Sport | 23:18 / 24.06.2026
1327
6 daqiqa o‘qiladi

«Otamdan qolgan kalkulyator qani?!» Buyog‘i endi matematika...

JChning 3-turida ham pley-offga chiqish imkonini saqlab qolishimiz muhim edi. Qadrdonimiz Kolumbiya Kongoni yengib, bizga ana shu imkonni taqdim etdi. To‘g‘ri, hammasi o‘z qo‘limizda emas, boshqa o‘yinlarni kuzatishga majburmiz. Lekin baribir oxirgi o‘yingacha imkon borligi futbolchilarni bo‘shashmay o‘ynashga undaydi. Buning ustiga, oxirgi turdagi raqibimiz Portugaliya kabi qo‘rqinchli emas, ularga tishimiz o‘tadi.

Qay holatda chiqamiz?

Oldingi JChlarida jamoalar soni 32 ta bo‘lgani uchun 8 ta guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni olganlar keyingi bosqichga chiqib, 1/8 final o‘yinlari boshlanardi. Bu gal jamoalar soni 48 ta. 12 ta guruhdan 2 tadan jamoa chiqsa, 24 ta bo‘ladi. 1/8 final uchun jamoalar ko‘p, 1/16 final uchun kam, shu sabab uchinchi o‘rinni olgan jamoalar ichida eng yaxshi natija qayd etgan 8 jamoa ham pley-offga chiqadi. Biz endi ana shu 8 jamoadan biri bo‘lish uchun harakat qilamiz. Bu uchun Kongoni faqat yengishimiz kerak, imkon bo‘lsa yirikroq hisobda.

Vaziyat qanday?

Shvetsiya, Jazoir, Xorvatiya, Paragvay, Shotlandiyada 3 ochkodan bor va ularning imkoniyati yaxshiroq. Lekin hech bir jamoa uchinchi o‘rinlar uchun beriladigan 8 yo‘llanmani naqd qilmagan.

Keling, har bir guruhni qarab chiqib, 3-o‘rinni kim olishi mumkinligiga to‘xtalamiz. Bugungi «A» guruhi o‘yinlarida Janubiy Koreya va Meksikaga muxlislik qilamiz. Ular Chexiya va JARni mag‘lub etishsa, bu guruhning uchinchi jamoasida 1 ochko bo‘ladi, kimdir durang o‘ynasa, 2 ochko. Biz uchun bo‘laveradi.

«B» guruhida ehtimoliy uchinchi o‘rin sohiblari Bosniya va Qatar o‘zaro o‘ynaydi. Bu o‘yinda bizni durang qoniqtiradi. Kimdir yutsa, ochkosi 4 ta bo‘lib, bitta yo‘llanmani naqd qiladi.

«C» guruhidagi Shotlandiya birinchi turda Haitini yengib pley-off tomon katta qadam tashlab bo‘lgan. Oxirgi turda Marokash Haitini yengsa kerak, shotlandlar Braziliyaga juda katta hisobda yutqazmasa, sakkiztalik yo‘llanmaga ilinadi.

«D» guruhida ikkinchi va uchinchi o‘rin uchun Avstraliya hamda Paragvay kurashadi. Biz uchun «kengurular» Paragvayni imkon qadar yirik hisobda yengishi yaxshi. Turkiya va AQSh o‘yini esa biz uchun hech nimani o‘zgartirmaydi, NATOchilar bilgan hisobida o‘ynayversin.

«E» guruhida vaziyat biz uchun yaxshi. Kot-d’Ivuar oxirgi turda Kyurasaoni yengsa kerak. Germaniya ham bo‘shashmay Ekvadorni mag‘lub etishiga umid qilamiz. Shunda bu guruhning uchinchi jamoasi 1 ochko bilan qolib ketadi. «F» guruhini yuqorida esladik, barchasi shvedlarning o‘z qo‘lida. «G» guruhida Eron yoki Belgiya ochko yo‘qotish kerak. Guruh peshqadami Misr Eronni, Belgiya Yangi Zelandiyani yengsa, qit’adoshimiz Eron 2 ochko bilan uchinchi bo‘ladi. Bu bizni qoniqtiradi. Belgiya va Eron o‘rin almashishi ham mumkin. Asosiysi, kimdir 2 ochko bilan uchinchi bo‘lsin.

«H» guruhida Ispaniya va Vozinya boshchilik Kabo-Verdega muslislik qilamiz. Afrikaliklar Saudiyani, Ispaniya Urugvayni yengsa, urugvayliklar 2 ochko bilan uchinchi bo‘ladi. Bu biz uchun yaxshi. «I» guruhida hozircha birorta ochkosi yo‘q Iroq va Senegal uchinchi o‘rin uchun kurashadi. Biz uchun bu o‘yinda durang bo‘lishi eng yaxshi natija.

«J» guruhida Avstriya hamda Jazoir ikkinchi va uchinchi o‘rin uchun kurashadi. Biz uchun bu o‘yinda yevropaliklar imkon qadar yirik hisobda yengishi yaxshi. «L» guruhida Gana va Xorvatiya ikki yo‘llanmani bo‘lib oladi. Katta ehtimol ularning ikkisi ham keyingi bosqichga chiqadi.

Guruhlarda yetakchilar ajralib qoldi va hozir asosiy intriga aynan eng yaxshi uchinchi o‘rinlar orasiga kirish uchun kechmoqda. Hozircha bu borada jadval quyidagicha:

Faqat besh jamoada uch ochkodan bor va sakkiz yo‘llanma uchun ular asosiy da’vogar. Yana ikki jamoada ikki ochkodan bor. Shunday ekan, bizda imkoniyat yomon emas. Bu uchun, albatta, Kongoni yengishimiz kerak, imkon qadar yirik hisobda. Xullas, buyog‘iga o‘rganib qolganimizdek, matematika va futbol birday davom etadi. Toshoynani sindirishdan avval otangizdan qolgan kalkulyatorni topib, changini artib qo‘ying, bugundan rosa asqatadi...

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid