Sport | 19:54
2849
2 daqiqa o‘qiladi

Abbosbek Fayzullayev jahon chempionati 1-turining eng tezkor futbolchisi bo‘ldi

Fayzullayev shuningdek, XXI asrdagi jahon chempionatlarida boshi bilan gol urgan eng past bo‘yli futbolchi sifatida qayd etilib, urugvaylik Jorjian de Arraskaetaga tegishli rekordni yangiladi.

Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev 2026 yilgi jahon chempionatining birinchi turidagi eng tezkor futbolchi deb topildi.

SofaScore platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 22 yoshli futbolchi Kolumbiyaga qarshi o‘yin davomida soatiga 36 kilometr tezlikka erishgan. Bu natija birinchi turda maydonga tushgan barcha o‘yinchilar orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Fayzullayevdan keyingi o‘rinni xorvatiyalik Yosip Stanishich egallagan bo‘lib, uning maksimal tezligi soatiga 35,9 kilometrni tashkil etgan. Kot d’Ivuar vakili Vilfrid Singo esa 35,8 km/soat natija bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston milliy jamoasining mundialdagi ilk goli muallifiga aylandi va shuningdek, XXI asrdagi jahon chempionatlarida boshi bilan gol urgan eng past bo‘yli futbolchi sifatida ham qayd etildi.

Opta statistik platformasi xabariga ko‘ra, bo‘yi 167 santimetr bo‘lgan Fayzullayev urugvaylik Jorjian de Arraskaetaga tegishli rekordni yangiladi. Bo‘yi 173 santimetr bo‘lgan Arraskaeta JCh-2022da Gana darvozasiga bosh bilan gol urgandi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid