Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Olimlik poygasi: bugungi tadqiqotchilarning motivatsiyasi nima?
Oxirgi yillarda ilmiy ish qilayotgan, olimlik rutbasini olgan tadqiqotchilar soni keskin ko‘paygan. Davlat rivoji uchun ularning ko‘paygani yaxshi, chunki tadqiqot ishlari natijasida ilmiy yechimlar beriladi. Lekin obro‘-e’tibor, qo‘shimcha daromad uchun xo‘jako‘rsinga ilmiy izlanish olib borayotganlar ham anchagina. Kun.uzʼning navbatdagi suhbatida xuddi shu mavzuda so‘z boradi va unda qatnashganlar fikricha, hozirgi tadqiqotchilarning ilmiy yangiligi dissertatsiyalarda qolib ketmoqda.
Ilmiy daraja bu shaxslarga beriladigan rasmiy unvon yoki tarjimai holni boyituvchi ma’lumot emas. Ilmiy daraja sohiblarining soni ortishi esa davlatda ilmiy salohiyat yuksalayotganini isbotlashi kerak. Biroq O‘zbekistonda bu jarayon formallashib bormoqda va asosiy maqsad qo‘shimcha obro‘-e’tibor, daromad manbai bo‘lib qolmoqda.
Kun.uz bilan suhbatlashganlardan biri, Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlari doktori Umid Xoliqulov fikricha, tadqiqotchilar ilmiy unvon olgach o‘qituvchilik bilan cheklanib qolyapti va ilmiy yangiligini amalda joriy qilmayapti. Ustiga-ustak o‘qituvchilikning ham qator topshiriqlari sabab dissertatsiyadagi izlanishlar qog‘ozda qolib ketmoqda. O‘zim ilmiy ish qilish uchun 10 yil umrimni sarflaganman, deydi u.
“Asosiy muammo vaqtda emas, haqiqiy tadqiqotni olib borish kerak. Ya’ni ma’lumotlarni to‘g‘ri tanlash, ularni qayta ishlash, uni tajribada sinab ko‘rishga vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kerak. Agar shu jarayonlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ilmiy yangilikning hayotga joriy qilinishi avtomatik ravishda amalga oshib ketaveradi”, deydi Xoliqulov.
Dunyoning qator rivojlangan davlatlarida ilmiy jarayonlarni universitetlarning o‘zi olib boradi. O‘zbekistonda Oliy attestatsiya komissiyasi buni tartibga soladi, kvotalarni vazirlik belgilaydi. Shu o‘rinda komissiyaning vazifalari bugun qanchalik kerak, degan savol o‘rinli.
Prezidentning ilmiy jarayonlarni tartibga solishga mo‘ljallangan yangi farmoni bilan ilmiy kengashlar mustaqilligi kengaymoqda, deydi komissiya matbuot kotibi Bahodir Jovliyev.
“Oliy attestatsiya komissiyasining bugungi kundagi faoliyati u dissertatsiyaga va ilmiy unvonlarga qo‘yilayotgan talablarning yagonaligini va ularning bir xilda butun O‘zbekiston miqyosida qilinishini ta’minlashdan iborat”, - deydi u.
Xo‘sh, bugungi ilmiy tadqiqotchilarning motivatsiyasi nimalar iborat: ilm-fanga hissa qo‘shishmi, daromadmi yoki obro‘-e’tibor?
Professor Xoliqulov fikricha, uchala turdagi tadqiqotchilar ham bugun ko‘p. OAV vakillariga ko‘ra esa, ochiq himoya jarayonlaridan hamma ham silliq o‘tolmaydi.
“Bittagina maqolangiz kafedrada 20 ta, 30 ta eng zo‘r mutaxassislar ko‘rigidan o‘tishi kerak. Ularning oldidan o‘ta olmaganingizdan keyin siz, albatta, keyingi safar himoyaga chiqmaysiz. Undan keyin seminar bosqichi bor, yana qo‘shimcha bosqichlar bor, ochiq himoya bor. Ochiq himoya jarayonlarida har kim ham oddiy materialni o‘qib berib o‘tib ketishiga men shubha bildiraman. Chunki uni nafaqat amaliyotda isbotlagan hujjatlari bilan, balki o‘sha dissertatsiyasining to‘liq ichiga kirib chiqmagan bo‘lsa agar, u, albatta, himoya qila olmaydi”, deydi OAK vakillari.
Yaqinda OAVga intervyu bergan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti rahbarlar ham ilmiy ish qilayotgani, lekin aslida ularning bunga vaqti yo‘qligi va tadqiqoti natijasida ilm-fanga hech qanday foyda yo‘qligini aytgandi. OAK esa bunga raddiya bergan. Ayni mavzuda so‘ralgan savollarga suhbat davomida ham OAV vakillari rahbarlar juda yaxshi amaliyotchi, deya javob qaytardi.
2010 yilga qadar o‘zbekistonlik olimlarning nashr etgan maqolalari xalqaro akademik hamjamiyat tomonidan tan olingan. 90 foiz holatda qat’iy taqriz va jiddiy standartlari bor ilmiy jurnallarda chop etilgan. 2018 yilga kelib esa, bu 2 foizni ham tashkil etmaydi. Maqola chiqarish majburiyati – keraksiz jurnallarning ochilib, ko‘r-ko‘rona chiqishini ta’minlovchi biznesni yaratdi. Xo‘sh, maqola chiqarishdan maqsad son bo‘lishi kerakmi yoki unda nima yozilgani, matnning mazmuni?
“Jami 7 ta maqola chiqarish kerak, ulardan bittasi xorijda chiqishi talab etiladi. 7 ta maqolangiz, siz yozadigan dissertatsiyangiz agar 120 bet hisoblanadigan bo‘lsa, dissertatsiyaga asos ana shu maqola bo‘ladi”, deydi OAK matbuot kotibi Bahodir Jovliyev.
OAK g‘irrom nashrlar borligini tan oladi, ma’lum bo‘lishicha, har yil oxirida talabga javob bermagan nashrlar e’lon qilinadi.
Suhbatni Kun.uzʼning YouTube’dagi sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid
08:44 / 02.06.2026
Sasseks universiteti O‘zbekistonda kampus ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
11:21 / 13.03.2026
Norfolkdagi universitetda otishma: FTB hujumchini IShID tarafdori deb atadi
15:45 / 11.03.2026
Xorijiy OTMga kirish uchun IELTS’dan necha ball olish kerak?
08:38 / 05.03.2026