Jahon | 20:41
1243
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning yirik neft-gaz kompaniyasi top-menejeri pora uchun o‘limga hukm qilindi

Xitoyda sud CNOOC davlat neft va gaz kompaniyasining sobiq bosh ijrochi direktori Yuan Guanyuyni pora uchun o‘lim jazosiga hukm qildi.

Reuters xabariga ko‘ra, shuningdek, u siyosiy huquqlaridan va barcha mol-mulkidan mahrum etildi.

Tergov shuni ko‘rsatdiki, 2001 yildan 2022 yilgacha top-menejer shartnomalar tuzish, biznes yuritish va lavozimlarni egallashda yordam berish evaziga pul va qimmatbaho buyumlar olgan. Pora miqdori 152 million yuandan (taxminan 22,5 million dollar) oshdi.

Ma’lum qilinishicha, 67 yoshli Yuan aybiga iqror va pushaymon bo‘lgan, noqonuniy olingan mablag‘larni qaytargan va tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan, shu sababli hukm ijrosi 2 yilga kechiktirildi. Keyinchalik, agar u yangi jinoyatlar sodir etmasa, jazo umrbod qamoq bilan almashtirilishi mumkin.

CNOOC Xitoyning uchinchi yirik milliy neft kompaniyasidir. Bu so‘nggi yillarda Xitoyda sudlangan navbatdagi top-menejer hisoblanadi. 2025 yil may oyida China National Petroleum Corp (CNPC) davlat kompaniyasining sobiq rahbari Van Ilinga 13 yillik qamoq jazosi tayinlandi, u ham pora olishda aybdor deb topildi. Noqonuniy boyish miqdori 35 million yuandan oshdi.

Xitoy rahbari Si Szinpin energetika va moliya kabi sohalardagi korrupsionerlarga nisbatan "shafqat" qilmasligini aytgan edi. Avvalroq dunyodagi eng yirik banklardan biri bo‘lgan Bank of China sobiq raisi Lyu Lyange, China Merchans Bank sobiq prezidenti Tyan Xueyyuy, China Citic Bank sobiq rahbari Sun Deshun va China Life Insurance sobiq raisi Van Bin ikki yilga kechiktirilgan o‘lim jazosiga hukm qilingan edi.

Ayrim hollarda hukmlar ijro etilgan: masalan, 2021 yilda China Huarong davlat moliyaviy gigantining sobiq rahbari Lay Syaomin taxminan 1,8 milliard yuan pora olganlikda aybdor deb topilib, qatl etilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid