Jahon | 23:44 / 21.06.2026
1141
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada Robin Gudning mashhur 1200 yillik daraxti qurib qoldi

Afsonalarga ko‘ra, Robin Gud ushbu daraxt tanasida zamburug‘ ta’sirida hosil bo‘lgan ulkan kovakda yashiringan.

Foto: Ben Andrew/RSPB

Qushlarni muhofaza qilish qirollik jamiyati Britaniyadagi eng qadimiy va eng ulkan daraxtlardan biri bo‘lgan Katta eman (The Major Oak) daraxti qurib qolganini tasdiqladi.

Shervud o‘rmonida o‘sgan bu daraxt 1200 yoshda deb hisoblanardi.

Eman bu yil bahorda ilk bor barg chiqarmadi va mutaxassislar uning qurib qolganini ma’lum qilishdi.

Ekspertlarning qayd etishicha, daraxtning nobud bo‘lishiga uning tuzilishiga yillar davomida aralashish, ildiz atrofidagi tuproqning sayyohlar ko‘p kelishi bois zichlashishi, ekstremal iqlim hodisalari, jumladan, 2022 yil iyulida kuzatilgan rekord darajadagi issiq harorat sabab bo‘lgan.

Mutaxassislar fikricha, shoxlarni ushlab turish uchun o‘rnatilgan tayanchlar daraxtni saqlab qolish o‘rniga uning tanazzulini tezlashtirgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu eman afsonaviy Robin Gud bilan bog‘liq. Afsonalarga ko‘ra, Robin Gud daraxt tanasida zamburug‘ ta’sirida hosil bo‘lgan ulkan kovakda yashiringan.

Daraxtning hozirgi nomi 1790 yilda mayor Xeyman Rukning kitobi nashr etilganidan keyin ommalashgan. Aynan shu kitob tufayli daraxtni ko‘rish uchun sayyohlar kela boshlagan.

1970-yillardan boshlab eman atrofi o‘ralgan bo‘lsa-da, ildizlar atrofidagi yerning zichlashishi davom etgan.

Ma’lum qilinishicha, daraxt tanasi yodgorlik sifatida saqlab qolinadi va qo‘ng‘izlar, zamburug‘lar, qushlar va boshqa ko‘plab tirik organizmlar uchun tabiiy boshpanaga aylanadi.

Ushbu emanning ko‘chatlari dunyoning turli mamlakatlarida ekilgan.

 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid