Texnologiya | 20:26
1220
3 daqiqa o‘qiladi

Trampning shov-shuvli smartfoni Xitoy telefonining to‘liq nusxasi bo‘lib chiqdi

Tahlil shuni ko‘rsatdiki, qurilma faqat rangi va ba’zi ahamiyatsiz xususiyatlari bilan farq qiladi.

Foto: Videodan kadr

Shov-shuvli Trump T1 smartfoni dastlab vatanparvarlik, «100 foiz AQSh hududida ishlab chiqarilgan», Apple va Samsung qurilmalari muqobili sifatida taqdim etilgan edi. Oradan bir yil o‘tgach, smartfon nihoyat birinchi egalariga yetib bordi. iFixit mutaxassislari qurilmani qismlarga ajratishga va tekshirishga qaror qildi.

Mutaxassislar smartfonni kompyuter tomografidan o‘tkazib, so‘ngra oxirgi murvatigacha qismlarga ajratib, kutilganidek, e’lon qilinganidan keyin ham tushunarli bo‘lgan narsani aniqladilar: T1 smartfonidagi aksariyat komponentlar va asosiy texnik xususiyatlar 2024 yilda chiqarilgan HTC U24 Pro bilan to‘liq mos keladi.

«Trampofon» HTC mahsulotining mutlaq nusxasiga o‘xshamasligi uchun uning kamera moduli dizayni va dinamik panjarasi o‘zgartirilgan, LED chirog‘i biroz siljitilgan va korpusi esa oltin rangga bo‘yalgan. Qolgan komponentlar bir xil, jumladan Snapdragon 7 Gen 3 chipseti, 12 GB operativ xotira va 512 GB xotira.

Bundan tashqari, muhandislar HTC U24 Pro asosiy platasini Trump Mobile T1 korpusiga o‘tkazishga muvaffaq bo‘lishdi - bunda qurilma HTC logotipi tushirilgan tizimni ishga tushirib, ishlashda davom etdi.

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, bu holat turli brendlar uchun minimal dizayn o‘zgarishlari bilan bir xil asosiy platformani ishlab chiqaradigan umumiy OEM/ODM ishlab chiqaruvchisidan foydalanishni ko‘rsatadi. Demak, Trump T1 ham Amerika qobig‘idagi to‘liq xitoylik gadjet hisoblanadi.

Avvalroq Trump T1 kelib chiqishi Xitoyga borib taqalishi tufayli tanqid qilingan edi. Dastlab Tramp jamoasi uning Amerikada ishlab chiqarishiga e’tibor qaratdi, biroq keyinchalik bu ibora saytdan yo‘qolib, uning o‘rniga noaniq «American-proud design» shiori qo‘yildi.

T1 Phone 499 dollarga baholangan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 600 mingdan ortiq kishi smartfonga oldindan buyurtma bergan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid