Iqtisodiyot | 19:31
668
3 daqiqa o‘qiladi

Mikromoliya tashkilotlarining islomiy xizmatlari hajmi 8 barobarga oshdi

O‘zbekistondagi mikromoliya tashkilotlari 2026 yilning I choragida 11,2 mlrd so‘mlik islomiy mikromoliya xizmatlarini ko‘rsatdi, bu – yillik nisbatda 8 karra o‘sishni ko‘rsatadi. Umumiy moliyalashtirish hajmining qariyb 70 foizi murobaha bitimlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

2026 yilning I choragida mikromoliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmi 11,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 barobarga ko‘p, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Markaziy banki.

Mikromoliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan islomiy moliyalashtirish xizmatlari tarkibida murobaha asosiy ulushni egallab, jami hajmning 69 foizini yoki 7,7 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Hisobot davrida muzoraba xizmatlari hajmi 2,1 mlrd so‘m (19 foiz), islomiy ijara xizmatlari esa 1,4 mlrd so‘m (12 foiz)ga teng bo‘lgan.

Murobaha hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 barobarga oshgan bo‘lsa, islomiy ijara 300 barobarga o‘sgan.

Screenshot_1

Ma’lumot uchun:

  • Murobaha bitimida moliyaviy tashkilot mijoz xohlagan tovarni sotib oladi va keyin uni mijozga o‘z tannarxi va ustiga qo‘shilgan foyda miqdorini ochiq ko‘rsatgan holda sotadi.

  • Muzoraba – sherikchilikka asoslangan moliyalashtirish shakli bo‘lib, bir tomon kapital beradi, ikkinchi tomon esa mehnat, bilim va boshqaruv bilan ishtirok etadi.

  • Islomiy ijara – islom moliyasidagi lizing yoki ijaraga berish modeli bo‘lib, unda moliyaviy tashkilot muayyan aktivni sotib oladi va uni mijozga ma’lum haq evaziga foydalanish uchun beradi.

Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, 2026 yil I choragida islomiy moliyalashtirish xizmatlarining asosiy qismi 4 ta mikromoliya tashkiloti hissasiga to‘g‘ri keldi:

  • “Apex Moliya” MMT – 8,4 mlrd so‘m;

  • “Ael” MMT" – 2,1 mlrd so‘m;

  • “Enterprise Finance” MMT – 670 mln so‘m;

  • “Biznesni rivojlantirish” tashkiloti – 9 mln so‘m.

Yanvar–mart oylarida ko‘rsatilgan islomiy moliyalashtirish xizmatlarida yuridik shaxslar ulushi 46 foizni tashkil etib, ular tomonidan jami 5,2 mlrd so‘mlik xizmatlardan foydalanildi.

Jismoniy shaxslar hissasiga 2,9 mlrd so‘m (26 foiz), yakka tartibdagi tadbirkorlar hissasiga esa 3,1 mlrd so‘m (28 foiz) to‘g‘ri keldi.

Hududlar kesimida xizmatlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, bu yerda jami 10,6 mlrd so‘mlik islomiy moliyalashtirish xizmatlari ko‘rsatildi. Bu – jami hajmning 94 foiziga teng. Namangan viloyatida esa 670 mln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, bu hududning ulushi 6 foizni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 27 mart kuni O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun imzolandi. Qonun 2026 yil 29 iyundan kuchga kiradi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid