Jahon | 19:23
1010
8 daqiqa o‘qiladi

AQSh-Eron kelishuvi Netanyahu va Tramp o‘rtasida kelishmovchilikka olib kelmoqda

Isroil rasmiylari eng muhim ittifoqchisi – Tramp ma’muriyatini g‘azablantirishdan qo‘rqib, omma oldida Eron bilan kelishuvga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirmoqda. Biroq o‘zaro suhbatlarda norozilik aniq sezilib turibdi, deb yozmoqda Reuters nashri.

Foto: Reuters

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshladi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu urush – Eronning diniy rahbarlarini ag‘daradi va uni AQSh-Isroil ittifoqining me’mori sifatida mamlakatdagi saylovlar oldidan mavqeyini mustahkamlashini kutgandi.

Buning o‘rniga, Isroilning eng uzoq muddat xizmat qilgan bosh vaziri – Tramp bilan to‘qnashuv yo‘liga kirib qoldi, deb yozmoqda Reuters. Chunki AQSh prezidenti urushdan chiqib ketishga harakat qilmoqda. Har ikki yetakchining ham maqsadlari amalga oshmadi, Isroilning Livandagi harbiy amaliyotlari esa botqoqqa botib qolgan.

Isroil rasmiylari – tanqidchilarga nisbatan o‘ta ta’sirchan, eng muhim ittifoqchisini AQShni g‘azablantirishdan qo‘rqib, omma oldida Eron bilan kelishuvga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirmoqda. Biroq o‘zaro suhbatlarda norozilik aniq sezilib turibdi.

Dastlabki kelishuv «Isroil uchun dahshatli. Isroil rahbariyatida, bosh vazirdan tortib bosh shtab boshlig‘igacha, buni boshqacha ko‘rayotgan biror kishi yo‘q», deya ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan Isroil mulozimlaridan birining so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Rasmiy Vashingtonga ko‘ra, ular o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amalda bo‘ladigan kelgusi 60 kun ichida yakuniy shartlarni muzokara qiladi. Ammo Isroil rasmiylari bu kelishuv doirasidagi 60 kunlik muzokaralar muddati uzaytirilishi ehtimoli borligini aytgan. Bu esa Isroilning xavotirlari hal etilmay qolgan bir paytda, uning harbiy harakatlar qilish bo‘yicha qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qo‘yadi.

Livan ortidan kelishmovchiliklar

Netanyaxu va Tramp kelishuvga qadar Isroilning Livandagi Hizbullohga qarshi zarbalari sababli ham bir necha bor to‘qnash keldi. Chunki sulhda barcha nuqtalarda harbiy harakatlarni to‘xtatish Eronning asosiy talablaridan biri edi.

Oyning boshida Tramp Netanyahuni «miyasi aynigan, g‘irt aqldan ozgan» deb ta’riflagan. U AQSh Eron bilan kelishuvga erishishga harakat qilayotgan bir paytda, Netanyahuga Bayrutga zarba bermaslikni buyurgan edi.

Netanyaxu o‘sha kuni hujumlarni bekor qildi, biroq bir hafta o‘tgach, Bayrutning janubiy chekkasiga zarba berdi. Bu esa Eronning Isroilga raketa zarbalari yo‘llashiga va Tramp har ikki tomonni ommaviy qoralashiga sabab bo‘ldi.

AQSh va Eron o‘zlarining muvaqqat kelishuvini e’lon qilishlaridan bir necha soat oldin, yakshanba kuni Livandan Isroilga raketalar otilgani aytildi. Shundan keyin Isroil Livan poytaxtiga yana zarbalar berdi. Tramp bu safar otishmalarni «kichik va ahamiyatsiz» deb atadi.

Isroil AQSh-Eron kelishuvidan «g‘aflatda qolgan»

AQSh va Eron o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi Shveytsariyada – 19 iyun kuni imzolanishi kutilmoqda. Aniq shartlar ma’lum bo‘lmasa-da, vositachi Pokiston bitim barcha jabhalarda, jumladan Livanda ham harbiy amaliyotlarni butunlay to‘xtatishini aytdi.

Netanyahu esa dushanba kungi matbuot anjumanida Isroil o‘z qo‘shinlarini Livan janubida qoldirishini va Hizbulloh hujumlariga qarshi «harakat erkinligi»ni saqlab qolishini aytdi.

«Eron bizning u yerdan chiqib ketishimizni xohladi, lekin men qat’iy turdim. Biz harakat erkinligimizni saqlab qolyapmiz va shimoldagi fuqarolarimizni himoya qilish uchun xavfsizlik zonasini ushlab turibmiz», dedi u jurnalistlarga.

2026-06-16 19.30.38

Muvaqqat kelishuv Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi neft yo‘lagini qayta ochadi, Tehron yadroviy dasturining taqdiri esa yakuniy bitimga erishish uchun 60 kunlik muzokaralar davrida hal qilinishi uchun qoldiriladi.

Isroillik uch nafar rasmiysining aytishicha, Isroil 60 kunlik bitim 90 kungacha uzaytirilishi ehtimolini juda yuqori deb baholamoqda. Bunda AQSh kengroq bitim bo‘yicha muzokaralar olib borar ekan, mintaqada o‘z harbiy texnikalari va kuchlarini joylashtirishni davom ettiradi.

Reuters bilan gaplashgan boshqa rasmiylar esa o‘tgan hafta Tramp ilk bor Eron bilan kelishuv yaqinligini aytganida Isroil g‘aflatda qolganini bildirdi. Ularning tan olishicha, Isroil muzokaralarga ta’sir o‘tkazishda deyarli muvaffaqiyatga erisha olmagan.

Tramp bilan munosabatlar va saylovlar

Netanyahu Quddusda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tramp bilan ba’zida fikrlari ayro tushganini tan oldi.

«U Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti, men Isroil bosh vaziriman. Ko‘p hollarda qarashlarimiz mos keladi, lekin qarashlarimiz unchalik mos kelmaydigan paytlar ham bo‘ladi. Men Isroil xavfsizligiga, manfaatlariga mas’ulman», dedi Netanyahu.

Reutersʼga ko‘ra, kuzgi saylovlarda mag‘lub bo‘lishi prognoz qilinayotgan Netanyahu Trampga qarshi chiqishga ko‘proq moyil bo‘lishi mumkin. Chunki ijtimoiy so‘rovlar Isroil jamoatchiligi – AQSh prezidentining Isroil xavfsizligiga bo‘lgan sodiqligiga shubha bilan qaray boshlaganini ko‘rsatmoqda.

«U Tramp bilan janjallashib qolmaslik uchun kelishuvga ochiqchasiga qarshi chiqmaslikka harakat qiladi. Ammo u Isroil bu kelishuv bilan bog‘lanmaganini va Isroil o‘z huquqlarini saqlab qolishini bildiradi», deya qo‘shimcha qildi u.

Obama va Baydendan farqli o‘laroq Netanyahu Isroil jamoatchiligiga o‘zini Tramp bilan aloqa o‘rnatishda yagona mohir arbob sifatida ko‘rsatib kelgan.

Xususan, Trampning birinchi muddatida Isroil Vashingtondan yirik siyosiy o‘zgarishlarni qo‘lga kiritdi: AQSh o‘z elchixonasini Quddusga ko‘chirdi va «Ibrohim kelishuvlari» imzolandi. Eron masalasida esa Tramp Obama davrida imzolangan va Isroil «haddan tashqari yumshoq» deb shikoyat qilgan yadroviy kelishuvdan chiqib ketgandi.

2026-06-16 19.38.36

2019 yilgi saylovlar paytida Netanyahu o‘zini Tramp bilan qo‘l berib ko‘rishayotgan tasvirlaridan ulkan tashviqot bannerlarida ham foydalangandi.

Biroq hozirda, AQSh-Eron bitimi – Netanyahuning «Tramp bilan yaqin munosabatlari» haqidagi gaplarini chippakka chiqarmoqda.

«Netanyahu ushbu kelishuvni Isroil jamoatchiligiga aslo sotolmaydi (ma’qullatolmaydi). U umid qilishi mumkin bo‘lgan «eng yaxshi narsa» — AQSh-Eron yakuniy kelishuvga erisha olmasligi va urush 60 kundan keyin Isroil foydasiga qaytadan boshlanishidir», deydi siyosatshunos Jonatan Rinhold.

Shu bilan birga, Netanyahuning energetika vaziri Eli Koen, agar Eron o‘zining yadroviy va raketa salohiyatini qayta tiklasa, Isroil yolg‘iz harakat qilishga tayyor bo‘lishini aytdi. «Agar Eron yadroviy va ballistik raketa dasturlarini yangilashga urinsa, biz o‘sha yerda bo‘lamiz va harakat qilamiz», dedi Koen.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid