Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shveytsariyada mamlakat aholisi sonini cheklash to‘g‘risida referendum bo‘lib o‘tdi
Shveytsariya fuqarolari mamlakat aholisi sonini 2050 yilgacha 10 mln nafardan oshirmaslik to‘g‘risidagi taklifni rad etdi. 2025 yil holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi soni 9,1 mln nafarni tashkil etgan.
Shveytsariya fuqarolari referendumda mamlakatning doimiy aholisi sonini 10 mln nafardan oshirmaslik haqidagi taklifni qabul qilmadi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ovoz berganlarning 55 foizi ushbu tashabbusga qarshi chiqqan.
«10 mln aholili Shveytsariyaga qarshi / Barqaror rivojlanish tashabbusi» g‘oyasini mamlakatning eng yirik o‘ng konservativ partiyasi — Shveytsariya xalq partiyasi ilgari surgandi.
Taklifda mamlakat aholisi 2050 yilgacha 10 mln kishidan oshmasligi ko‘zda tutilgan, agar bu ko‘rsatkich ikki yil ichida oshsa, Shveytsariya 2002 yildan buyon amal qilib kelayotgan Yevropa Ittifoqi bilan erkin harakatlanish to‘g‘risidagi kelishuvni bekor qilishi lozim edi. Ushbu kelishuv Shveytsariya va YeI davlatlari fuqarolariga belgilangan qoidalar asosida bir-birining hududida yashash va ishlash huquqini beradi. Shu bilan birga, Shveytsariya Yevropa Ittifoqi yoki Yevropa iqtisodiy hududi tarkibiga kirmaydi va Bryussel bilan munosabatlarni ikki tomonlama asosda olib boradi.
O‘tgan yil oxirida Shveytsariya aholisi 9,1 mln nafarni tashkil etgan. 2024 yil holatiga ko‘ra, mamlakatda taxminan 89 ming nafar migrant qochqin yoki boshpana so‘rovchisi maqomiga ega bo‘lgan.
Shveytsariya Federal statistika boshqarmasining o‘tgan yilgi prognoziga ko‘ra, mamlakat aholisi migratsiya hisobiga o‘sishda davom etadi va 2055 yilga borib taxminan 10,5 million kishiga yetadi. Shu bilan birga, tug‘ilish darajasi past bo‘lib, tabiiy o‘sish deyarli nolga teng.
Mavzuga oid
16:40 / 12.06.2026
Mundial tanishtiruvi. B guruhi haqida nimalarni bilish kerak?
11:30 / 08.06.2026
O‘zbekiston aholisi o‘rtacha necha yoshda?
08:51 / 04.06.2026
Germaniya fuqaroligini olgan chet elliklar soni rekord darajaga yetdi
21:21 / 03.06.2026