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Eron bilan muzokaralar davomida kelishib olingan hujjat loyihasi bilan tanishgach, qo‘shimcha talablarni ilgari surgan.
Foto: REUTERS
AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar yakuniy bosqichga yaqinlashgan bir paytda prezident Donald Tramp bo‘lajak kelishuvning ayrim bandlarini tahrirlashga qaror qildi, deb xabar berdi Axios.
Ma’muriyatning yuqori lavozimli amaldori va mazkur masaladan xabardor yana bir manbaning ma’lum qilishicha, Tramp Amerika vakillari Eron tomoni bilan muzokaralar davomida kelishib olgan hujjat loyihasi bilan tanishgach, qo‘shimcha talablarni ilgari surgan.
Mansabdorlarning so‘zlariga ko‘ra, prezident kelishuvni imkoni boricha tezroq imzolashni istaydi, biroq u bir qator masalalarda hujjatni yanada qat’iyroq qilishni xohlamoqda.
Axios manbalariga ko‘ra, Trampning eng ko‘p e’tirozi Eronning yadroviy dasturiga oid talablar bo‘yicha bo‘lgan.
Hozirgi loyihaga muvofiq, Eron yadro qurolini yaratmaslik majburiyatini oladi. Shuningdek, Tehronning yadroviy faoliyatini cheklash va AQSh sanksiyalarini yumshatish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun 60 kunlik muddat belgilanishi nazarda tutilgan.
Asosiy masalalardan biri boyitilgan uran zaxiralari va uni ishlab chiqarishga nisbatan qo‘yiladigan keyingi cheklovlar bo‘lishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, AQSh prezidenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatiga oid ayrim bandlarni ham qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan.
Vashingtonning qo‘shimcha talablariga qaramasdan, AQSh ma’muriyati kelishuvni yakunlashga juda yaqin qolganini ta’kidlamoqda.
Oq uyning yuqori lavozimli amaldorlaridan biri Amerika tomoni kerak bo‘lsa prezident talablariga to‘liq javob beradigan hujjat tayyor bo‘lguniga qadar kutishga tayyor ekanini bildirgan.
Manbalarga ko‘ra, Eron tomoniga yangi takliflarga javob tayyorlash uchun bir necha kun kerak bo‘ladi.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida AQSh va Eron 60 kunlik sulh, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning erkin harakatlanishini tiklash hamda Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni boshlashni nazarda tutuvchi hadli kelishuvga yaqinlashgani xabar qilingandi.