O‘zbekiston | 19:27
989
5 daqiqa o‘qiladi

Milliy jamoaning tarixiy o‘yini va birinchi sun’iy yo‘ldosh interneti - mahalliy dayjest

O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatida birinchi o‘yinni o‘tkazdi. Davlat xizmatchilari uchun qamoqxonaga ekskursiya amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekistonda Amazon Leo sun’iy yo‘ldosh interneti ishga tushiriladi. Toshkentda Volkswagen avtomobillarini yirik uzelli yig‘ish tashkil etiladi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatida birinchi o‘yinni o‘tkazdi

«Oq bo‘rilar» mundialdagi ishtirokini mag‘lubiyat bilan boshladi. Mexiko shahridagi «Atsteka» stadionida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazilgan o‘yin 1:3 hisobida yakunlandi.

Birinchi bo‘limda to‘liq tashabbusga egalik qilgan janubiy amerikaliklar 40-daqiqada Daniyel Munos goli evaziga hisobni ochdi. 60-daqiqada Eldor Shomurodov zarbasidan keyin to‘p darvozabon orqali bo‘sh darvoza qarshisida turgan Abbosbek Fayzullayevga yetib keldi va yarimhimoyachi O‘zbekistonning jahon chempionatlari tarixidagi ilk goliga mualliflik qildi. Ammo ko‘p o‘tmay Kolumbiya yana hisobda oldinga chiqib oldi: tezkor qarshi hujumni Luis Dias gol bilan yakunladi. So‘nggi daqiqalarda Haminton Kampas bosh bilan O‘tkir Yusupov qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi.

Bosh murabbiy Fabio Kannavaro shogirdlari navbatdagi o‘yinni 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.

O‘zbekistonda Amazon Leo sun’iy yo‘ldosh interneti ishga tushiriladi

Amazon Leo (AQSh) kompaniyasi hamda «UZ-SAT» qo‘shma korxonasi o‘rtasida O‘zbekiston hududida yuqori tezlikdagi sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini tarqatish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Unga ko‘ra, Amazon Leo sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i yuqori tezlikdagi internetga ulanish xizmatlarini taqdim etadi. Ushbu xizmatlardan foydalanuvchilar nafaqat shahar hududida, balki telekommunikatsiya infratuzilmasi cheklangan yoki mavjud bo‘lmagan olis va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari hamda hududlarda ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ma’lumot berilishicha, mijozlar tarmoqqa Amazon Leo Nano, Amazon Leo Pro va Amazon Leo Ultra kabi yuqori samaradorlikka ega ixcham antennalar orqali ulanib, mamlakatning istalgan nuqtasida yuqori tezlikdagi keng polosali internet xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Davlat xizmatchilari uchun qamoqxonaga ekskursiya amaliyoti yo‘lga qo‘yildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda davlat xizmatchilari uchun jazoni ijro etish muassasalari hamda tergov hibsxonalariga profilaktik ekskursiya amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlanishicha, ekskursiyaning asosiy maqsadi — korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning og‘ir oqibatlarini davlat xizmatchilariga bevosita ko‘rsatish, har qanday noqonuniy xatti-harakatning muqarrar huquqiy oqibatlari haqida aniq tasavvur shakllantirish, xizmat vakolatidan faqat davlat va jamiyat manfaatlari yo‘lida foydalanish mas’uliyatini oshirish hamda halollik, qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqlikni kuchaytirishdan iborat.

Ekskursiya davomida davlat xizmatchilari tergov xonalari, hibsda saqlash kameralari hamda muassasalarning boshqa infratuzilma obektlari bilan yaqindan tanishtirilgan. Shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo o‘tayotgan shaxslar bilan muloqotlar tashkil etilgan.

Toshkentda Volkswagen avtomobillarini yirik uzelli yig‘ish tashkil etiladi

Tegishli loyihaga prezident Shavkat Mirziyoyev va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer tomonidan start berildi.

Ikki mamlakat yetakchilari bir qator qo‘shma investitsiya va ta’lim loyihalarini imzoladi va boshlab berdi. Volkswagen zavodidan tashqari, Andijon viloyatida logistika markazini barpo etish, suyuq maishiy yuvish vositalarini ishlab chiqarish, temiryo‘l sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash hamda zamonaviy imtihon markazlarini ochish kabi loyihalar shular jumlasidan.

Ta’kidlanishicha, ushbu tashabbuslarni amalga oshirish sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid