Jahon | 20:29
1786
7 daqiqa o‘qiladi

Eron afsonaviy Apacheʼni urdi. Urush qaytalandi

Donald Tramp Eronda urush tugagani haqida ancha avval aytgandi. Keyin tomonlar muzokaraga juda yaqin, kutib turing, ikki haftagina qoldi va biz g‘alaba e’lon qilamiz, dedi. Lekin kuni kecha Tramp «harbiy qudrati to‘liq yo‘q qilingani»ni aytgan Eron armiyasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi uzra uchayotgan Amerikaning mashhur Apache vertolyotini urib tushirdi.

Eron oldin Amerika samolyotini ham urib tushirgan, lekin Apache qulashi jiddiy voqea bo‘ldi. Chunki vertolyot pastlab uchadi, uni dushman osmonida patrulga chiqargan davlat uchoqqa hech kim xavf solmasligiga ishonadi, jang maydonida g‘alabasi tayin bo‘lgan deb biladi.

Amerika armiyasining bu afsonaviy vertolyotini avval ham urib tushirishgan, aynan Yaqin Sharqda, Iroq urushi davomida. Eronliklar Apacheʼni urgach, Amerika yana Eronga zarbalar yog‘dirdi, muzokaralar to‘xtab qoldi. Amerika va Isroil boshlagan mantiqsiz urush Qo‘shma Shtatlarda jahon chempionati boshlangan vaqtda ham davom etadigan bo‘ldi.

Karbaloda ham urishgandi

Apache juda mashhur uchoq, harbiy vertolyotlar orasida eng mashhuri desa ham bo‘ladi. Amerikaning bu afsonaviy uchog‘i ko‘p marta Yaqin Sharqqa «ko‘milgan». Iroqdagi urushda amerikaliklar bir nechta Apache yo‘qotgan. Iroqliklar uni tankka qarshi qurol yoki oddiy pulemyot bilan urib tushirgan. Shuningdek, cho‘l sharoitida qiyinchilikka uchragan vertolyotlar qulab tushgan holatlar ham bo‘lgan.

2003 yil bosqinchilar Karbaloni egallash uchun vertolyotlar bilan shturm qilganda jiddiy hujumga uchraydi. Hujumda qatnashgan 31 vertolyotning barchasi zarar ko‘radi, bitta Apache urib tushiriladi. Urib tushirilgan uchoq va asir olingan uchuvchilarni televizorda ko‘rsatishadi. Keyinchalik amerikaliklar vertolyotni havo zarbasi bilan yo‘q qiladi, lekin sharmandalik uchun o‘sha voqealarning o‘zi kifoya edi. Keyinchalik yamanlik husiychilar ham Saudiya armiyasiga tegishli Apacheʼni urib tushirganini xabar qilgandi. Aynan Karbalodagi holat bu mashhur vertolyot bilan sodir bo‘lgan eng esda qolarli voqea bo‘lgandi.

Mana, endi Eronda Apache urib tushirilishi navbatdagi eskalatsiyaga sabab bo‘lmoqda. Aytgancha, toping-chi, eronliklar uni nima bilan urib tushirishdi? Esingizda bo‘lsa, Iroqda Apacheʼni mahalliy dehqon otasidan qolgan eski qurol bilan urib tushiribdi, degan uydirma tarqalgandi. Hozirgi internet asrida bunaqa gap tarqatish imkonsiz. Ha, to‘g‘ri topdingiz, Apache eronliklar tomonidan dron bilan urib tushirilgan. 2026 yilda boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas axir. Ukraina zamonaviy urush qoidalarini butkul o‘zgartirib yubordi, endi qimmat raketalar, tanklar, temir-tersak davri o‘tdi. Mana, Apache deganlarini ham arzon-garov dron bilan urib tushirishdi.

Urush cho‘zilajak

Endi bu voqeaning eng muhim ahamiyatiga to‘xtalsak. Donald Tramp va Binyamin Netanyahu Eronga qarshi urush boshlaganda vahimalari juda katta edi. Axir birinchi soatlarning o‘zida Ali Xominaiy o‘ldirildi, unga qo‘shib butun Eron oliy rahbariyati yo‘q qilindi. Bir qarashda endi Eron hech qanday qarshilik qilolmaydigandek edi.

Katta ehtimol ikkovlon Eronda Venesuelada bo‘lgani kabi mutlaq diktatura hukmron deb o‘ylashgan. Mantiqan o‘ylab qaralsa, diktatura hukmron davlatda rahbar qulasa, tuzum ham qulaydi. Ha, Eronda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomon, ayollar huquqi himoyalanmagan, lekin bu davlat boshqaruvi dunyoviy diktaturalardek emas. Hukumat bir kishining qo‘lida bo‘lishi mumkin, lekin boshqaruv ko‘pchilikdan iborat diniy kengash nazoratida.

Xominaiydan keyin kim o‘zini yangi siyosiy liderdek ko‘rsatsa, Amerika va Isroil uni o‘ldira boshladi, lekin urushning to‘rtinchi oyiga kelib Eron oq bayroq ko‘tarmadi, boyitilgan uranni Amerikaga bermadi, biz taslimmiz, demadi. Qaytaga urushning to‘rtinchi oyiga kelib Amerika Apache vertolyotini yo‘qotdi va yana urushni qayta tikladi.

Urush deganda Birinchi jahon urushiga o‘xshagan kimda qancha odam bo‘lsa, okopdagi mantiqsiz o‘limga yuborgan axmoqona urushni tushunmaslik kerak. Aynan o‘sha Birinchi jahon urushidan keyin yevropaliklar bilan bir qatorda dunyo kattalari safiga qo‘shilgan Amerika bu davr ichida aql bovar qilmas darajada kuchayib ketdi. Bugun butun dunyodagi davlatlar harbiy xarajatlarini qo‘shsa ham, Amerikanikidek bo‘lmaydi. Eron va Amerika o‘rtasidagi farq taqqoslab bo‘lmaydigan darajada.

Bu Amerika uchun urush emas, «SVO» bo‘lishi kerak edi aslida. Bunaqa urushda Amerika armiyasining birgina askari o‘lishi, birgina harbiy uchog‘i yo‘qotilishi ham jang maydonidagi mag‘lubiyatga tenglashtiriladi. Hech kim Amerika Erondagi nechta harbiy zavodni yo‘q qilganini sanamaydi, lekin bitta Amerika vertolyoti qulashini hamma gapiradi, amerikaliklar yutqazyapti deydi. Chunki farq shu darajada katta.

Amerika hech qachon bu urushni boshlamasligi, boshlaganda ham, uni o‘ziga gard yuqtirmay bir necha kunda yumaloq yostiq qilishi kerak edi. Bu aslo Iroq yoki Afg‘onistondagi urushga o‘xshamaydi, Tramp butkul boshqacha da’vo bilan boshlagandi bu «maxsus harbiy amaliyotni».

Va urushning to‘rtinchi oyiga kelib yana yadroviy kelishuv o‘rtaga chiqmoqda. Vaholanki Tramp prezidentlikka kelgan paytda Obama ma’muriyati bilan Eron hukumati yadroviy kelishuv imzolagan, Tehron yadro dasturini rivojlantirmaslikka rozi bo‘lgandi. Tramp kelishi bilan kelishuvni bekor qiladi. Endi shuncha urush, shuncha qurbonlardan keyin yana aylanib-o‘rgilib o‘sha yadroviy kelishuvga to‘xtalishyapti.

Bugun Amerikada futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanadi. Bu insoniyat tarixidagi eng ko‘p kuzatiladigan, diqqat markazida turadigan hodisa. Butun dunyoning ko‘zi Amerikada, futbol muxlislari uyqusini Amerika vaqtiga to‘g‘rilash haqida o‘ylamoqda. Lekin mana shu dunyo diqqat markazidagi, butun dunyodan mehmonlarni kutib olayotgan Amerika Yaqin Sharqda urushib yotibdi.

Men siyosatchi emasman, lekin buning nomini strategik xato deyishadi. Hech narsa mamlakat nomini yomonotliq qilishga arzimaydi. Oxirgi oylarda Amerikaning xalqaro avtoriteti jiddiy zarar ko‘rdi. Hech qanday natija keltirmagan urush shunga arzirmidi? Menimcha, arzimasdi...

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid