Sport | 21:53
1577
5 daqiqa o‘qiladi

Debyutda mag‘lubiyat. Qayerda xato qildik?

Bugun o‘zbek futboli uchun tarixiy kun. Milliy jamoamiz JChlaridagi ilk o‘yinida maydonga tushdi. Ha, biz juda kuchli, vahshiy Kolumbiyaga mag‘lub bo‘ldik, lekin pozitiv jihatlar ham bor. Ko‘pchilik debyut o‘yinida «sochilib ketishimiz», nazorat izdan chiqishidan qo‘rqqandi. Bunday bo‘lmadi, futbolchilarda hayajon, xatolar bo‘ldi, lekin dovdirash, «mandraj» bo‘lmadi. Shaxsan men o‘yindan xursand bo‘ldim, afsonaviy futbolchi Kannavaro jamoaga xotirjamlik qo‘sha olibdi.

Birinchi gol bor

Demak o‘yindagi eng pozitiv jihat mundiallardagi ilk golimizni urganimiz bo‘ldi. O‘zbekiston natija kerak deb quruq, antifutbol o‘ynamadi, imkon qadar hujumkor, yorqin o‘yin ko‘rsatishga, to‘pni nazorat qilishga urindi. Ayniqsa gol urgan vaziyatimizda hamma zo‘r o‘ynadi: markazdan hujumni boshlagan Otabek ham, juda to‘g‘ri «kalit uzatma» bergan Akmal Mozgovoy ham, oxirigacha kurashib, to‘pni Eldorga uzatgan Doston ham, darvozabon uchun yoqimsiz zarba bergan Shomurodov va juda zo‘r joy tanlagan Abbos ham. O‘zbekiston 80 ming muxlis sariq libosda Kolumbiya deb baqirayotgan stadionda hisobda ortda borayotib, muvozanatni tikladi, tasavvur qilyapsizmi?

Keyingi pozitiv jihat jamoadagi xotirjamlik. Fabio Kannavaro o‘z tajribalarini o‘rtoqlashib, futbolchilarga xotirjamlik bera olgani ko‘rindi. Shaxsan men hech bir futbolchining oyog‘i qaltiraganini ko‘rmadim. Agar hakam kolumbiyalik futbolchi Eldor bilan kurashda to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani uchun penalti berganida, vaziyat butkul boshqacha bo‘lib ketardi. O‘zi bu chempionatda hakamlar juda g‘alati qarorlar qabul qilyapti. Jarima maydonchasi ichida himoyachi to‘pni notabiiy holatdagi qo‘li bilan o‘ynasa, qanday penalti bermaslik mumkin, janob Teylor? APLda qo‘l bilan o‘ynash mumkinmi yoki?

Xatolar

Kolumbiya yuqori darajadagi jamoa ekani yaqqol ko‘rindi. Bu O‘zbekistonning butun tarixidagi eng kuchli raqibi bo‘ldi. Kolumbiya aslo biz mag‘lub etgan Venesuelaga o‘xshamaydigan, haqiqiy Lotin Amerikasi an’analariga xos agressiv, vahshiy o‘yin ko‘rsatadigan jamoa. Bunday xarakterdagi jamoaning deyarli barcha futbolchilari Yevropa klublarida o‘ynashi ularni yanada qo‘rqinchli qiladi.

Kolumbiya bizni kuchli o‘yini bilan mag‘lub etdi, lekin oxirgi ikki gol bizning xatolardan keyin urilganini ham tan olishimiz kerak. Ikkinchi golda Shomurodov markazda to‘pni yo‘qotdi. Kolumbiya juda tez qarshi hujumga o‘tdi va gol urdi. Zarbani Yusupov qaytarsa bo‘lardi, to‘pga qo‘li tegdi ham. Uchinchi golda O‘rozov yakkama-yakka kurashda raqibni o‘tkazib yubordi. Jahongir to‘pni autga tepib yuborishi ham mumkin edi, lekin 1:2 hisobida biz hujum qilishimiz kerak edi, shu sabab u to‘pni maydonda saqlab qolib, hujumga yetkazib berishga umid qilgandi. Jamoa butunlay hujumga e’tibor qaratgani uchun uchinchi gol vaqtida himoyada konsentratsiyani yo‘qotib qo‘ydi.

Afsonaviy «Atsteka»

Qisqacha O‘zbekiston qanaqa atmosferada o‘ynagani haqida. Kolumbiya bilan o‘yinimiz Mexikodagi afsonaviy «Atsteka» stadionida o‘tkazildi. O‘yinni 80 824 muxlis chipta sotib olib stadiondan tomosha\ qildi. Shundan 80 mingi kolumbiyalik muxlislar edi, menimcha. Butun stadion sariq libosda edi axir.

«Atsteka» uchta jahon chempionati o‘yinlarini qabul qilgan yagona stadionga aylandi. Bungacha 1970 va 1986 yilgi mundial ham o‘tgan bu afsonaviy arenada. Pele boshchilik Braziliya aynan shu stadionda ketma-ket uchinchi jahon chempionligini qo‘lga kiritib, oldingi jahon kubogi sovrinni butunlay o‘ziniki qilgan. Aynan shu stadionda Maradona Angliyaga qo‘l bilan mashhur golini urgan va keyinchalik jahon chempioni bo‘lgan. Va endi ana shu afsonaviy stadionda Abbosbek Saidjon o‘g‘li O‘zbekistonning mundiallardagi ilk golini urdi!

Menda bu o‘yindan keyin jamoamizga ishonch oshdi. Portugaliya bilan bundan ham yaxshiroq o‘ynay olishimizga ishondim. Xatolardan to‘g‘ri xulosa qilib, endi butkul hayajonsiz o‘ynashimiz kerak.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid