Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Netanyahuni aqlsizlikda aybladi va Eron bilan kelishuv 2–3 soat ichida imzolanishini aytdi
Donald Tramp Isroil yetakchisini sog‘lom fikrlay olmaslikda aybladi va Isroilning Bayrutga hujumi kelishuv imzolanishining kechikishiga sabab bo‘lganini ta’kidladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan kelishuv «ikki-uch soat ichida» tuzilishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u bilan suhbatlashgan Fox News muxbiri Treyt Ignst xabar qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv avval elektron shaklda imzolanadi, keyin esa bir hafta ichida tomonlar uni «Yevropaning biror joyida» shaxsan imzolaydilar.
Tramp shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqot qilgani va Bayrut atrofiga qilingan hujumlar bo‘yicha uni so‘roqqa tutganini bildirdi.
Isroilning N12 telekanaliga bergan intervyusida AQSh prezidenti Netanyahuni «aslo ehtiyotkor emas» deb atadi va mazkur hujum tomonlar o‘rtasida kelishuv imzolanishining kechikishiga sabab bo‘lganini ta’kidladi.
Axios nashri bilan suhbatda Tramp Eron bilan kelishuv kutilayotganidek yakshanba kuni imzolanishini tasdiqladi. Uning aytishicha, maslahatchilari Isroil Bayrutga zarba bergani haqida aytishganida shokka tushgan.
«Bu dahshat - men bunga ishona olmadim. Bu kelishuv imzolashimizdan bir soat oldin sodir bo‘ldi! Bibiga bu hujumni amalga oshirish nega kerak bo‘ldi? Men juda g‘azablandim. Unda sog‘lom fikr yo‘qligini aytdim», — dedi Amerika yetakchisi.
Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Isroilning Bayrut yaqiniga hujumini tanqid qildi. Isroil armiyasi hujum nishonlari sifatida Hizbullohning qo‘mondonlik markazini ko‘rsatgandi.
Donald Tramp avvalroq 14 iyun kuni AQSh va Eron o‘rtasida mojaroni yakunlash bo‘yicha kelishuv imzolanishini ma’lum qilgandi.
O‘z navbatida, Eronning Fars agentligi Tehron Vashington belgilagan muddatda AQSh bilan kelishuvni imzolashga tayyor emasligi haqida xabar berdi.
Mavzuga oid
18:06 / 14.06.2026
Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
14:07 / 14.06.2026
Tramp Venesueladagi narkokartel rahbari o‘ldirilganini e’lon qildi
00:49 / 14.06.2026
Tramp Eron bilan kelishuv 14 iyun kuni imzolanishini ma’lum qildi
09:45 / 13.06.2026