Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Investorlarni siz deyishga tayyormiz” – Toshkentda investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda
17 iyun kuni beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Bundan qashqari, yalpi sessiyada Albaniya prezidenti, bosh vazir va vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va siyosatchilar qatnashdi. Investorlarni “siz” deyishga tayyormiz, dedi Mirziyoyev o‘z chiqishida.
Forumda bu yili 4 mingdan ortiq delegatlar qatnashmoqda. Prezidentga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonga 150 mlrd dollardan ortiq investitsiya jalb qilingan, shundan 123 milliardi oxirgi 5 yilga to‘g‘ri kelmoqda.
Yalpi sessiyada shuningdek, forum uchun kelgan xorijiy davlat prezident va hukumat rahbarlari ham chiqish qildi. Masalan, so‘zga chiqqan Albaniya prezidenti O‘zbekistondan ko‘proq turistlarni davlatiga taklif etdi.
“So‘nggi 10 yilda Albaniya iqtisodi rivojlandi, infratuzilma va aholi hayoti yaxshi tomonga o‘zgardi. Shu o‘rinda aytmoqchiman, Albaniya bugun xorijiy investorlarga o‘z investitsiyasiga 100% egalik huquqini beruvchi huquqiy asoslarga ega davlat. Jiddiy transformatsion bir davrda investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish kerak, deb bilaman”, deydi Albaniya prezidenti.
Rossiya bosh vaziriga ko‘ra, oxirgi yillarda O‘zbekiston bilan Rossiyaning tovar aylanmasi 12,5 foizga o‘sgan.
“Bugungi kunda O‘zbekiston bozorida 3 mingdan ortiq rus kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 150 ga yaqin investitsiya loyihalariga egamiz, bu kamida 4 trln dollar degani. Istiqbolli yo‘nalishlarimiz ancha, masalan Samarqanddan Sankt-Peterburggacha bo‘lgan turistik yo‘nalishni ishlab chiqdik. Rossiya ishbilarmonlarini yanayam O‘zbekistonda faol bo‘lishga chaqiraman”, dedi Mixail Mishustin.
Ozarboyjon bosh vaziri ham global bozorlardagi o‘zgarishlar sabab investitsiyaviy yaqinlikni kengaytirishni gapirdi.
Belarus bosh vaziriga ko‘ra esa, Minsk Toshkentga sanoat sherikligini taklif qilmoqda.
“Belarus O‘zbekistonga investitsiya kiritish bo‘yicha MDH regionida 2-o‘rinda turibdi. Biz bu davlatga o‘z takliflarimizni berganmiz, ulardan biri sanoat sherikligi. Bizning qishloq xo‘jaligi texnikalarimiz, ayniqsa traktorlar allaqachon O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqda”, dedi Belarus bosh vaziri.
Investitsiya forumi ikki kun davomida turli sessiyalarda ham davom etadi. Unda energetika sektori, siyosiy xatarlar va aralash moliyalashtirish, korporativ boshqaruvning kelajagi, mas’uliyatli biznes yuritish, islomiy moliya va sukuk bozorlari, maxsus iqtisodiy zonalar, suv-energiya-oziq-ovqat zanjiri, yengil sanoat loyihalari, elektrotexnika va mashinasozlik, iqlimga mos agro platforma va boshqa mavzular muhokama qilinadi.
O‘zbekiston investorlar uchun ochiqligini saqlab qolishi kerak, deydi Kun.uz bilan gaplashgan Germaniyadagi KfW IPEX Banking Group vakili.
“Prezidentning gaplari ta’sirli, biz allaqachon O‘zbekistonda 2 mlrd yevrodan ortiq portfelga egamiz. Xususan, metallurgiya, tog‘-kon sanoati, energetika va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, bank sohalarida juda faolmiz”, deydi Yekaterina Galitsina.
- Kredit reytinglarini yanada yaxshilash uchun O‘zbekiston yana nimalar qilishi kerak?
“Bu ko‘p masalalarga bog‘liq, lekin menimcha, shunchaki islohotlarni davom ettirish, xalqaro sarmoyalar oqimiga ochiq bo‘lish juda muhim. Chunki ko‘rib turganingizdek, bu yerga butun dunyodan, barcha mamlakatlardan juda ko‘p sarmoyalar kirib kelmoqda, to‘g‘rimi? G‘arb kompaniyalaridan tortib, Ko‘rfaz mintaqalari, Shimoliy mamlakatlar, Janubiy Osiyogacha. Va har bir mamlakat, har bir sarmoya mamlakat uchun yangi tajriba va yangi ko‘mak olib kelishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi u.
AQShning FLS kompaniyasi vitse-prezidenti Peter Flanagan fikricha esa O‘zbekiston mis sanoati bo‘yicha jahondagi yetakchilardan biriga aylanishi mumkin.
“Kecha prezident bizni, amerikalik investorlarni o‘z saroyida qabul qildi. Biz tog‘-kon sanoatida ishlaymiz, ya’ni oltin, mis, litiy kabi strategik muhim xomashyolarni chiqarishga yordam beruvchi texnologiyalarni ishlab chiqaramiz. O‘zbekistonda strategik minerallarning anchasi mavjud. Ular allaqachon o‘zlashtirilmoqda, masalan Olmaliqdagi yirik mis loyihasida qatnashyapmiz. Prezident nimalar bo‘layotganiga shaxsan qiziqadi. 38 yildan beri shu sohada ishlayman, qaysi kanalni qo‘ysangiz hozir strategik xomashyolarni gapiradi. Bilasizmi, mis bo‘yicha O‘zbekiston jahondagi yetakchilarga aylanishi mumkin”, deydi amerikalik investor.
Dunyoga mashhur arxitektura kompaniya Zaha Hadid Architecs direktori ham forum qatnashchilari qatorida. Uning kompaniyasi Yangi Toshkentdagi Alisher Navoiy tadqiqot markazini loyihalayapti.
“Birinchi marta investitsiya forumidaman. Mintaqada ancha yillardan beri faoliyat olib boramiz, O‘zbekiston uchun sarmoyaviy imkoniyatlar va qiziqarli loyihalar ko‘payotganini ko‘rish yoqimli”, deydi Manuela Gatto.
– O‘zbekiston bilan bog‘liq loyihangiz haqida eshitdim. Bizning tomonimiz bilan ishlash qanchalik qulay yoki oson bo‘ldi?
- Biz uchun juda oson bo‘ldi. Biz Yangi Toshkent direksiyasi bilan, ya’ni hukumat tomoni bilan ishladik va biz uchun hamma narsa juda oddiy va tushunarli edi, shu bois hech qanday muammoga duch kelmadik.
- U qachon amalga oshiriladi?
- Xo‘sh, hozirda u qurilish bosqichida, poydevor qismini qurib bo‘lishdi va u keyingi bir necha yil ichida qad rostlaydi.
- Loyihangiz haqida ko‘proq ma’lumot bera olasizmi? Uni qanday tanladingiz va O‘zbekiston tomonidan moliyalash haqida nima deya olasiz?
-Xo‘sh, biz me’mormiz, shu sababli moliyaviy tomoni bilan bevosita shug‘ullanmadik. Bu Yangi Toshkentni, ya’ni shu yerda, Toshkent yonida quriladigan ikki million aholiga mo‘ljallangan yangi shaharni moliyalashtirishning bir qismi hisoblanadi. Demak, bu hukumat tomonidan moliyalashtiriladi va biz me’mor sifatida o‘z xizmatlarimizni taqdim etyapmiz, deya qo‘shimcha qildi ZHA direktori.
Eslatib o‘tamiz, prezident Mirziyoyev o‘z nutqida shuningdek, nufuzli iqtisodiy reytingda mamlakat 14 pog‘ona yuqorilagani, bu yili O‘zbekiston YaIM 180 mlrd dollardan oshishini ma’lum qildi. Forum 18 iyun kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Mavzuga oid
20:04
O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari bir qator iqtisodiy loyihalarni ishga tushirdi
18:06
Shavkat Mirziyoyev lord Stokvud boshchiligidagi Britaniya delegatsiyasini qabul qildi
17:47
Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari delegatsiyasi bilan uchrashdi
14:10