Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Real» jiddiy qayta qurish davriga kirmoqda
Madridning «Real» klubi prezidentlik saylovi natijasi oldindan aniq emasligiga qaramay, yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda.
«Real» – ligalarda mavsum yakunlanib, jahon chempionati boshlanguniga qadar bo‘lgan oraliqdagi asosiy nyusmeyker bo‘lib turibdi. Madriddagilar prezidentlik saylovlari arafasida turishibdi. Florentino Peres va Enrike Rikelme shov-shuvli bayonotlar va katta va’dalar orqali saylovchilar ovozi uchun kurashishmoqda. Peres – favorit. Ammo saylovlar hali bo‘lib o‘tmadi – demak, hozirdan Florentino prezidentlikda qolishini aniq aytib bo‘lmaydi. Buning ehtimoli yuqori, ammo hali barchasi hal bo‘lmagan.
Agar Peres lavozimida qoladigan bo‘lsa, Joze Mourinioni Madridga qaytarishini aytgan. Buning uchun «Benfika» klubiga 15 mln yevro miqdorida tovon puli ham to‘lab beriladi.
Rikelme esa agar saylovlarda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, «Real»ga jamoa muxlislari xohlaydigan superyulduz maqomidagi murabbiyni olib kelishini aytgan. U bu orqali katta ehtimol bilan Yurgen Kloppni nazarda tutmoqda.
Peresning raqibi «Real»ga ikki nafar superyulduz futbolchi olib kelishini, ulardan biri Erling Holand bo‘lishini aytib, muammoga ham uchradi – buning uchun «Manchester Siti» uni sudga bermoqchi.
Peresning o‘zining rejalari esa realroq. Quyida u rejalashtirgan transferlar haqida.
Markaziy himoyadagi muammolar
79 yoshli funksioner barchasini himoya chizig‘idan boshlamoqda: jamoa markaziy himoyasi vakillari bo‘lgan Antonio Ryudiger va Eder Militao so‘nggi yillarda ko‘p jarohat olmoqda: braziliyalik himoyachi ketma-ket ikkinchi bor xochsimon paylari uzilishi tufayli uzoq muddatga safdan chiqqan va futbolchilik faoliyatini yakunlashi mumkin, germaniyalik himoyachi esa allaqachon 33 yoshda. Markaziy himoyaning yana bir vakili, Madridda ishlari yurishmagan David Alaba esa shu yozda shartnomasi muddati tugab, jamoani tark etdi. Shuningdek, jamoaning ko‘p yillik sardori, o‘ng qanot himoyachisi Dani Karvahal ham ketdi.

Peres bir yil muqaddam «Liverpul»ning asosiy futbolchilaridan biri Trent Aleksandr-Arnoldni erkin agent sifatida Madridga olib kelgandi. Endi u bu tryukni takrorlamoqchi.
31 may kuni mersisaydliklar jamoasi Ibraima Konate ketayotganini e’lon qildi: fransuz himoyachi muddati tugayotgan shartnomasini uzaytirishdan bosh tortgan. U faoliyatini qayerda davom ettirishi allaqachon ma’lum bo‘lib ulgurdi.
Insayderlarga ko‘ra, Konatening o‘ziga katta miqdorda (20 mln yevro) ko‘tarma puli beriladi va u bilan 22,5 mln yevro miqdoridagi yillik maoshni ko‘zda tutuvchi to‘rt yillik shartnoma tuziladi.
27 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumni kuchli o‘tkaza olmadi – lekin bu mavsum butun Liverpul» uchun yaxshi o‘tmadi. Lekin u top-darajada futbol o‘ynash bo‘yicha katta tajribaga ega. Konate – atlet, baquvvat va yaxshi kurasha oladi. Bo‘yi 194 sm, shuning uchun ikkinchi qavatda ham o‘zini qulay his qiladi. Ulkan gavdasiga qaramay, tezligi ham yaxshi.
Shu bilan birga, Konate «yetakchi» himoyachi emas. «Liverpul»da mudofaa chizig‘ini u emas, Virjiyl van Deyk boshqargan. Uslub jihatdan niderlandiyalik va fransuz futbolchilari bir-birini juda yaxshi to‘ldirishardi: biri aqliy, ikkinchisi – jismoniy ishlarni o‘z zimmasiga olgan.

«Real»da kim «yetakchi» markaziy himoyachi bo‘ladi? Yuqorida aytilganidek, Ryudiger va Militao endi bunga yaramaydi. Ryudiger yakunlangan mavsumdagi 56 o‘yindan faqat 26 tasida qatnashdi, undan oldingi mavsumning oxirgi qismini ham jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandi. Bu yilgi jahon chempionatidan keyin u yuqori sport formasida bo‘lishi qiyin. Militao esa faqat oktyabrda safga qaytishi mumkin, ammo yana qancha vaqt jarohatsiz o‘ynay olishi noma’lum.
Din Hausen nominal himoyachi hisoblansa-da, uning asosiy skilli – to‘p bilan o‘yin. Uning paslari ajoyib, to‘p bilan oldinga bora oladi, ammo himoyalanishda unga savollar bor. Uning o‘zini doim kimdir sug‘urtalab turishi talab etiladi.
Markaziy himoyaning yana bir vakili Raul Asensio Karlo Anchelotti davrida porlagandi, ammo u ketganidan keyin deyarli o‘ynamay qo‘ydi, majburan tushirilgan o‘yinlarida esa ishonchni oqlay olmadi. Endi u shu yozda jamoadan ketish uchun asosiy nomzodlar qatorida.

OAVdagi xabarlarga ishonilsa, Peres markaziy himoyaga Konatedan tashqari Yoshko Gvardiolni ham olib kelishi mumkin. Xorvatiyalik himoyachi mavsumning katta qismida jarohat tufayli o‘ynay olmadi, ammo u hozir yaxshi formada – u doim elita darajadagi va o‘ta universal himoyachi bo‘lib kelgan. U Xosep Gvardiola qo‘li ostida yanada takomillashdi, ustozi «Manchester Siti»ni tark etganidan keyin u ham boshqa klubga o‘tish haqida o‘ylab ko‘rishi mumkin.
Qanot himoyasi
Aleksandr-Arnoldning o‘tgan yilgi transferini omadli deyish qiyin: ingliz futbolchisi o‘tgan mavsumning ko‘p qismini lazaretda o‘tkazdi, o‘ynash imkoniga ega bo‘lganida esa u qadar ishonchli ko‘rinmadi. Shuning uchun yozda «Real» o‘ng qanot himoyasini ham mustahkamlamoqchi.

The Athletic nashri Peres «Inter» futbolchisi Denzel Dumfrisni ko‘z ostiga olganini xabar qilgan. Florentino ushbu futbolchini jamoaga olib kelish uchun neradzurrilar bilan muzokara o‘tkazishi ham shart emas: niderlandiyalik futbolchining shartnomasida tovon puli ko‘rsatilgan. Insayder Fabritsio Romanoga ko‘ra, ushbu qanot himoyachisini 20 million yevro evaziga sotib olish mumkin.
Dumfrisning o‘zi Ispaniya poytaxti jamoasida o‘ynashni xohlashi, uning agentlari bilan allaqachon shartnoma bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani xabar qilingan.
Endi «Real»da bir-biriga umuman o‘xshamaydigan ikki nafar o‘ng qanot himoyachisi bo‘ladi. Trent klassik lateral emas. U ko‘proq qanotdan markazga ko‘chib, o‘yinni boshqarishga urinadi. Dumfris – uning butkul aksi. U klassik qanot futbolchisi – tezkor, kuchli va yaxshi kross uzatmalarga ega. Qolaversa, niderlandiyalik futbolchi – yakunlashda ham mohir. U «Inter» safidagi 207 o‘yinda 27 gol urgan. Uning pozitsiyasidagi (u standart vaziyatlar ijrochisi emas) futbolchi uchun bu juda yuqori ko‘rsatkich.
Shu bilan birga, «Inter»da Denzel uch markaziy himoyachidan iborat sxemada lateral sifatida o‘ynagan. «Real» esa, katta ehtimol bilan, 4-4-2 sxemasida (markaziy himoyachilar soni uch emas, ikki nafar bo‘ladi) harakat qiladi. Dumfrisda bunday sxemada o‘ynash tajribasi bor – masalan, Niderlandiya milliy jamoasida. Ammo, shu omil tufayli Madridda undan «Inter»dagi kabi sermahsullik kutish o‘rinli bo‘lmaydi.
Denzel 30 yoshda. U «hozir va shu yerda» natija ko‘rsatadigan futbolchi. Bunday futbolchi uchun bugungi kunda 20 mln yevro – juda oz. «Real» hozirgi o‘lchovlardagi kamtarona mablag‘ evaziga yuqori saviyali tayyor futbolchi olmoqda.
Shu tariqa, madridliklar mudofaasining o‘ng qanotida rang-baranglik bo‘ladi. Bu pozitsiyaning yakka egasi bo‘lmasligi aniq. Murabbiy muayyan raqibdan kelib chiqqan holda kimni tushirishni hal qiladi. «Real» chap qanotda ham shunday xilma-xillikka ega bo‘lishni xohlashi tayin. «Arsenal» himoyachisi Rikkardo Kalafioriga bildirilayotgan qiziqish shu bilan izohlanadi.

Italiyalik ushbu futbolchi ham noodatiy qanot himoyachisi hisoblanadi. U ham jamoasi hujum qilayotganida Trent kabi markazga o‘tib, qo‘shimcha variantlar taklif qilishi mumkin. Unda paslar aniqligi yuqori, zarbalari yaxshi, raqib jarima maydoniga kirib bora oladi, gollar uradi. Hozir nafaqat «Real»da, balki boshqa ko‘plab katta klublarda ham bunday qanot himoyachisi yo‘q. «Real»da hozir chap qanotdagi asosiy himoyachi Alvaro Karreras klassik lateral. Shuningdek, muntazam jarohat oladigan Ferlan Mendi va jamoadagi barcha murabbiylar davrida zaxira o‘rindig‘ida qolayotgan Fran Garsiya bor.
Peresning 150 millionlik va’dasi
4 iyun kuni Peres Enrike Rikelmening «Manchester Siti»dan Erling Holand va Rodrini olib kelish haqidagi shov-shuvli bayonotlariga javoban yurishini amalga oshirdi: u Horizonte dasturi efirida bu yozda klub uchun rekord miqdordagi transfer amalga oshirish rejasini aytdi. Hozirda «Real» tarixidagi eng qimmatbaho transfer qariyb uch yil muqaddam Dortmundning «Borussiya» klubidan 127 million yevroga sotib olingan Jud Bellinghem bo‘lib turibdi.
«Seshanba kuni men Chempionlar ligasida o‘ynovchi klubning superyulduz futbolchisi uchun taklif bilan chiqaman. Biz 150 million yevro to‘lashga tayyormiz. Men «Real» tarixidagi eng qimmatbaho futbolchi bilan shartnoma imzolashga urinib ko‘raman», – dedi u.
Prezident fanatlarga bir necha belgilar qoldirgan. Xususan, gap APL futbolchisi haqida ketmayotganini bildirgan: shu tufayli Holand va Jyeremi Doku varianti istisno qilindi. Shuningdek, Florentino bu «Bavariya»dagi Harri Keyn va Maykl Olise emasligini aytgan.
«Men qanday superyulduzni ovlayotganimni siz hech qachon topa olmaysiz. Madridliklar, seshanba kuniga tayyorlaning. Hech qachon umidlarni puchga chiqarmayman. Maqsadim – muxlislarni hayratda qoldirish. Men Zidan, Figu, Bekhem, Krishtianu, Kaka bilan shartnoma imzolaganman... Bu futbolchi o‘sha toifadan», – deya qo‘shimcha qildi 79 yoshli funksioner.
Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlarda Peres kimni nazarda tutayotganini taxmin qilish boshlandi. Ko‘pchilik bu «PSJ» yarimhimoyachilari Vitinya va Joau Neveshdan biri bo‘lishini taxmin qildi. Shuningdek, «Atletiko» hujumchisi Hulian Alvares va «Barselona» vingeri Lamin Yamal variantlari bildirildi.
Boshlovchi harchand harakat qilmasin, klub rahbari baribir kartalarni oldindan ochishdan bosh tortdi.
«Muxlislar kutishiga to‘g‘ri keladi. Avvaliga biz uning klubi bilan muzokara o‘tkazishimiz kerak. Raqiblarimizdan farqli o‘laroq, biz jiddiymiz», – deya qayd etgan Peres.
So‘nggi so‘zlari orqali u saylovdagi raqobatchisi Rikelmening go‘yoki Holand «Real»ga o‘tishni xohlashi, uning shartnomasida tovon puli belgilangani haqidagi gaplariga ishora qildi. Bu holatda Erlingning vakillari tezda raddiya berishgandi.
«Uning otasi, agenti va klub – barchasi aytishdi: bu yolg‘on. Barcha bu safsata ekanini ko‘rdi», – deya qayd etdi Peres.
Florentino klub «Liverpul» himoyachisi Ibraima Konate va «Inter» laterali Denzel Dumfris bilan kelishib qo‘yganini tasdiqladi. Shuningdek, u saylanadigan bo‘lsa, Joze Mourinio bosh murabbiy bo‘lishi hal qilingan masala.
«Joze keyingi mavsum «Real»da bo‘ladi. U meni ilhomlantiradi. Biz barchamiz uni taniymiz: u bizni raqobatlashishga o‘rgatgan. U ketganidan keyin (Mourinio «Real»da 2010-2013 yillarda ishlagan) biz oltita yevrokubok yutdik – bu u yo‘lga qo‘ygan raqobatbardoshlikning mevasidir. O‘ylaymizki, u hozir yana jamoaga kerak bo‘lgan katalizatorga aylanishi mumkin. Jamoaga ham qattiq, ham yumshoq qo‘l kerak, Mourinioda esa ikkalasi ham bor edi. Murabbiyga yuqori darajadagi 25 nafar futbolchidan iborat jamoani boshqarish oson emas, lekin u buni uddalay oladi», – deya xulosa qildi Florentino.
«Real» prezidentligi uchun saylovlar 7 iyunga belgilangan.
Mavzuga oid
12:04 / 04.06.2026
«Real» tarixidagi asosiy tahdidni to‘xtatish kerak». Peresni jangga chorlagan kim?
23:20 / 12.05.2026
Men ketmayman - «Real» prezidenti Florentino Peres shoshilinch matbuot anjumani o‘tkazdi
18:01 / 08.05.2026
«Real»da xaos. Valverde va Chuameni mushtlashib ketdi
20:19 / 06.05.2026