Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
0:5. Bu nima edi? | JCh kundaligi
Mundialning ikkinchi turiga kelib, afsuski, biz qo‘rqqan voqea sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Portugaliya bilan o‘yinda bardosh berolmadi, Ronaldu va sheriklari beshta gol urib, bizni yirik hisobda mag‘lub etishdi. Lekin tongda qadrdonimiz Kolumbiya Kongoni ham yengib, bizga yana bir imkon berdi.
Juda kuchli raqib
Portugaliya bilan birinchi turda o‘ynaganimizda, bunaqa yirik hisobda yengilmasdik deb o‘ylayman. Chunki Ronaldu jamoasi birinchi turga qanday chog‘lanish bilan tushganini ko‘rdingiz. Kongo bilan durangdan keyin ular manziliga tanqidlar yog‘ildi, yetmaganiga jamoa ichidagi intrigalar haqida mish-mishlar tarqalib, portugallarni ruhlantirib yubordi.

Musobaqaga asosiy favoritlardan biri sifatida kelgan jamoa birinchi turdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin hammaga zo‘r ekanini isbotlash uchun alam bilan maydonga tushdi. Va tish-tirnog‘igacha qurollangan harbiylarga to‘la tank oldidan biz chiqib qoldik. Boshqa jamoa bo‘lsa ham, bardosh berolmasdi, ishonavering. Chunki raqibda chog‘lanish juda kuchli edi.

Portugaliyaning o‘yinlarini uzoq yillardan beri betaraf muxlis sifatida ko‘rib, zavqlanardik, lekin kecha bu jamoa kuchini yaqindan ko‘rdik. O‘zbekistonning o‘yinini boshqacha diqqat bilan tomosha qilamiz axir. Raqibning barcha chiziqlari kuchli ekanini o‘z tanamizda his qildik. Brunu Fernandesh degan dunyo futbolining eng zo‘r pleymeykeri birgina uzatma bilan 41 yoshli hujumchini yakkama-yakka vaziyatga olib chiqishini ham ko‘rdik.

Raqib bizga qarshi o‘yinga shunaqa zo‘r tayyorlangan ekanki, o‘z uslubida o‘ynash kamlik qiladi deb o‘ylab, standartlarga ham jiddiy e’tibor qaratdi. Ikkinchi golda hamma Ronaldu tepishini kutdi, lekin Mendesh gol urdi. Aslida u himoyachi bo‘lsa ham, zarbasi juda zo‘r, standartlarni yaxshi amalga oshiradi. Internetda Nunu tepgan penaltilarni ko‘rib chiqing, menimcha, xato qilganini topolmaysiz.

To‘rtinchi golni portugallar mashg‘ulotlarda tayyorlangan burchak zarbasidan keyin urishdi. Raqibini kuchsiz demay, standartlarga ham alohida tayyorlangan jamoa, shubhasiz, g‘alabaga munosibdir. Tan olaylik, Portugaliya dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri ekanini isbotladi.

Husanovning ko‘z yoshlari...
Albatta, o‘yinda ko‘p xato qildik, hamma golda kimdir xato qiladi, ammo men bu haqda gapirmoqchi emasman. Biz bu o‘yinda hech qanday mashg‘ulotlar, hech qaysi xorijiy yig‘inlar berolmaydigan tajriba orttirdik. Osiyo grandlariga qarshi o‘yinlarda ham mana shunaqa dovdirardik. Ishoning, endi Osiyoning hech bir jamoasiga qarshi oyog‘imiz qaltiramaydi! Chunki biz o‘ynash mumkin bo‘lgan eng kuchli raqibga qarshi o‘ynab bo‘ldik, bundan zo‘ri bo‘lmaydi.

Yanvarda Saudiya Arabistonida Osiyo chempionati boshlanadi. O‘sha musobaqada butkul boshqacha, ruhan o‘sgan, hech kimdan qo‘rqmaydigan O‘zbekistonni ko‘rishimizga ishonaman. Krishtianu va jamoasiga shunchaki tan berish kerak. Ular bizni tezda unutib yuborishar, lekin biz Portugaliyadan olgan katta darsimizni aslo unutmaymiz. Azizning bekor qilingan golini, Eldorning tanasida bor kuchini sarflab yugurganini, Jalol Jayid degan hushtagiga «yopishib olgan» marokashlik hakamni, futbolimiz yulduzi Abduqodir Husanovning ko‘z yoshlarini unutmaymiz. Men bu jamoa bilan yana bir marta o‘ynashimizni juda xohlardim.

Futbolchilarimiz o‘yindan keyin yig‘lashdi, chunki ular o‘yinga butun millat ko‘z tikib turganini bilardi. Raqib Portugaliya, nima qilaylik, deb bir amallab o‘yinni tugatib, keyin Ronaldu bilan rasm tushishga oshiqishmadi. Yutqazib qo‘yishganidan uyalishdi. Lekin siz uyaladigan ish qilmadingiz, yigitlar. Sharafli, lekin mashaqqatli yo‘lni boshlab berdingiz. Bunaqa yo‘llarda hammasi silliq kechmaydi. Raqib «Real», «Barselona», PSJ yulduzlaridan tashkil topgandi. Bizda unaqa imkon yo‘q, tarkibimiz o‘zimizga yarasha, asosiy muammosi futbolchilarga maosh to‘lash bo‘lib qolgan mahalliy chempionatdan futbolchi olishga majburmiz. Lekin hozircha. Bu mundialdan keyin yana bir qator futbolchilarimiz uchun Yevropa eshiklari ochilishiga umid qilamiz.

Kolumbiya yordam qildi
Match day’ning oxirgi o‘yinida Kolumbiya Kongoni 1:0 hisobida yengib muddatidan avval pley-off masalasini hal qildi. Dias jamoasi bu g‘alaba orqali bizga yordam berib yubordi. Endi O‘zbekiston oxirgi turda Kongoni yengsa, pley-offga chiqishi mumkin. Albatta, bu o‘z qo‘limizda emas, boshqa o‘yinlarni ham kutishga majburmiz, lekin baribir uchinchi o‘yinda ham imkoniyatni saqlab qolganimiz juda zo‘r bo‘ldi.
Kecha tunda yana ikki o‘yin o‘tkazildi. Bizning o‘yindan keyin Angliya Karlush Keyrush boshchiligidagi Ganani yenga olmadi — 0:0. Bu durangdan keyin Gana guruhdan chiqish masalasini hal qildi. Angliya ham guruhda qolib ketmasligi aniq. Guruhdagi yana bir o‘yinda Xorvatiya Panamani mag‘lub etdi. Bu guruhdan katta ehtimol uch jamoa pley-offga chiqadi. Bugundan jahon chempionatida 3-tur o‘yinlari boshlanadi.
Mavzuga oid
18:52
Chexlarga sensatsiya kerak, Braziliya va Koreyaga durang ham yetadi. A, V va C guruhlarida vaziyat qanday?
02:41
Fabio Kannavaro va Eldor Shomurodov Portugaliyaga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi
23:59 / 23.06.2026
JCh-2026. O‘zbekiston ikkinchi turda Portugaliyaga yirik hisobda yutqazdi
22:52 / 23.06.2026