Sport | 20:06
3932
3 daqiqa o‘qiladi

Jaloliddin Masharipov milliy jamoa tarkibidan chiqarildi

Futbolchi jamoa bilan turnirga yo‘l olgandi, ammo jarohatidan tiklana olmadi. Endi uning yakuniy tarkibdagi o‘rnini Ruslanbek Jiyanov egalladi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

O‘zbekiston milliy jamoasining uzoq yillik yetakchilaridan biri, yarimhimoyachi Jaloliddin Masharipov 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok eta olmaydi. O‘FA matbuot xizmati u jarohati tufayli tarkibdan chiqarilganini ma’lum qildi.

«Jaloliddin Masharipov uzoq muddat o‘yin amaliyotisiz qoldi va mashg‘ulotlarda to‘liq ishtirok etolmadi.

Futbolchini tezroq safga qaytarish va tiklash maqsadida tibbiy shtab tomonidan zarur choralar ko‘rildi va individual tayyorgarlik dasturi asosida ish olib borildi.

O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar tahlili FIFA tibbiy qo‘mitasiga taqdim etildi. Qo‘mita holat yuzasidan o‘rganish olib bordi va futbolchimizning Jahon chempionatida ishtirok etolmasligini ma’lum qildi. Uning o‘rniga yakuniy ro‘yxatga Ruslanbek Jiyanov kiritildi.

Jaloliddin Masharipovga tezroq sog‘ayib, safga qaytishini tilab qolamiz», – deyiladi O‘FA xabarida.

Jaloliddin Masharipov mundialdan oldingi yig‘inga olib ketilgan, ammo jarohati tufayli Kanada va Niderlandiya milliy jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnasha olmagandi.

Shundan keyin OAVda u jamoa mashg‘ulotlarida ham qatnashmayotgani va tarkibdan chiqarilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

O‘FA matbuot xizmati bu borada izoh berib, so‘nggi vaqtlarda futbolchini bel qismidagi og‘riqlar bezovta qilgani, dori-darmonlar va fizioterapiya muolajalari yordamida uning holati yaxshilangani, biroq keyinchalik og‘riqlar yana qayta bezovta qila boshlagani, futbolchining sog‘lig‘i bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi tibbiy shtabi tomonidan zarur muolajalar olib borilayotgani haqida ma’lumot bergandi.

Futbolchining o‘zi esa o‘zidagi bu muammo (umurtqalararo disk churrasi – grija) 5-6 yildan beri borligi, o‘yinlarga ukol olib chiqqani haqida aytgan va tez orada umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarga qo‘shilishga umid qilayotganini bildirgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid