Jahon | 21:50
1063
9 daqiqa o‘qiladi

Eronning yadro bombasi yaratish imkoniyati qanday?

AQSh-Isroil hamda Eron o‘rtasida urush boshlanganiga 3 oydan oshdi. Ayni paytda tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib boryapti. Eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri — rasmiy Tehronning boyitilgan uran zaxiralari va uni ishlab chiqarishga qo‘yiladigan keyingi cheklovlar. Xo‘sh, rasmiy Tehronning yadroviy qurol yaratish imkoniyati qanday? Mamlakatning yadro dasturi qanday rivojlangan?

Eron yadro dasturi

Eronning yadro dasturi kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Jarayonning boshlanishi o‘tgan asrning 50-yillari oxiriga borib taqaladi. Eng qiziq jihati shundaki, mazkur tashabbus Amerikaning bevosita yordami bilan boshlangan. 1957 yilda AQSh prezidenti Duayt Eyzenxauyerning “Tinchlik uchun atom” tashabbusi doirasida Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasida yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolanadi. Dastur AQSh ittifoqchilariga yadro quroli yaratishdan voz kechish evaziga yadroviy texnologiyalarni taqdim etishni nazarda tutardi. O‘sha paytda Eronda G‘arb mamlakatlari bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan shoh — Muhammad Rizo Pahlaviy hukmronlik qilar va ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar juda iliq edi.

Hamkorlikning dastlabki bosqichidagi eng yirik yutuq 1967 yilda Qo‘shma Shtatlar tomonidan quvvati 5 megavatt bo‘lgan Tehron tadqiqot reaktorining yetkazib berilishi bo‘ladi. O‘zining xalqaro huquqiy tartibotga sodiqligini namoyish etish maqsadida, shoh hukumati 1968 yilda Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani ham imzolaydi. Ushbu huquqiy bazaga tayanib Eron rahbariyati atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha ulkan rejalarini e’lon qiladi. Yevropa kompaniyalari bilan faol hamkorlik boshlanadi. Xususan, Germaniyaning Siemens konserni bilan Bushehrda yirik atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolanadi.

Dasturning muzlatilishi

1979 yildagi Islom inqilobi va shohning ag‘darilishi yadro dasturining rivojlanish trayektoriyasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Oyatulloh Xumayniy boshchiligidagi yangi rahbariyat dastlab yadro texnologiyalariga G‘arb imperialistik ta’sirining xavfli ramzi sifatida qaradi. Xalqaro shartnomalarning aksariyati bekor qilindi, xorijiy mutaxassislar mamlakatni tark etdi, yadroviy loyihalar esa keyinga qoldirildi yoki butunlay bekor qilindi.
1980 yilda boshlangan Iroq bilan urush ishlarni butunlay to‘xtatdi, chunki barcha resurslar harbiy ehtiyojlarga yo‘naltiriladi. Iroq harbiy-havo kuchlari Bushehrdagi reaktor maydonini bir necha bor bombardimon qildi. Shu tariqa 1980-yillarning oxiriga kelib, Eron yadro dasturi moliyalashtirish va infratuzilma bazasidan mahrum bo‘ldi.

“Amad” rejasi

Iroq bilan bo‘lgan qonli urushning achchiq tajribasi Eron rahbariyatini milliy xavfsizlik doktrinasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi. Texnik jihatdan o‘zining zaifligini anglab yetgan va xalqaro yakkalanishga duch kelgan Tehron yadro dasturini qayta tiklash bo‘yicha strategik qaror qabul qiladi. Rasmiy ravishda 1990-yillarning boshlarida boshlangan va 1999 yildan 2003 yilgacha bo‘lgan davrda eng yuqori darajada rivojlangan “Amad” loyihasi yadro qurolini yaratishga qaratilgan o‘ta maxfiy ilmiy-texnik dastur bo‘ldi. Loyihaga 2020 yilning noyabr oyida Isroil va G‘arb davlatlari maxsus xizmatlari tomonidan o‘ldirilgan fizik olim, «Eron bombasining otasi» deya nisbat beriladigan Muhsin Faxrizoda rahbarlik qiladi. Ayrim manbalarga ko‘ra, “Amad” dasturining bosh maqsadi uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketalarga o‘rnatishga yaroqli yadro kallagini yaratish hamda yerosti yadroviy sinovini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat bo‘lgan. 2002 yilning avgust oyida kutilmaganda qat’iy sir tutilgan ikkita obekt: Natanzdagi uranni boyitish zavodi va Arakdagi og‘ir suv reaktori haqidagi ma’lumotlar tashqariga sizib chiqib ketadi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ushbu maydonlarda keng ko‘lamli qurilish ishlari ketayotganini tasdiqlaydi. Bu paytda Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat nihoyatda keskinlashib ketgandi. 2003 yil oxirida AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Iroqqa bostirib kiradi. Eronga qarshi ham xuddi shunday harbiy ssenariy xavfining paydo bo‘lishi fonida “Amad” rejasi to‘xtatiladi.

Eron yadro bomba yarata oladimi?

Eron hukumati yadro quroli yaratish rejasidan butunlay voz kechmaydi. Keyingi yillarda ham dastur sekinlik bilan o‘ta maxfiy tarzda rivojlantirildi. 2015 yilga kelib, Barak Obama ma’muriyati davrida tarixiy yutuqqa erishilgandi. Uzoq yillik muzokaralardan so‘ng, Eron va jahonning qudratli olti davlati o‘rtasida Venada Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi imzolandi. Kelishuv sharti oddiy edi: Eron o‘zining yadroviy dasturini qurol yaratmaslik kafolati bilan cheklaydi, buning evaziga esa Tehronga nisbatan joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalar bekor qilinadi. Ammo umidlar uzoqqa cho‘zilmadi. 2018 yilda AQShning yangi prezidenti Donald Tramp ushbu kelishuvni “tarixdagi eng yomon bitim” deb atadi va Qo‘shma Shtatlarni kelishuvdan bir tomonlama olib chiqdi. Eron iqtisodiyotiga qaqshatqich zarba beruvchi “Maksimal bosim” sanksiyalari qayta joriy etildi. O‘z navbatida rasmiy Tehron ham uranni boyitish va uran zaxiralarini oshirish, shuningdek, ilg‘or sentrifugalardan foydalanishni faollashtirdi. Kuzatuv va monitoring faoliyati uchun o‘rnatilgan MAGATE’ning barcha uskunalari olib tashlandi.

Yadro bombasi yaratish uchun 90 foiz darajasida boyitilgan uran kerak bo‘ladi. Xalqaro atom energiyasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hozirda uranni 60 foizgacha boyitishga erishgan. 60 foizdan 90 foizgacha o‘tish texnik jihatdan nisbatan oson qadam hisoblanadi. Ayrim manbalarda Natanz, Fordo va Isfahon yadroviy obektlari hududida 60 foizgacha boyitilgan 440 kg uran bo‘lishi mumkinligi keltiriladi. Bu 9 ta yadroviy qurol uchun yetarli miqdor. AQSh razvedkasi va xalqaro tashkilotlarning xulosalariga ko‘ra, Eron bomba yaratish imkoniyatiga maksimal darajada yaqinlashgan, ammo uni amalda yig‘magan. Tayyor qurolga ega bo‘lish uchun rasmiy Tehron quyidagi murakkab texnik bosqichlardan ham o‘tishi kerak. Avvalo, boyitilgan uran gazini metall holatiga keltirish lozim. Undan keyin zanjir reaksiyasini boshlab beruvchi murakkab portlatish mexanizmini loyihalash va sinovdan o‘tkazish talab etiladi. Shundan so‘ng yadroviy zaryad ballistik raketaga joylashishi uchun yetarli darajada kichraytiriladi. Mutaxassislarning fikricha, qurollashtirish jarayonini yakunlash uchun 6 oydan 2 yilgacha vaqt ketishi mumkin. Ayni paytda Eronda tayyor yadro quroli yo‘q va mamlakat rahbariyati qurolni to‘liq yig‘ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagan deb hisoblanadi. 2025 yil 21-22 iyun kunlari AQSh va Isroil qurolli kuchlari Eron yadro dasturining uchta asosiy obektiga misli ko‘rilmagan kuchli zarbalar berdi. Natanzdagi obekt butunlay vayron qilindi, Fordo va Isfahondagi obektlar “o‘ta og‘ir zarar” ko‘rdi. Eron deyarli barcha ishlayotgan sentrifugalarini yo‘qotdi. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu zarbalar Eron yadro dasturini kamida 2-2,5 yil orqaga qaytargan.

Ayni paytda AQSh va Eron rasmiylari o‘rtasida urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilyapti. Vashintondagilar Tehrondan yadro quroli yaratishdan butunlay voz kechish va oldingi yadroviy materiallarni Erondan olib chiqib ketishni talab qilyapti. Rasmiy Tehron esa har qanday cheklovlarni rad etgan holda zaxiralarning mamlakatdan olib chiqib ketilishiga qarshilik ko‘rsatyapti.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid