O‘zbekiston | 14:01
961
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Hayot Davlatov Buxoro viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi. U bungacha Peshku tumani hokimi edi.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Hayot Davlatov Buxoro viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Bu lavozim shu yil aprelidan buyon bo‘sh turgandi – o‘shanda 2023 yil avgustidan buyon Buxoro viloyati hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan Jalol Arashov qurilish vaziriga o‘rinbosar lavozimiga ko‘tarilgandi.

Hayot Davlatov 1979 yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. 1999 yilda Sankt-Peterburg davlat universitetini, 2006 yilda Buxoro davlat universitetini hamda 2011 yilda Prezident huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

U ish faoliyatini Buxoro viloyati monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasida oddiy nazoratchi sifatida boshlab, Buxoro viloyati hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro viloyati qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish konsalting markazi direktori, Buxoro viloyati Investitsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i, Buxoro viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Hayot Davlatov 2021-2024 yillarda Kogon shahri hokimi bo‘lgan, 2024 yil noyabridan buyon Peshku tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid