Sport | 19:36 / 21.06.2026
4797
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik bokschilar Jahon kubogida 11ta medalni qo‘lga kiritishdi

Finalda O‘zbekiston terma jamoasidan 7 nafar bokschi oltin medal uchun jang qildi.

Foto: O‘BF

Xitoyning Guiyang shahrida World Boxing tashkiloti kubogi bahslarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Musobaqada 40 davlatdan 177 nafar erkaklar va 123 nafar ayollar g‘oliblik uchun bahs olib bordi. 

Unda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi to‘liq tarkibda - 10 vazn toifasida, ayollar jamoasi esa 9 vazn toifasida ishtirok etdi hamda 4 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Final bosqichiga O‘zbekiston terma jamoasi eng ko‘p – 7 nafar bokschi bilan yetib keldi. 

-57 kg vazn toifasida Nigina O‘ktamova hindistonlik Prachiga qarshi ringga ko‘tarildi. Yakunda 5:0 hisobida g‘alaba qozongan Nigina Jahon kubogi oltin medalini qo‘lga kiritdi.

60 kg vaznda Abdumalik Halokov braziliyalik Luiz Gabriyelga qarshi ringga chiqdi va 5:0 hisobida zafar g‘alaba qozondi. 

-80 kg vazn toifasida Javohir Ummataliyev braziliyalik Vanderley Pereyrani 3:2 hisobida yengdi.

-90 kg vaznda To‘rabek Habibullayev angliyalik Isaak Okoxga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi. Raqibi jarohat olganligi sababli jang qila olmasligini bildirdi va To‘rabek g‘olib deb e’lon qilindi.

-48 kg vazn toifasida Farzona Fozilova, -50 kg vazn toifasida Asilbek Jalilov, 80 kg vazn toifasida Oltinoy Sotimboyeva kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Yarim finalda mag‘lub bo‘lgan Arman Maxanov, Akmaljon Isroilov, Aziza Zokirova hamda Sitora Turdibekova musobaqani bronza medali bilan yakunladilar.

Turnirning uchinchi final bosqichi noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid