Jahon | 22:39 / 19.06.2026
927
7 daqiqa o‘qiladi

Tushunarsiz kelishuv: Tehron uni «Amerika ustidan g‘alaba» deb talqin qilmoqda

Amerika va Eron nihoyat kelishdi. Urushni tugatish bo‘yicha kelishishdi, deyishni istardim, lekin bunday bo‘lmadi. Tomonlar 60 kun davomida o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga oladigan anglashuv memorandumi imzoladi. Aynan shunday – anglashuv memorandumi, sulh emas.

Bu ertadan urush tugaydi, hamma narsani kelishib olishdi degani emas. Tramp xohlaganidek, Eronning kapitulyatsiyasi ham emas. Qaytaga Tehronda kelishuvni «Amerika ustidan qozonilgan g‘alaba» deb talqin qilishmoqda. Isroil esa kelishuvdan norozi. Ishoning, Netanyahu istagan vaqtida urushni qaytalashi mumkin. Unda Amerika fevraldan buyon nima uchun urushdi?

Ho‘rmuz ochilishi natijami?

Amerika–Eron to‘qnashuvi zamonaviy dunyo tarixidagi eng mantiqsiz ikkinchi urush bo‘ldi. Birinchisini uch kunda tugatishmoqchi edi, beshinchi yilki davom etmoqda. Urush deganda, avvalo, ikki jahon urushi ko‘z oldimizga keladi. Ha, bu ikki urush o‘ta mantiqsiz, sanoqli insonlarning ochko‘zligi, ma’naviy buzuq bo‘lgani uchun boshlanib, millionlab oddiy odamlar o‘limiga olib kelgan.

Lekin mana shu mantiqsiz urushda ham natija bo‘lgan. Masalan, Birinchi jahon urushidan keyin to‘rtta imperiya qulaydi, davlatlar boshqaruvning demokratik, bir kishiga bog‘liq bo‘lmagan ko‘rinishiga o‘ta boshlaydi. Rossiyada revolyutsiya bo‘ladi, Turkiyada respublika tuziladi. Falastin yerlari turklar nazoratidan inglizlarga o‘tadi. Butun dunyo tartiboti o‘zgarib ketadi, dunyoda eng katta ta’sir doiraga ega Yevropa elitasi orasiga olis okean ortidan Amerika degan davlat qo‘shiladi. Dunyo xaritasi o‘zgaradi.

Bu urushdan hech qancha o‘tmay Birinchi jahon urushida qatnashib, urush ta’siridan chiqib keta olmagan Adolf Hitler kabi g‘alamislar Ikkinchi jahon urushini boshlaydi. Bu amalda Birinchi jahon urushining davomi edi. Va o‘sha urush natijasiga ko‘ra, Yevropada hech kimni tinch qo‘ymayotgan fashizm SSSR va ittifoqchilari tomonidan yanchib tashlanadi.

Marshal Jukov armiyasi Berlingacha borib, fashistlar kulini ko‘kka sovuradi. Qo‘mondon Jukov benzin solib yoqib yuborilgan Hitlerning jasad qoldiqlarini ko‘zdan kechirib, uning mashhur tishini stomatologini chaqirtirib aniqlagach, Stalinga «ilonning boshi yanchilgani» haqida hisobot beradi.

Urushdan keyin Germaniya va Yaponiya kapitulyatsiya bo‘ladi, Germaniya ikkiga bo‘linadi. Britaniya va Fransiyaning dunyo boshqaruvidagi roli kamayib, SSSR hamda AQSh ikki asosiy kuchga aylanadi. Va nihoyat Nyurnbergda tarixiy sud bo‘lib, omon qolgan fashistlar tribunalga tortiladi. Keyinroq BMT tuziladi, yana ozroq o‘tib, Amerika yordami bilan Falastin yerlarida Isroil degan davlat tuziladi. Xullas, hozirgi dunyo tartiboti ana shu urushdan keyin kelishib olinadi. Ya’ni urushlarda ular boshlanishidan avval mavjud bo‘lmagan qandaydir natijalarga erishiladi.

AQSh va Eron o‘rtasidagi otashkesim kelishuvining eng asosiy natijasini qarang: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochiladi. Janoblar, bo‘g‘oz urushdan oldin ham ochiq edi, siz urush boshlagach yopildi! Qaytaga Eron o‘z bo‘g‘ozini yopsa, butun dunyoga gapini o‘tkaza olishini ko‘rdi, endi bu hiyladan yana foydalanmasligiga hech kim kafil bo‘lolmaydi.

Siz shuncha katta Amerika bo‘laturib o‘zingizdan ming karta kuchsiz davlatda urush boshlab, urushgacha mavjud bo‘lgan, urush davrida taqiqlangan, keyin kelishuv bilan yana asliga qaytgan reallikni mana bu bizning g‘alabamiz, deb ko‘rsata olmaysiz. Milliard milliard dollarlik qimmat qurollarni to‘g‘ri kelgan joyga, hatto maktablarga otib, bir necha oy urushgandan keyin mana, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochdi, neft oqsin, men bo‘lmasam dunyo nefsiz qolib ketardi, deyapsiz.

Janoblar, Yaqin Sharqdagi endi sizni ham pisand qilmayotgan Isroil degan ittifoqchingiz so‘rovi bilan boshlangan urushdan avval ham bu bo‘g‘oz ochiq edi. Eron hatto o‘ziga tegishli bo‘g‘ozni yopish orqali dunyoga ta’sir qila olishini bilmasdi ham. Qaytaga siz Tehronga yadro qurolidan ham kuchli, ta’siri soniyalarda seziladigan dahshatli qurol berdingiz. Endi neft 50 dollargacha tushib ketsa ham, Eron bo‘g‘ozni yopsa, narx 100 dollargacha chiqadi, tasavvur qilyapsizmi? Yadro quroli butun insoniyat tarixida faqat bir marta qo‘llangan, bundan keyin qo‘llanmasa ham kerak, lekin benzinni har kuni yuz millionlab odamlar sotib oladi.

Tramp Parijda turib imzolagan kelishuvda Eron yadro dasturi haqida ham gap yo‘q. Shunchaki tomonlar yadro kelishuvi bo‘yicha muzokara o‘tkazarkan. Va Amerika Eronning 27 milliard dollar muzlatilgan pullarini qaytarib, yana mamlakatni qayta tiklash uchun katta-katta pul berarkan. Bunaqa kelishuv uchun Tehronda mushakbozlik o‘tkazsa ham arziydi, menimcha.

Obama davrida tayyor yadro kelishuvi bor, Tramp birinchi muddatga kirishishi bilan uni bekor qilgandi. Bu gal kelishuv haqida gapirgan Tramp Eron ballistik raketalarga ega bo‘lishga haqli degani esa hozirgi kartinani to‘laligicha ifodalaydi. Urush boshida «Eronning kulini ko‘kka sovurishini», urush davomida «Tehronning harbiy qudrati yo‘q qilinganini» aytgan Tramp urush yakuni haqida kelishuvdan keyin «Eron ballistik raketa yaratishga haqli» deb turibdi. Men bu gapga qanday ta’rif berishni ham bilmayman. Netanyahu qanday ahvolga tushganini tasavvur qilyapman.

Urush asossiz da’vo bilan boshlangandi. Hech qanday natijasiz, Amerika uchun salkam sharmandalik bilan yakunlandi. Bu kelishuv Eronni faqat kuchli qiladi. Shumidi Amerikaning Yaqin Sharqdagi manfaati?

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid