O‘zbekiston | 20:09
419
3 daqiqa o‘qiladi

Jinoyat kodeksiga aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar bobi kiritiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. Ushbu qonun parlament tomonidan qabul qilingan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilmoqda, bu orqali aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligiga tahdid solayotgan xavfli qilmishlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Narkojinoyatlarning zamonaviy usul va shakllari inobatga olinib, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish, narkotiklarning noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish, bangixona tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, 10 dan ortiq xavfli qilmish bo‘yicha jazo choralari og‘irlashtiriladi.

Davlat rahbari ushbu qonun narkojinoyatchilikka qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, aholi salomatligi va millat genofondini himoya qilishda muhim huquqiy asos bo‘lishini ta’kidladi hamda uni imzoladi.

Taqdimotda idoralararo ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi haqida ham axborot berildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda narkovaziyat jiddiy o‘zgarib, an’anaviy giyohvandlik vositalarining o‘rnini sintetik narkotiklar egallamoqda. Ularni tarqatish usullari ham o‘zgarib, asosan, internet orqali kontaksiz shaklda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mamlakat ichkarisida yashirin laboratoriyalar paydo bo‘layotgani ushbu sohada huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Yangi qonun loyihasida davlat siyosatining 7 ta asosiy yo‘nalishi belgilanmoqda. Ular orasida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni shakllantirish, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarga barham berish, giyohvandlikning barvaqt profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish kabi choralar mavjud.

Loyihada narkotiklar aylanmasi, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishda bevosita ishtirok etuvchi 14 ta davlat organining vazifa va vakolatlari aniq belgilanishi nazarda tutilgan. Qonuniy muomaladagi moddalar ustidan davlat nazorati kuchaytirilib, ularni olib kirishdan tortib, realizatsiya qilishgacha bo‘lgan jarayonlar uzluksiz elektron nazorat qilinadi.

Prekursorlar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar muomalasini qat’iy tartibga solishni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Bu borada elektron nazorat tizimini joriy etish, noqonuniy holatlarga qarshi idoralararo hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Prezident giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlar orasida mazkur illatning tarqalishiga qat’iy chek qo‘yish bo‘yicha takliflarni ma’qulladi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid