Jahon | 22:16
1421
3 daqiqa o‘qiladi

Vatikan va «yahudiylar lobbisi» Putinni aldadi - Lukashenko

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirilganidan so‘ng, qo‘shinlariga Kiyevdan chekinishni buyurgan, chunki undan buni «muayyan siyosatchilar va kuchlar» so‘ragan va u «tinchlikni tiklamoqchi» bo‘lgan, biroq aldangan. Bu haqda Aleksandr Lukashenko Al-Arabiya telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Foto: belta.by

«Menimcha, Bosh shtabdagi harbiy vakillarimiz ham, agar ular [Rossiya qo‘shinlari] Kiyevga hujumni davom ettirganida, u yerda Zelenskiy ham, hech kim qolmagan bo‘lardi, deb hisoblashadi. Ularni [rossiyaliklarni] yana bir marta aldashdi. Bu Vatikan va ajablanarlisi, yahudiy lobbisi, isroilliklar edi. Ular [prezident] Zelenskiy nomidan: «Bo‘ldi, tinchlikka rozi bo‘lamiz», deyishdi. Boshqalar ham. Men shundan kelib chiqdim. Keyin esa urush cho‘zilib ketdi», deb javob berdi Lukashenko.

U, shuningdek, Putin qo‘shinlari 2022 yilda Kiyevda bo‘lganini va Rossiya prezidenti qo‘shinlarni Ukraina poytaxtidan olib chiqishga rozi bo‘lmaguncha, «hamma Ukrainaning kunlari sanoqli ekanini tushunganini» aytdi.

Belarus prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Kiyevdan chekinish to‘g‘risidagi qaror Putin tomonidan «tinchlikni tiklash» uchun qabul qilingan. Uning fikricha, beshinchi yil davom etayotgan urushda «hech kim o‘z maqsadiga erishmadi», ammo Rossiya armiyasi «muvaffaqiyatliroq va oldinga siljimoqda».

Shuningdek, Lukashenko Zelenskiyga ehtiyotkor bo‘lishni, «tinchlanishni» va uni va Belarus aholisini «qo‘zg‘atmaslikni» tavsiya qildi. Avvalroq, may oyi oxirida Lukashenko Ukraina prezidenti giyohvand moddalar iste’mol qilishi va ruhiy kasallikka chalingan bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Lukashenko Zelenskiy haqidagi keskin so‘zlariga izoh berar ekan, «qayerdadir oshirib yuborganini» tan oldi.

«Balki men qayerdadir oshirib yuborgandirman, lekin bu uning noo‘rin bayonotiga javob edi: «Bizda 500 ta nishon bor, biz Lukashenkoning qayerdaligini bilamiz. Biz ertaga raketalar, dronlar bilan zarba beramiz», dedi. Men indamadim. Hatto hamma mening indamaganimga hayron bo‘lardi. Men tushunardim: odam shunday bosim ostida, yosh, tajribasiz, u harbiy odam emas. Balki miyasida nimadir ishlamayotgandir. Men indamadim. Ammo menga tahdid qila boshlaganida, javob berishga majbur bo‘ldim», dedi Belarus rahbari.

«Agar Vladimir Aleksandrovich [Zelenskiy] mendan ranjigan bo‘lsa, bu gapim uchun undan uzr so‘rayman… Balki u haqda bunchalik keskin gapirmasligim kerak edi. Ammo, boshqa tomondan, u tushunishi kerak, bizda ko‘pincha shunday deyishadi: qanday gapirsang, shunday javob olasan», dedi Aleksandr Lukashenko.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid