Uchinchi bola darhol kattalarni chaqirish uchun yugurib ketadi. Shu atrofdan o‘tib ketayotgan bir oila Adamni qutqarishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo Xizir daryoning shiddatli oqimiga qarshi tura olmaydi va suv uni oqizib ketadi.
Xizirni qidirish ishlari olti sutkadan buyon davom etmoqda.
Kichik qahramonning jasorati misli ko‘rilmagan aks-sado berib, butun Kavkazni birlashtirdi.

Qidiruv operatsiyasi
Hozirda Xizirni qidiruv-qutqaruv operatsiyasida 20 mingdan ortiq kishi ishtirok etmoqda. Ular orasida mahalliy aholi, ko‘ngillilar, Dog‘iston, Shimoliy Osetiya, Checheniston va Kabarda-Balqariyadan kelganlar, qutqaruv xizmatlari vakillari bor.
Ayrimlar daryo o‘zanini tinimsiz tekshirmoqda, boshqalar esa qidiruv operatsiyasi ishtirokchilariga oziq-ovqat va suv yetkazib bermoqda. Bir daqiqaga ham to‘xtamayotgan qidiruv operatsiyasida har bir ishtirokchi beqiyos yordam ko‘rsatmoqda.

Hodisa joyida kechayu kunduz ishlaydigan tezkor shtab tashkil etilgan bo‘lib, operatsiya borishini Ingushetiya rahbari Mahmud-Ali Kalimatov shaxsan nazorat qilmoqda.
Operatsiyaga qayiqlar, uchuvchisiz uchish qurilmalari va boshqa maxsus texnika jalb qilingan.
Kichik qahramonni qidirish ishlariga Rossiya FVVning Checheniston Respublikasi bo‘yicha bosh boshqarmasi xodimlari, Ahmad hoji Qodirov nomidagi maxsus politsiya polki askarlari ham qo‘shilgan. Shuningdek, polkning dronlar bo‘linmasidan ham foydalanilmoqda.

Xalqlar birligi
Xizir qidirilayotgan daryoda bugun oddiy qutqaruv operatsiyasi emas, balki birodarlik, birdamlik va xalqlar o‘rtasidagi hurmat aks etmoqda.

Maxsus xizmatlar xodimlari va ko‘ngillilar bir necha kun davomida Sunja daryosining o‘zanini tekshirib chiqishdi, ammo natija bo‘lmadi. Shundan so‘ng daryo oqimini to‘sishga qaror qilindi.
Bu suv sathining sezilarli darajada pasayishiga olib keldi va qidiruv ishlarini yengillashtirdi. Endi sohil bo‘ylab ham, daryo tubini ham yanada sinchiklab tekshirish imkoni paydo bo‘ldi.












